Mufti as-saqolayn Imom Najmiddin Abu Hafs Nasafiy hazratlari islom olamida benazir zotlardan biridir. Tafsir, hadis, fiqh, usul ul-fiqh, lug‘at, adab va boshqa ilmlarda mohir bo‘lib, ushbu fanlarga doir o‘zidan qimmatli asarlar qoldirgan.
“Tilbatut talaba” asari shulardan biri bo‘lib, islom olamida ilk fiqhga oid ensiklopedik kitobdir. Kitobning ro‘za bobida, Imom Nasafiy ramazon va uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini ta’riflab, undagi ma’nolarning hikmatini quyidagicha keltiradi:
“رمضان” — irmoz (إرماض) so‘zining o‘zagidan yasalgan bo‘lib, uning bir necha ma’nolari bor. Shulardan biri:
— “kuydirish” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon ro‘zasi bandaning gunohlarini kuydiradi, uni o‘chiradi.
— “o‘tkirlash”, “charxlash” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon qalblarni bu oyda ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirishga charxlaydi, uni o‘tkirlaydi.
— “kutish”, “intizor bo‘lish” ma’nosi. Ya’ni, bu oyda mo‘minlar Alloh taoloning savob va mukofotini intizor bo‘lib kutadi.
— “charchatish”, “holdan toydirish” ma’nosi. Arablarda “رمضت الظبي” iborasi mavjud bo‘lib, bu so‘z kiyikni ovlagan ovchiga nisbatan ishlatiladi. Uning ko‘rinishi quyidagicha:
— odatda kiyik chaqqon jonivor bo‘lib, ovchining to‘riga tushishi qiyin. Uni ovlash uchun, ovchi uning izidan tushadi va qizib turgan toshloq yerga uni haydab boradi (arab diyorlarida issiq qattiq bo‘lganidan, qum va toshloq ustida ovqat tayyorlash mumkin). Uning ustida kiyikning tuyoqlari nozik bo‘lgani uchun kuyadi, qavarib ketadi va to‘xtab qoladi. Natijada, ovchi uni osongina qo‘lga kiritadi.
Ramazoni sharifning bunday nomlanishidagi hikmat shuki, mo‘min kishi Alloh taolo tomonidan bu oyda ro‘za tutish va kechalarini qoim qilishga buyuriladi. Kunduzi ro‘zador bo‘lib, och qoladi, chanqaydi, charchaydi. Kechalarini bedor o‘tkazib holdan toyadi, kuchi ketadi. Natijada, shahvat-u lazzatlariga berilishidan to‘xtaydi va o‘zini Alloh subhanahu va taologa batamom topshiradi. Ya’ni, Ramazon oyi bamisoli qizib turgan toshloq bo‘lib, uning ustida mo‘min kishi o‘zining Alloh taoloning bandasi va quli ekanligi tan oladi va U zotga o‘zini topshiradi”.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Ramazoni sharif savobu mukofotlarga to‘la va g‘animat bilishga haqli oydir. Zero, bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda ming oydan afzal Qadr kechasi bor. Eng asosiysi, hadisi qudsiyda Alloh taolo bu oyni O‘zining oyi ekanligi va unda qilingan ibodatning savobini O‘zi berishini ta’kidlagan.
Alloh taolodan bu oyning sharofatidan to‘la manfaat olgan holda, O‘zining va Rasuli (sallallohu alayhi vasallam)ning roziligini topib, onadan tug‘ilgan kundagiday gunohlardan poklanib chiqishimizni nasib aylasin!
Xalilulloh YUSUF
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan