Sariq rang. Bu Qur'oni karimda birinchi zikr qilingan rang bo'lib, besh o'rinda uchraydi:
«(Muso) dedi: “U aytmoqdaki, u yarqiroq, sarg'ish rangli sigir bo'lib, ko'rganlarni quvontirur”»(Baqara surasi, 69-oyat).
Bu oyatda sariq rang ko'zni quvontiradigan deb xabar berilmoqda.
«Bordi-yu, shamolni yuborsak va uni (ekinni qurib) sarg'aygan holda ko'rsalar, ...»(Rum surasi, 51-oyat).
Bu erda sariq rang buzilish, emirilish ma'nolarini ifoda etmoqda.
«(U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarg'aygan holda ko'rasiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur...»(Hadid surasi, 20-oyat).
Bu erda ham tutash, qurish-qovjirash ma'nolarida kelmoqda.
Oq rang. Bu rang Qur'oni karimda o'n ikki marta zikr qilingan.
«Shuningdek, tonggacha, ya'ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha eb-ichaveringiz...»(Baqara surasi, 187-oyat).
Oyatdagi oq rang yorug'lik, tong otishini ifodalab kelgan.
«Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmatida (jannatida)dirlar. Ular u erda abadiy qoluvchilardir»(Oli Imron surasi, 107-oyat).
Oq rang jannat ahliga xos bo'lgan belgi-alomatdir.
«Keyin ulardan yuz o'girib: “Esizgina Yusuf!” dedi. G'am-g'ussadan uning ko'zlari oqarib (ojiz bo'lib) qoldi va u endi mahzundir»(Yusuf surasi, 84-oyat).
Bu o'rinda esa, oq rang dard-illat ma'nosida ifodalangan.
«Qo'lini (qo'ynidan) chiqargan edi, birdan u qarab turganlarga oppoq (nurli) ko'rindi»(A'rof surasi, 108-oyat).
Bu erda oqlik Muso alayhissalomning mo''jizalarini tasvirlab bermoqda.
«Alloh osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, u bilan ranglari turli bo'lgan mevalarni chiqarganimizni ko'rmadingizmi?! Yana tog'larning oq, qizil, rang-barang yo'l(lisi) ham, tim qorasi ham bordir»(Fotir surasi, 27-oyat).
«Oppoq va (may to'la qadahlar) ichuvchilar uchun lazzatlidir»(Soffot surasi, 46-oyat).
Qora rang. U Qur'oni karimda sakkiz marta zikr qilingan:
«Shuningdek, tonggacha, ya'ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha eb-ichaveringiz...»(Baqara surasi, 187-oyat).
«Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan kunni (qiyomatni) eslang: yuzi qorayganlarga (hujjat isboti uchun shunday deyilur): “Iymon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi!”»(Oli Imron surasi, 106-oyat).
«Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi»(Nahl surasi, 58-oyat).
«So'ngra uni qoramtir xazon qilib qo'ygan zotdir»(A'lo surasi, 5-oyat).
«Yana tog'larning oq, qizil, rang-barang yo'l(lisi) ham, tim qorasi ham bordir»(Fotir surasi, 27-oyat).
Yashil rang. Bu ham Qur'oni karimning sakkiz o'rnida keladi:
«Shoh (bir kuni) dedi: “Men tushimda ettita ozg'in sigir ettita semiz sigirni eyayotganini va ettita yashil boshoq bilan birga boshqa (ettita) qurigan boshoqlarni ko'rdim. Ey a'yonlar! Agar tush ta'birini aytuvchi bo'lsangiz, tushim to'g'risida fatvo (javob) beringiz!”»(Yusuf surasi, 43-oyat).
«Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularga pok sharob ichirur»(Inson surasi, 21-oyat).
«(Jannat ahli) yashil yostiqlar va go'zal gilamlar uzra yastangan hollarida (o'tirurlar)»(Ar-Rohman surasi, 76-oyat).
Ko'k rang. U Qur'oni karimda bir marta zikr qilingan:
«(U) sur chalinadigan kundir. U kunda Biz jinoyatchilarni ko'zlari (qo'rquvdan) ko'k (nursiz) bo'lib qolgan hollarida yig'urmiz»(Toho surasi, 102-oyat).
Qizil rang. Bir marta zikr qilingan:
«Alloh osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, u bilan ranglari turli bo'lgan mevalarni chiqarganimizni ko'rmadingizmi?! Yana tog'larning oq, qizil, rang-barang yo'l(lisi) ham, tim qorasi ham bordir»(Fotir surasi, 27-oyat).
Pushti rang. Bir marta zikr qilingan:
«Bas, qachonki, (qiyomat qoyim bo'lgach) osmonlar yorilib (jahannam haroratidan) yog'ning durdasi kabi bo'lur (qizarib qolur)»(Ar-Rohman surasi, 37-oyat).
To'q yashil rang. Uning zikri Qur'oni karimda bir marta keladi:
«Ikkisi (sersuv va sersoyalikdan) to'q yashildirlar»(Ar-Rohman surasi, 64-oyat).
Olimjon OBIDJONOV,
Quvasoy shahar “Islom” jome
masjidi imom noibi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati