Dinimizda rostgo‘ylik yuksak insoniy fazilatlardan hisoblanadi. Rostgo‘ylik, ahdga vafo va omonatdorlik jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Rostgo‘ylik yo‘q joyda o‘zaro ishonch va sadoqat yo‘qoladi. Agar bunday xislatlar hayotimizdan yo‘qolib boraversa, o‘zaro ishonchsizlik kuchayib, insonlar orasiga adovat urug‘ini tashlaydi. Natijada jamiyatda turli hil muammolar yuzaga keladi. Jamiyat taraqqiyot yo‘lidan ilgarilab borishi uchun uni tashkil etuvchi fuqarolar o‘zaro ishonch bilan, bir-birini qo‘llab-quvvatlab yashashi lozim. Bu xislatlar hayotning bir maromda davom etishini ta’minlaydi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloh subhanahu va taolo insoniyatga yuborgan payg‘ambarlarning xulqlarida ko‘zga tashlanib turadigan ulug‘ hislatlardan biri rostgo‘ylik va sadoqat edi. Aksincha, yolg‘onchilik, ishonchsizlik va xiyonat kabi illatlar payg‘ambarlarga yot bo‘lgan.
Alloh taolo: “Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz”, deb marhamat qiladi. Demak, mo‘min-musulmonlar, avvalo Alloh taolodan qo‘rqishga, so‘ngra iymonida rostgo‘y insonlar bilan birga bo‘lishga buyurilmoqda.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi rost so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yoziladi. Yolg‘onchilik yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida kazzob (yolg‘onchi) deb yoziladi”, dedilar (Muttafaqun alayhi).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning o‘rtasini ajratib berib, har birining olib boradigan manzilini ham ta’kidlab keltirmoqdalar. Har bir mo‘min-musulmon Robbisining huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yozilmoqligi uchun yolg‘onchilikdek dinimizda katta gunoh bo‘lgan ishlardan o‘zini saqlamoqligi lozim ekan.
Rostgo‘ylik va sadoqat jamiyat uchun ham juda zarur. Qaysi jamiyatda ahdga vafo, sadoqat va rostgo‘ylik keng yoyilsa, ana shu jamiyat isloh topib, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch ortadi, mehr-oqibat kuchayadi, oldi-berdi va savdo-sotiq ishlarida xiyonat va aldamchilik barham topadi.
Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni gunoh ishlardan o‘zi saqlab, dunyo va oxiratimizga manfaatli bo‘ladigan amallarga yo‘llasin amin.
M.Muhammadjonov,
Uchko‘prik tumani “Kushki turkon” masjidi imom-noibi
Manbalar asosida tayyorlandi
#xushxabar #muftiy #instagram
Alhamdulillah, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining rasmiy Instagram sahifasi obunachilari soni 1 000 000 dan ziyodni tashkil etdi.
Shuningdek, Muftiy hazratning ruhiy tarbiya, odob-ahloq va ijtimoiy-ma’rifiy chiqishlari berib boriladigan barcha ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilar soni 4 millionga yaqinlashdi.
Bunday yuqori natija — muxlis xalqimizning go‘zal va mazmunli mav’izalarga bo‘lgan muhabbati, ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ishtiyoqi hamda din peshvolariga ko‘rsatayotgan katta hurmat-ehtiromining yorqin namunasidir.
Ta’kidlash joizki, diniy-ma’rifiy sohadagi bunday katta auditoriya nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH davlatlari miqyosida ham eng yetakchi ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Biz bilan birga bo‘lganingiz uchun tashakkur! Alloh taolo bu dunyoda payg‘ambarlar vorislari bo‘lgan ulamolar nasihatiga yetkazganidek, Jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbat qurish saodatini nasib etsin. Omin!
Ma’lumot uchun Muftiy hazratlarning asosiy ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va sahifalari:
@shayx_nuriddinxoliqnazar
@shayxnuriddinxoliqnazar
@shayxnuriddinxoliqnazaruz
@shayxnuriddinxoliqnazar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati