Bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, yurtimizning barcha hududlarida bu yil 9 may – Xotira va qadrlash kunida ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlandi. Ushbu bayramni faqat oila davrasida nishonlash tavsiya etildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi axborotida ma’lum qilindi.
Hozirgi kunda dunyo xalqlarini qamrab olgan koronavirus (COVID-19) pandemiyasi sababli barcha yurtlarda karantin joriy qilingan. Jumladan, yurtimizda e’lon qilingan karantin esa davom etmoqda.
Ma’lumki, 9-may “Xotira va qadrlash kuni”da mo‘min-musulmonlar qabristonlarga borib, vafot etgan yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilib, haqlariga Qur’on tilovat qilish an’anaga aylangan.
Dinimiz ko‘satmalariga ko‘ra, qabristonga borib, ziyorat qilishdan asosiy maqsad oxiratni eslash, marhumlarning haqlariga Qur’on tilovat qilish, savobini ularga bag‘ishlash va ruhlarini shod qilishdir.
Hozirgi kundagi karantinni inobatga olib, marhumlarning haqlari qilinadigan xayrli amallarni o‘zaro oila davrasida qilsak, shariatimiz qonun-qoidalari hamda karantin talablariga amal qilgan bo‘lamiz.
Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishi kerak ekan.
Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”, “Mashaqqat yengillatishni talab etadi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shari’at insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda o‘z ko‘rsatmalarini yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi. Qolaversa, marhumlar haqiga qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar Qur’on tilovat qilinib, savobi bag‘ishlansa, ularning ruhlariga, albatta, yetib boradi.
Respublika maxsus komissiyasining 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalariga rioya qilib, bu yil har bir inson o‘zi, oilasi va yaqinlarining hayotini asrash maqsadida qabristonlarga bormay, uylarida o‘zaro oila davrasida marhumlarning haqlariga Qur’on tilovat qilib, savobini ularga bag‘ishlab, ruhlarini shod qilishlari maqbul sanaladi.
Barchamiz mazkur tavsiyalarga amal qilsak, ham shariat ko‘rsatmalari, ham hukumatimiz tarafidan chiqarilgan qarorlarni bajargan bo‘lamiz.
Ayni vaziyatda imom-xatiblar, ahli ilm va ziyoli kishilarimiz bu cheklov tadbirlarini to‘g‘ri tushunib, karantin, sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilib, xalqimiz sog‘lig‘ini himoya qilish uchun barcha birdek mas’ul ekanini yetkazishlari juda muhim.
Alloh taolo barcha marhumlarning ruhlarini shod aylab, bemorlarga shifo bersin, yurtimiz va butun dunyodan ushbu yuqumli kasallikni tez kunlarda aritsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati