Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2025   |   28 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:13
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:51
Bismillah
20 Oktabr, 2025, 28 Rabi`us soni, 1447

Ro‘zani buzmaydigan amallar

12.05.2020   6644   3 min.
Ro‘zani buzmaydigan amallar
  1. Agar ro‘zador kishi ro‘zaligini unutgan holda taom yesa, biror narsa ichsa yoki o‘z ahli bilan g‘uslni vojib qiluvchi ishga kirishsa – ro‘zasi buzilmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar (bir kishi) unutib bir narsa yesa, ichsa, ro‘zasini tugal qilsin. Albatta uni Alloh taolo taomlantiribdi, serob qilibdi”. (Buxoriy rivoyati)

  1. Uyqusida ehtilom bo‘lsa, ro‘zaga zarar yetkazmaydi. Chunki, bu haqiqiy suratda oilaviy aloqa hisoblanmaydi. Unutib narsa yeganning holatidan ham ko‘ra bu holat tez-tez sodir bo‘ladi.

Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: “Rosululloh solallohu alayhi vasallam aytdilar: “Uch narsa ro‘zadorning og‘zini ochmaydi: “Hijoma, qusish va ehtilom”. (Sunani Termiziy)

  1. Agar bir ayolga nazar solsa va erkaklik quvvati to‘kilsa yoki shu haqida o‘ylasa va suyuqlik to‘kilsa – ro‘za buzilmaydi. Chunki, bu ko‘rinishda suyuqlikning to‘kilishi ehtilom singari bo‘lib, haqiqiy aloqa sababidan emasdir.
  2. Kunduzi xushbo‘ylansa, ro‘zani buzmaydi. Xushbo‘ylik badanning sirtiga suriladi, ichiga emas. Xuddi cho‘milishga qiyos qilinadi.
  3. Kunduzi ko‘ziga surma qo‘ysa ham ro‘za ochilmaydi.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallamning oldilariga kelib ko‘zi og‘riyotganidan shikoyat qilib: “Ro‘zador holatimda surma qo‘ysam bo‘ladimi?” dedi. U zot: “Ha”, dedilar. (Sunani Termiziy)

Termiziy aytadilar: “Ahli ilmlar ro‘zador uchun surma qo‘yish borasida har xil fikr aytganlar. Ba’zilar makruh degan – Sufyon, Ibn Muborak va Ahmadlar, ba’zilar esa ruxsat berishgan – Shofe’iy, Anas, Hasan, Ibrohimlar”. (Sahih Buxoriy)

  1. Agar ro‘zador birovni g‘iybat qilsa, ma’no va surat jihatidan haqiqiy buzuvchi bo‘lmaganligi bois, ro‘zasi buzulmaydi. Ammo harom ishni qilgani uchun uchun gunohkor bo‘ladi. Quyidagi hadis ko‘pchilikni shunday gumon qilishiga sabab bo‘ladi: “Kim yolg‘on gapni tashlamasa va unga amal qilishdan tiyilmasa, uning yeb-ichishni tark qilganiga Alloh taoloning hech qanday hojati bo‘lmaydi”. (Sunani Termiziy) Yolg‘on, g‘iybat so‘z aytib, ro‘zam buzuldi deya, og‘zini ochib yuborgan kishi ulamolarning ijmosiga ko‘ra ham qazo, ham kafforat tutib beradi.
  2. Qusqi g‘olib kelsa, yuqorida aytilganidek ro‘zani buzmaydi.
  3. Ro‘zador erkak o‘z old avratiga dori quysa, Abu Hanifa va Muhammad nazdilarida ro‘zani ochmaydi. Ayol kishining avrati bu hukmga kirmaydi.
  4. Ro‘zadorning halqumiga chang, pashsha kabi narsalar kirsa, ro‘zaga ziyon bermaydi. Chunki, bundan saqlanishning iloji yo‘q.

10. Agar junub bo‘lib tong ottirsa, ro‘zani buzmaydi. Chunki, Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz junub bo‘lib tong ottirganlar, g‘usl qilib ro‘zalarini tutganlar. Ramazon kechasining barchasi tong otgunga qadar er-xotin aloqalariga halol qilingandir.

11. Kunduzi tishlari orasidagi no‘xatdan kichik taomni yutib yuborsa, ro‘zaga ta’sir qilmaydi. Chunki, ozgina naradan saqlanishning iloji yo‘q. Agar no‘xatdan katta narsani yutib qo‘ysa yoki o‘sha kichik narsani og‘zidan chiqarib turib yana qayta og‘ziga solsa – ro‘za buzilishiga sabab bo‘ladi. Vallohu A’lam.

 

“Fiqhul hanafiy va adillatu” kitobidan

N.Saidakbarova tarjimasi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

«Subhanallohil aziym»ni ko‘proq ayting

17.10.2025   4177   1 min.
«Subhanallohil aziym»ni ko‘proq ayting

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كَلِمَتَانِ خَفِيفَتَانِ عَلَى اللِّسَانِ، ثَقِيلَتَانِ فِي الْمِيزَانِ، حَبِيبَتَانِ إِلَى الرَّحْمَنِ: سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ سُبْحَانَ اللهِ الْعَظِيمِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki so‘z tilga yengil, tarozida og‘ir, Rohmanga suyuklidir: «Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil aziym», dedilar».

Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.


«Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil aziym»ni aytish tilga juda ham yengildir, osondir. Ammo tilga juda yengil bo‘lgan bu so‘zlarning qiyomat kuni bandaning amallarini tortadigan tarozidagi vaznlari juda ham og‘irdir.

Bu dunyoda ushbu so‘zlarni savob umidida, niyat va ixlos ila aytib yurgan banda u dunyoda katta baxtga sazovor bo‘lishi turgan gapdir, chunki u Alloh taologa suyukli bo‘lgan so‘zlarni aytib yurgan.


Bas, shunday ekan, «Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil azim»ni ko‘proq aytishga odatlanaylik.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi