Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), oila a’zolari va ilm buloqlari bo‘lgan sahoba (roziyallohu anhum)larga salavot va salomlar bo‘lsin.
Taomning halol va haromligi inson hayoti, tutgan yo‘li, xulqu odobi va ma’naviy dunyosida muhim o‘ringa ega. Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambar (alayhimussalom)larga hamda mo‘min-musulmonga quyidagicha amr qiladi:
“(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) «Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun, 51).
“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).
Oyati karimada zikr qilingan pokiza narsalar Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) orqali mo‘min bandalarga halol qilgan narsalardir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi” (A’rof, 157).
Banda barcha a’zolari hamda ruhiy-ma’naviy olami bilan ro‘za tutmog‘i – eng buyuk hamda mukammal ro‘zadir. Inson Ramazonda ko‘z, og‘iz va quloq singari a’zolarini halol bo‘lmagan joylarga qarash, g‘iybat qilish va lag‘v narsalarni eshitish kabi illatlardan tiygani kabi qornini ham harom narsalardan asrashi lozim. Banda harom luqmadan saqlanish, Ramazon kunduzida taom va ichimlikdan tiyilish, iftor vaqtida halol bo‘lmagan narsalarni yemaslik bilan qorin ro‘zasini tutadi. Shuningdek, boshqalar haqidan qo‘rqib, yetimning haqini o‘z o‘rniga qo‘yadi va ribo (sudxo‘rlik)dan yemaydi. Zero ribo yeguvchilarga olamlar Rabbisi g‘azab qiladi. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli imron, 130).
“Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan” (Baqara, 275).
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ribo haqida: “Alloh taolo sudxo‘rlik qiluvchi, unga vakil bo‘luvchi, yozib turuvchi va guvoh bo‘luvchilarni la’natladi. Ularning barchasi gunohda barobar”, dedilar” (Imom Muslim).
Muqaddas dinimiz inson boshqaga muhtoj bo‘lmasligi uchun kasb qilishga buyuradi hamda halol rizq talab qilishga chaqiradi. O‘tgan barcha payg‘ambar (alayhimussalom)larning o‘z kasblari bo‘lgan. Zakariyyo (alayhissalom) duradgorlik, Davud (alayhissalom) temirchilik, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) qo‘y boqqanlar, tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Alloh taolo kasb qilish, halol rizq talab qilish hamda yetim va boshqalarning haqini yeyishdan qaytarib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso, 10).
“Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara, 188).
“Hadisi sharifda ham aytilgan: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ilm va taqvoda namuna bo‘lgan buyuk zotlar shubhali bir luqma yeb qo‘ysalar, qalblari o‘zgarib qolar ekan. Shunda qalblarini sof qilish uchun bir muddat taom va ichimlikdan tiyilarkanlar, natijada o‘zgarishni his qilarkanlar.
Bahriddin PARPIYEV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ota-onaga yaxshilik qilish bilan hayotda muvaffaqiyatga erishishni shartli ravishda “egizak”lar deyish mumkin! Chunki birinchisi bor joyda albatta ikkinchisi bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu xonasidan chiqib, onasining hujrasi oldidan o‘tayotganida uning eshigi oldida to‘xtar va: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, onajon!” derdi. Onasi javoban: “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh, bolajonim!” deb alik olardi. So‘ng o‘g‘il: “Meni kichikligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahm qilsin!” der, ona: “Keksayganimda menga yaxshilik qilganingdek, Alloh senga rahm aylasin!” derdi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu ishni har kuni qilardi.
Yodda tutingki, baxt-saodat turlari qancha ko‘p bo‘lmasin, ular ichra eng go‘zali ota-ona duosidir! Kimki ota-onasi duosiga muyassar bo‘lib yashasa, ular xizmatida qoim tursa, uning bandalik maqomi ko‘tariladi, hayoti davomida muvaffaqiyatlarga noil bo‘ladi!
Buyuk tobeinlardan Hujr ibn Adiy onasining to‘shagini o‘z qo‘li bilan solib, yumshoq va tekisligiga ishonch hosil qilgach, onasini yotqizardi.
Shu zamonamizda bir yigit masjid sovitkich (konditsioner)larini sozlash bilan shug‘ullanar ekan. Undan qancha maosh olishi haqida so‘rashganida, onasi unga masjiddagi ishi uchun maosh olmaslikni nasihat qilgani, shu bois u masjidlardan mutlaqo haq olmasligini aytdi. Farzandi ongiga shunday go‘zal tushunchani singdirgan onaga tasanno! Onasining nasihatini mahkam tutib, unga hurmat ko‘rsatayotgan u yigitga ofarin!
Endi buning mutlaqo aksi bo‘lgan holat – ota-onaga yaxshilik qilmagan holatda ham bu yomon illat bilan yutqiziq, xorlik “egizak”dir. Unday banda dunyoda ham, oxiratda ham haqiqiy maqom-martaba, ehtirom topmaydi.
Bir yigit otasi vafotidan keyin onasini qariyalar uyiga olib borib, bir-bir xabar olib turadigan bo‘libdi. Bir kuni qariyalar uyidan onasining o‘lim yoqasida ekani haqida xabar kelibdi. O‘g‘il onasi tirigida bir ko‘rib qolish maqsadida darhol yetib boribdi. Onasidan so‘rabdi: “Onajon, siz uchun nima qilishimni xohlaysiz?”. Onasi: “Yelparrak olib berishingni istayman, chunki bu yerda dimiqib ketyapman. Yegulik saqlash uchun muzlatkich ham olib bersang. Necha kundan beri och uxlayapman”, debdi. O‘g‘il bu gaplardan hayron qolib: “Axir nega bu narsalarni endi so‘rayapsiz? Nega avvalroq aytmadingiz?” debdi. Onasi ma’yus holda: “O‘g‘lim, men-ku issiqqa ham, ochlikka ham ko‘nikdim. Lekin ertaga sen ham qarib, bolalaring bu yerga olib kelishganida qiynalmagin, deb aytyapman”, deya javob beribdi.
Ota-onasiga yetarlicha ehtirom va yaxshilik qilmayotganlar o‘zlarini o‘nglab, ko‘zlarini ochib olishsin! Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Onasining yaxshiligini unutgan yoki onasiga bitta gap bilan bo‘lsa ham ozor beradigan odamni ko‘rsangiz, unga aslo ishonmang, ishlaringizni unga topshirmang! Onasining yaxshiligini bilmagan boshqaning yaxshiligini bilarmidi, qadriga yetarmidi?!”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
Ne’matulloh Isom, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi