Tariqat SILSILASI
Avval ham aytib o‘tganimizdek, har bir tariqatning o‘z shayxidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan silsilasi bor. Mazkur silsilaga kiruvchi shayxlar ushbu tariqat asoslarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilishda xizmat qilganlar. Bizda asosan naqshbandiylik tarqalgani uchun ushbu tariqat silsilasini batafsilroq o‘rganib chiqamiz.
1 – HAZRATI MUHAMMAD MUSTAFO
SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM
Odatda tasavvuf kitoblarida silsila zikr qilinganda birinchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari va u zot alayhissalomning shamoyillari va axloqi oliyalari zikr qilinadi. Ushbu ma’lumotlar boshqa alohida kitoblarda borligi e’tiboridan, biz bu yerda har bir tariqat kabi Naqshbandiya tariqati ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamga borib taqalishini yana bir bor ta’kidlash bilan kifoyalanamiz.
2 – ABU BAKR SIDDIQ ROZIYALLOHU ANHU
Milodiy 572 sanada Makkada tug‘ilganlar. Milodiy 635 sanada Madinada vafot etganlar.
U kishi uzunga yaqin o‘rta bo‘yli, tanalari oq, ozg‘indan kelgan, sochlariga oq oralagan, siyrak soqolli, ko‘zlari biroz chuqur, yuzlari nurli, ozg‘in bo‘lishlariga qaramay, quvvatli, azmu qarorli va shijoatli kishi edilar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga birinchi bo‘lib iymon keltirgan kishidirlar. U kishi Islomda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi eng afzal shaxs ekanliklarida shubha yo‘q.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
«Odamlar ichida men uchun suhbatida va molida eng ishonchlisi Abu Bakrdir. Agar men o‘zim uchun Robbimdan boshqani xalil tutadigan bo‘lsam, albatta Abu Bakrni tutar edim. Chunki u Islom birodarligi va muhabbatidir. Masjidda hech bir eshik qolmasdan, hammasi berkitilsin. Illo, Abu Bakrning eshigi bundan mustasno».
Boshqa bir rivoyatda:
«Agar ummatimdan xalil tutadigan bo‘lsam, albatta Abu Bakrni tutar edim. Lekin u birodarim va sohibimdir. Batahqiq, Alloh sizning sohibingizni xalil tutgandir», deyilgan.
Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifdan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Islom ummatining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi eng afzal shaxsi ekanliklari yaqqol ko‘rinib turibdi.
Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu sahobai kiromlar orasida ham eng ilmlisi va eng zehni o‘tkiri bo‘lganliklari ko‘plab hadislarda rivoyat qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki marta:
«Alloh meni sizlarga yuborganda, sizlar menga «Yolg‘on aytding», dedingiz. Abu Bakr «Rost aytdingiz», dedi. O‘zi sizlar menga sohibimni tark qilasizlarmi, yo‘qmi?!» dedilar. Shundan so‘ng unga hech ozor berilmadi».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Abu Bakr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdi. So‘ng u zot unga:
«Sen Allohning do‘zaxdan atiyqisan (ozod qilganisan)», dedilar. O‘sha kundan boshlab u «atiyq» deb atala boshladi».
Termiziy rivoyat qilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ichida Abu Bakr bo‘lgan qavmga undan boshqa imom bo‘lishi mumkin emas», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Huzurimga Jabroil alayhissalom keldi va qo‘limdan yetaklab borib, menga jannatning ummatim kiradigan eshigini ko‘rsatdi», dedilar.
Shunda Abu Bakr:
«Ey Allohning Rasuli, men ham siz bilan bo‘lib, uni ko‘rishni juda ham istadim», – dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Abu Bakr, ummatim ichidan jannatga birinchi kiruvchi albatta sen bo‘lasan», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Is'hoq Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Husayn Tamimiydan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar:
«Kimni Islomga da’vat qilsam, albatta to‘xtashi va ikkilanishi bo‘ldi. Faqatgina Abu Bakr kutib turmadi va ikkilanmadi».
Bu – Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning fazllariga fazl qo‘shadigan ulkan guvohlikdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bizga xayr qilgan har bir qo‘lning mukofotini bermay qo‘ymadik. Faqat Abu Bakr bundan mustasno. Uning bizga qilgan xayrlari bor. Uning mukofotini qiyomat kuni Allohning O‘zi beradi. Hech kimning moli menga Abu Bakrning moli manfaat berganidek manfaat bergan emas», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrga:
«Sen mening havzdagi sohibimsan va g‘ordagi sohibimsan», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu sahobai kiromlar ichida eng zohidlaridan biri edilar.
Imom Ahmad «Zuhd»da Muhammad ibn Siyrindan rivoyat qiladi:
«Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan boshqa odamning yegan taomini o‘zini majburlab qusib yuborganini bilmayman. Unga bir taom keltirilgan edi, undan yedi. Keyin unga:
«Buni No‘mon roziyallohu anhu olib kelgan edi», deyildi.
«Menga Ibn No‘monning kohinlikdan topganini yegizdingizmi?!» dedi-da, o‘zini majburlab qusib yubordi».
Abu Nu’aym «Hulya»da Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning bir quli bo‘lib, u ishlab, bir narsalar topib kelar edi. Bir kecha u taom olib keldi. U kishi undan bir luqma tanovul qildi. Qul unga:
«Senga nima bo‘ldi? Har kecha mendan so‘rar eding. Bu kecha so‘ramading?» dedi.
«Bunga meni ochlik majbur qildi. Buni qayerdan topding?» dedi u.
«Johiliyat paytida bir qavm oldidan o‘tib, ularga dam solgan edim. O‘shanda ular menga biror narsa berishni va’da qilishgan edi. Bugun ularning oldilaridan o‘tib ketayotsam, to‘y bo‘layotgan ekan, o‘sha va’da qilgan narsalarini berishdi», dedi qul. Abu Bakr:
«Meni halok qilay debsan-ku!» dedi va qo‘lini halqumiga tiqib, qusishga urina boshladi. U narsa chiqmay turib oldi. Unga:
«Bu narsa faqat suv bilan chiqadi», deyishdi. U bir jomda suv opkeltirdi-da, undan ichib, qusishga urindi. Oxiri u narsani chiqarib tashladi. Shunda unga:
«Alloh rahm qilsin, bir luqmani deb shunchalik qilasanmi?!» deyishdi. U esa:
«Agar bu luqma jonim bilan qo‘shilib chiqadigan bo‘lganida ham, albatta chiqarar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Haromdan o‘sgan har bir jasadga olov haqlidir», deganlarini eshitganman. Ushbu luqmadan jasadimda biror o‘sish bo‘lib qolmasin, deb qo‘rqdim», dedi».
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Naqshbandiya tariqatining asosi bo‘lmish zikri xafiyni, ya’ni ovoz chiqarmay, maxfiy zikr qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘orda birga turganlarida olganlar. O‘sha ondan boshlab bir lahza ham g‘ofil bo‘lmay, Alloh taoloning zikrida bardavom bo‘lganlar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu silsila omonatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olganlar.
3 – SALMON FORSIY ROZIYALLOHU ANHU
Eronda hijratdan 215 yil oldin tug‘ilganlar. Hijriy 35 sanada 250 yoshlarida Eronning Madoin shahrida vafot etganlar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu uzun bo‘yli, bug‘doyrang, kulcha yuzli va sersoqol, sog‘lom jismli va kuchli inson edilar. Samimiy va kechirimli odam edilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu boy va zodagon otaning boyligi va obro‘sini, ayshu ishratni, turli rohat-farog‘atni tashlab, haqiqatni qidirib-qidirib, oxiri borib Islom haqiqatini topdi. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, haqiqatni Islomda topdi.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu majusiylikning safsatalari haqiqatdan yiroqligini yoshlik vaqtlaridayoq ravshan anglab yetdilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu masihiylikni barbod qilgan din peshvolarining qilmishlarini ham fitriy his bilan teran tushunib, ularni sharmanda qildilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu haqiqiy masihiylikni tutgan oz sonli kishilarning qolgan-qutgan ozgina haqiqatni boshqalarga bildirmay tutib turganlarini ham bilib oldilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu masihiylar ichidagi nodir haqiqatchilar o‘zlarining buzilmagan ilohiy kitoblariga suyanib aytgan alomatlarga qarab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni topdilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu Islom haqiqati tufayli jaholat zulmatidan iymon nuriga chiqdilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu Islom haqiqati tufayli qullikdan hurlikka chiqdilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu o‘zlari kelgindi bo‘lsalar ham, Islom haqiqati tufayli o‘zga yurtda azizlikka yetishib, oxirzamon Nabiysi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin kishilaridan biri bo‘lib hayot kechira boshladilar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu o‘z ixloslari va ijtihodlari ila Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oliy taqdirlariga sazovor bo‘ldilar.
Oiz ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abu Sufyon bir guruhning ichida o‘tirgan Salmon, Suhayb Rumiy va Bilolning oldidan o‘tdi. Shunda ular:
«Allohga qasamki, Allohning qilichlari Allohning dushmanining bo‘ynidan oladigan joyini olmadi-da!» deyishdi.
Abu Bakr ularga:
«Sizlar Qurayshning shayxi va ulug‘i haqida shunday deysizlarmi?!» dedi va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, xabar berdi. Shunda u zot alayhissalom:
«Ey Abu Bakr, sen ularning g‘azabini chiqargan bo‘lsang kerak. Agar ularning g‘azabini chiqargan bo‘lsang, albatta Robbingning g‘azabini chiqargan bo‘lasan», dedilar.
Abu Bakr ularning oldiga borib:
«Ey do‘stlarim! Sizlarni g‘azablantirdimmi?» dedi.
«Biz g‘azablanganimiz yo‘q. Alloh seni kechirsin, ey do‘stim!» deyishdi».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda zikri kelayotgan ishlar Hudaybiya sulhidan keyin bo‘lib o‘tgan. Mazkur sulhda urushni to‘xtatish va bir-biriga tegmaslikka kelishilgan edi.
Dushman taraf sulhni buzganidan keyin, ularning boshlig‘i Abu Sufyon uzr so‘rab, Madinai Munavvaraga kelganligi ma’lum. Ehtimol, o‘sha kelganida
«Abu Sufyon bir guruhning ichida o‘tirgan Salmon, Suhayb Rumiy va Bilolning oldidan o‘tdi».
Mushriklarning boshlig‘i musulmonlar poytaxtida bemalol yurganini ko‘rib, yuqorida zikrlari o‘tgan sahobai kiromlar afsuslandilar.
«Ular:
«Allohga qasamki, Allohning qilichlari Allohning dushmanining bo‘ynidan oladigan joyini olmadi-da!» deyishdi».
Uzr so‘rab kelgan Abu Sufyon haqidagi ularning bu gaplari, garchi u o‘sha vaqtda mushrik bo‘lgan bo‘lsa ham, Abu Bakr roziyallohu anhuga yoqmadi va
«Abu Bakr ularga:
«Sizlar Qurayshning shayxi va ulug‘i haqida shunday deysizlarmi?!» dedi va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, xabar berdi».
Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlarining qilgan ishlarini to‘g‘ri deb bilar edilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bu haqda shikoyatomuz gap qildilar.
«Shunda u zot alayhissalom:
«Ey Abu Bakr, sen ularning g‘azabini chiqargan bo‘lsang kerak. Agar ularning g‘azabini chiqargan bo‘lsang, albatta Robbingning g‘azabini chiqargan bo‘lasan», dedilar».
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kutilmagan gapni aytdilar. Ul zot Salmon, Suhayb va Bilol roziyallohu anhumni ko‘klarga ko‘taruvchi gap aytdilar.
Qarang-a! Kim Salmon Forsiy roziyallohu anhuning g‘azabini chiqargan bo‘lsa, Alloh taoloning g‘azabini chiqargan bo‘lar ekan!
Bu nabaviy gaplarni eshitib, qo‘rqib ketgan
«Abu Bakr ularning oldiga borib:
«Ey do‘stlarim! Sizlarni g‘azablantirdimmi?» dedi».
Agar ular g‘azablangan bo‘lsalar, uzr so‘rash niyatida edilar. Ammo ular g‘azablanmagan ekanlar. Hammalari Abu Bakr roziyallohu anhuning ko‘ngillarini tinchitib:
«Biz g‘azablanganimiz yo‘q. Alloh seni kechirsin, ey do‘stim!» deyishdi».
Albatta, bu nabaviy taqdirlash Salmon Forsiy roziyallohu anhu uchun ulug‘ maqom edi. Qaysi bandaning g‘azabini chiqarish Alloh taoloning g‘azabini chiqarish bilan teng bo‘lgan ekan o‘zi?!
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Jannat uch kishiga mushtoqdir: Aliga, Ammorga va Salmonga», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Jannat birovga mushtoq bo‘lishi haqida eshitgan edingizmi? Eshitmagan bo‘lsangiz, eshiting. Havodan gapirmaydigan, faqat o‘zlariga vahiy bo‘lgan narsanigina gapiradigan zot Muhammad sollallohu alayhi vasallam jannat uch kishiga, xususan, Salmon Forsiy roziyallohu anhuga ham mushtoq bo‘lishini ta’kidlamoqdalar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu uchun bundan ortiq taqdirlash bo‘ladimi?!
Imom Termiziy Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh meni to‘rt kishini yaxshi ko‘rishga amr etdi va U Zotning O‘zi ham ularga muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, bizga ularning ismlarini aytib bering», deyishdi.
«Ulardan biri Alidir, – deb uch marta aytdilar. – Keyin Abu Zarr, Miqdod ibn Asvad va Salmon. U Zot menga ularni yaxshi ko‘rishga amr etdi va albatta, O‘zi ham ularga muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar».
Alloh taoloning O‘zining eng afzal va eng oxirgi Rasuliga: «Men falonchini yaxshi ko‘raman, ey Rasulim, sen ham uni yaxshi ko‘rgin», deyishi ulkan ishdir.
Ushbu hadisi sharifda ismlari zikr qilingan sahobai kiromlar ana shunday ulkan maqomga yetishgan zotlar ekan. Ularning ichida Salmon Forsiy roziyallohu anhu ham bor ekanlar.
Bu hadisi sharifdan hazrati Salmon Forsiy roziyallohu anhuning faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida emas, balki Alloh taoloning huzurida ham alohida e’tiborga sazovor zotlardan ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ushbu narsa ulkan fazl bo‘lmasa, yana nima fazl bo‘lishi mumkin?!
Imom Termiziy Ali roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, har bir nabiyga yettita najiyb yoki naqiyb berildi. Menga esa o‘n to‘rtta berildi», dedilar.
Biz (Aliga):
«Ular kimlar?» dedik.
«Men, ikki o‘g‘lim, Ja’far, Hamza, Abu Bakr, Umar, Mus’ab ibn Umayr, Bilol, Salmon, Miqdod, Abu Zarr, Ammor, Abdulloh ibn Mas’ud», dedi».
«Najiyb» – «sayyid» va «fozil shaxs» degani.
«Naqiyb» – «tanlangan ishboshi», «yordamchi rahbar» degan ma’nolarni anglatadi.
Ushbu rivoyatda zikrlari kelgan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga najiyb va naqiyb bo‘lish martabasiga erishgan zotlar ulug‘ baxtu saodat sohiblaridir. Ularning har biri bir olamga tatiydilar.
Ana o‘sha ulug‘ zotlar ichida Salmon Forsiy roziyallohu anhuning borligi u kishining oliymaqom zotlardan ekaniga yana bir yorqin dalildir.
Ibn Abi Hotim qilgan rivoyatda Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «...Va agar siz yuz o‘girib ketsangiz, sizdan boshqa qavmni o‘rningizga keltiradi, ular sizlarga o‘xshagan bo‘lmaslar», oyatini o‘qigan edilar, sahobalar:
«Ey Allohning Rasuli, biz yuz o‘girsak, o‘rnimizga keladigan, bizga o‘xshamaydiganlar kimlar?» deb so‘rashdi.
Shunda Nabiy alayhissalom Salmon Forsiy roziyallohu anhuning yelkalariga urib:
«Mana bu va uning qavmi», dedilar».
Imom Buxoriy o‘z kitoblarida rivoyat qilgan hadisda ulkan sahobiy Abu Hurayra bunday deydilar:
«Nabiy alayhissalomning huzurlarida o‘tirgan edik, Jumu’a surasi nozil bo‘ldi. U surada «Va hozircha ularga qo‘shilmagan boshqalarga ham» jumlasi bor edi.
Men: «Ular kim, ey Allohning Rasuli?» deb uch marta so‘radim.
Ichimizda Salmon Forsiy ham bor edi. Rasululloh alayhissalom qo‘llarini Salmon Forsiyning yelkalariga qo‘ydilar va:
«Agar iymon surayyo(yulduzi)da bo‘lsa ham, mana bulardan bo‘lgan kishilar unga yetadilar», dedilar».
Salmon Forsiy roziyallohu anhu ilmiy harakatga ham munosib hissa qo‘shgan zotlardan hisoblanadilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida ham, u zotdan keyin ham kishilarga Islom ta’limotlarini targ‘ib qilishda faol ishtirok etganlar. U kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maslahatchilari bo‘lgani hammaga ma’lum. Xandaq urushida Nabiy sollallohu alayhi vasallam Salmon Forsiy roziyallohu anhuning maslahatlari bilan Madina atrofiga xandaq qazitganlar va ayni shu ishni sabab qilib, Alloh taolo musulmonlarga g‘alabani bergan.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu xalifalar davrida fath ishlarida faol qatnashganlar.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu haqiqiy zohidlardan edilar. U kishi zohidlikni xo‘jako‘rsinga qilmas edilar. Salmon Forsiy roziyallohu anhuning qalblariga Alloh taoloning muhabbati to‘liq o‘rnashib, dunyo muhabbatiga u yerda joy qolmagan edi. U kishi haqiqiy bir muhibga aylangan edilar. Muhabbatlari faqat Allohga va U Zot buyurgan narsalarga edi.
Abu Nu’aym rahmatullohi alayhi Abu Buxtiriydan, u esa Banu Abaslik bir kishidan rivoyat qiladilar:
«Salmon Forsiy roziyallohu anhu bilan hamsuhbat bo‘ldim. U Alloh taolo musulmonlarga fath qilgan Kisro xazinalarini zikr qildi va:
«Albatta, sizga uni bergan, fath qilgan va ishonib topshirgan Zot O‘z xazinalarini tutib qolishi ham mumkin. Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida odamlar huzurlarida dinor ham, dirham ham, biror mud taom ham yo‘q holda tong ottirar edilar. So‘ngra mana shunday bo‘ldi, ey Banu Abaslik!» dedi.
So‘ngra sochilib yotgan xirmonning oldidan o‘tdik».
Imom Tobaroniy rahmatullohi alayhi Banu Abaslik bir kishidan rivoyat qiladilar:
«Salmon Forsiy roziyallohu anhu bilan Dajla qirg‘og‘ida yurib ketayotgan edim. U kishi:
«Ey Banu Abaslik! Tushib, suv ich!» dedi.
Men tushib, suv ichdim. U kishi menga:
«Sening ichganing Dajlani qancha kamaytirdi?» dedi.
«Kamaytirmagan bo‘lsa kerak», dedim.
«Ilm ham shunga o‘xshagan, undan olinadi, ammo o‘zi kamaymaydi. Endi ulovingni min!» dedi.
So‘ngra xirmonda uyilib yotgan bug‘doy va arpalar oldidan o‘tdik. Shunda u kishi:
«Buni ko‘ryapsanmi? Bizga fath qilindi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning as'hoblariga qisilgan edi. Bizga yaxshi, ularga yomon bo‘lganmi?» dedi.
«Bilmadim, menimcha, bizga yomon, ularga yaxshi bo‘lgan bo‘lsa kerak», dedim.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh azza va jallaga yetishgunlaricha uch kun ketma-ket to‘ymaganlar», dedi».
Abu Nu’aym rahmatullohi alayhi Zayd ibn Sohvonning mavlosi Solimdan rivoyat qiladilar:
«Mavloim Zayd ibn Sohvon bilan bozorda yurgan edim. Oldimizdan Salmon Forsiy roziyallohu anhu o‘tib qoldi. U bir vasaq taom sotib olgan ekan. Zayd unga:
«Ey Abu Abdulloh! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobasi bo‘laturib shunday qilasanmi?» dedi.
«Qachon nafs rizqiga erishsa, xotirjam bo‘ladi, ibodatga ajralib chiqadi va vasvasa undan umid uzadi», dedi Salmon Forsiy roziyallohu anhu».
Hishom ibn Hasson Hasandan rivoyat qiladilar:
«Salmonning atosi (oylik maoshi) besh ming edi. O‘zi o‘ttiz ming odamga boshliq edi. Yarmini kiyib, yarmini tagiga soladigan ridoda xutba qilar edi. Atosi chiqsa, odamlarga tarqatib yuborib, o‘z qo‘l mehnati ila kun kechirardi».
Salmon Forsiy roziyallohu anhu bemor bo‘lib yotganlarida Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu u kishini ko‘rgani kirdi. Salmon Forsiy roziyallohu anhu yig‘ladilar. Shunda Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu:
«Nimaga yig‘laysan, ey Abu Abdulloh? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sendan rozi hollarida vafot etdilar-ku?» dedi.
«Allohga qasamki, o‘limdan qo‘rqib yoki dunyoga hirs qilib yig‘layotganim yo‘q. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizdan ahd olgan edilar. Ul zot:
«Sizlardan biringizning bu dunyodagi nasibasi yo‘lovchining zodichalik bo‘lsin», degan edilar. Endi bo‘lsa mening atrofimda mana bu narsalar sochilib yotibdi», dedi.
Sa’d roziyallohu anhu qaradilar. Salmon Forsiy roziyallohu anhuning atrofida bir lagan va obdastadan boshqa narsa yo‘q edi. Shunda u kishi:
«Ey Abu Abdulloh, bizga bir vasiyat qilgin, uni sendan olib qolaylik», dedi.
«Ey Sa’d!
Qasd qilsang, qasdingdan oldin Allohni zikr qilgin!
Hukm qilsang, hukmingdan oldin Allohni zikr qilgin!
Taqsim qilsang, qo‘lingdan oldin Allohni zikr qilgin!» dedi Salmon Forsiy roziyallohu anhu.
U kishi silsila omonatini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan olganlar.
KЕYINGI MAVZULAR:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi