Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), oila a’zolari va ilm buloqlari bo‘lgan sahoba (roziyallohu anhum)larga salavot va salomlar bo‘lsin.
Taomning halol va haromligi inson hayoti, tutgan yo‘li, xulqu odobi va ma’naviy dunyosida muhim o‘ringa ega. Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambar (alayhimussalom)larga hamda mo‘min-musulmonga quyidagicha amr qiladi:
“(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) «Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun, 51).
“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).
Oyati karimada zikr qilingan pokiza narsalar Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) orqali mo‘min bandalarga halol qilgan narsalardir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi” (A’rof, 157).
Banda barcha a’zolari hamda ruhiy-ma’naviy olami bilan ro‘za tutmog‘i – eng buyuk hamda mukammal ro‘zadir. Inson Ramazonda ko‘z, og‘iz va quloq singari a’zolarini halol bo‘lmagan joylarga qarash, g‘iybat qilish va lag‘v narsalarni eshitish kabi illatlardan tiygani kabi qornini ham harom narsalardan asrashi lozim. Banda harom luqmadan saqlanish, Ramazon kunduzida taom va ichimlikdan tiyilish, iftor vaqtida halol bo‘lmagan narsalarni yemaslik bilan qorin ro‘zasini tutadi. Shuningdek, boshqalar haqidan qo‘rqib, yetimning haqini o‘z o‘rniga qo‘yadi va ribo (sudxo‘rlik)dan yemaydi. Zero ribo yeguvchilarga olamlar Rabbisi g‘azab qiladi. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli imron, 130).
“Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan” (Baqara, 275).
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ribo haqida: “Alloh taolo sudxo‘rlik qiluvchi, unga vakil bo‘luvchi, yozib turuvchi va guvoh bo‘luvchilarni la’natladi. Ularning barchasi gunohda barobar”, dedilar” (Imom Muslim).
Muqaddas dinimiz inson boshqaga muhtoj bo‘lmasligi uchun kasb qilishga buyuradi hamda halol rizq talab qilishga chaqiradi. O‘tgan barcha payg‘ambar (alayhimussalom)larning o‘z kasblari bo‘lgan. Zakariyyo (alayhissalom) duradgorlik, Davud (alayhissalom) temirchilik, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) qo‘y boqqanlar, tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Alloh taolo kasb qilish, halol rizq talab qilish hamda yetim va boshqalarning haqini yeyishdan qaytarib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso, 10).
“Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara, 188).
“Hadisi sharifda ham aytilgan: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ilm va taqvoda namuna bo‘lgan buyuk zotlar shubhali bir luqma yeb qo‘ysalar, qalblari o‘zgarib qolar ekan. Shunda qalblarini sof qilish uchun bir muddat taom va ichimlikdan tiyilarkanlar, natijada o‘zgarishni his qilarkanlar.
Bahriddin PARPIYEV
Diniy soha xodimlari o‘rtasida sportning milliy kurash turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqaning viloyat bosqichlari tashkil etilmoqda.
Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilgan mazkur bosqichlarda shaharu tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘zaro bellashdi. Ular o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va mahoratini namoyon etishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng kuchli va mahoratli ishtirokchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur musobaqalar diniy soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy sport turlarini rivojlantirish va o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati