Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

“Tilbatut talaba” asarida Ramazon ta’rifi

14.05.2020   8893   2 min.
“Tilbatut talaba” asarida Ramazon ta’rifi

Mufti as-saqolayn Imom Najmiddin Abu Hafs Nasafiy  hazratlari islom olamida benazir zotlardan biridir. Tafsir, hadis, fiqh, usul ul-fiqh, lug‘at, adab va boshqa ilmlarda mohir bo‘lib, ushbu fanlarga doir o‘zidan qimmatli asarlar qoldirgan.

“Tilbatut talaba” asari shulardan biri bo‘lib, islom olamida ilk fiqhga oid ensiklopedik kitobdir. Kitobning ro‘za bobida, Imom Nasafiy ramazon va uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini ta’riflab, undagi ma’nolarning hikmatini quyidagicha keltiradi:

“رمضان” — irmoz (إرماض) so‘zining o‘zagidan yasalgan bo‘lib, uning bir necha ma’nolari bor. Shulardan biri:

— “kuydirish” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon ro‘zasi bandaning gunohlarini kuydiradi, uni o‘chiradi.

— “o‘tkirlash”, “charxlash” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon qalblarni bu oyda ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirishga charxlaydi, uni o‘tkirlaydi.

— “kutish”, “intizor bo‘lish” ma’nosi. Ya’ni, bu oyda mo‘minlar Alloh taoloning savob va mukofotini intizor bo‘lib kutadi.

— “charchatish”, “holdan toydirish” ma’nosi. Arablarda “رمضت الظبي” iborasi mavjud bo‘lib, bu so‘z kiyikni ovlagan ovchiga nisbatan ishlatiladi. Uning ko‘rinishi quyidagicha:

— odatda kiyik chaqqon jonivor bo‘lib, ovchining to‘riga tushishi qiyin. Uni ovlash uchun, ovchi uning izidan tushadi va qizib turgan toshloq yerga uni haydab boradi (arab diyorlarida issiq qattiq bo‘lganidan, qum va toshloq ustida ovqat tayyorlash mumkin). Uning ustida kiyikning tuyoqlari nozik bo‘lgani uchun kuyadi, qavarib ketadi va to‘xtab qoladi. Natijada, ovchi uni osongina qo‘lga kiritadi.

Ramazoni sharifning bunday nomlanishidagi hikmat shuki, mo‘min kishi Alloh taolo tomonidan bu oyda ro‘za tutish va kechalarini qoim qilishga buyuriladi. Kunduzi ro‘zador bo‘lib, och qoladi, chanqaydi, charchaydi. Kechalarini bedor o‘tkazib holdan toyadi, kuchi ketadi. Natijada, shahvat-u lazzatlariga berilishidan to‘xtaydi va o‘zini Alloh subhanahu va taologa batamom topshiradi. Ya’ni, Ramazon oyi bamisoli qizib turgan toshloq bo‘lib, uning ustida mo‘min kishi o‘zining Alloh taoloning bandasi va quli ekanligi tan oladi va U zotga o‘zini topshiradi”.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Ramazoni sharif savobu mukofotlarga to‘la va g‘animat bilishga haqli oydir. Zero, bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda ming oydan afzal Qadr kechasi bor. Eng asosiysi, hadisi qudsiyda Alloh taolo bu oyni O‘zining oyi ekanligi va unda qilingan ibodatning savobini O‘zi berishini ta’kidlagan.

Alloh taolodan bu oyning sharofatidan to‘la manfaat olgan holda, O‘zining va Rasuli (sallallohu alayhi vasallam)ning roziligini topib, onadan tug‘ilgan kundagiday gunohlardan poklanib chiqishimizni nasib aylasin! 

 

Xalilulloh YUSUF

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bashakshehirda imomlar yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berishdi

10.09.2026   91263   1 min.
Bashakshehirda imomlar yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berishdi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.

Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.

Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari