Xayr-sahovat, mehr-oqibat, siylai-rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo sohibiga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday oliyjanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.
Xayr-ehsonning yaxshisi bu qiyinchilik va muhtojlik vaqtda qilinganidir.
Bugun yurtimizda karantin sababli ana shunday xayr-sahovat, yaxshilik va ehsonlarni ko‘paytirishning ayni vaqtidir. Qolaversa, sahovat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifni kirib kelgani ham xayr-ehsonni ko‘paytirishimizga chorlaydi.
Alloh taolo kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur. . .”. (An’om surasi, 160-oyat)
Musulmonlarning qiladigan yaxshiliklari evaziga qilgan yomonliklari yopilib ketadi. Eng avvalo yaxshilikni, yaxshilik qilgan insonga emas, balki yaxshilik qilmagan insonga nisbatan amalga oshirilsa, fazilatli ishni amalga oshirgan bo‘ladi.
Agar yaxshilik qilgan insonga yaxshilik qilinsa, bu-vafodorlik, Agar yaxshilik qilmagan kishiga yaxshilik qilinsa, bu-sahovatdir. Agar yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qilinsa bu-ayni musulmonchilikdir!
Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng sahovatli kishisi edi. Bir kuni unga xotini: “Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman”, dedi. U: “Nima uchun bunday deyapsan?”, dedi. Xotini: Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi”, dedi. U xotiniga qarab: “Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga sahovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun kelishmaydi”, deb javob berdi.
Demak, sahovatli inson boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham sahovat qilishga oshiqadi. Shu bilan birga menga yaxshilik qilgani uchun yaxshilik qilaman deb kutib turmaydi. Jamiyatdagi har bir insonga nisbatan yordamga tayyor bo‘ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda: Rasulullox sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki:
“Musulmon musulmon kishining birodaridir, unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmaniga topshirib ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh uning ham hojatida bo‘ladi.
Kimki musulmondan g‘am tashvishni ketkazsa, Alloh taolo qiyomat g‘am tashvishlaridan uni xalos etadi. Kimki musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomatda uning ham aybini berkitadi”, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Musulmon kishi o‘zimning tashvishim yetarli, deya yonidagi birodarining tashvishini yodidan chiqarmaslik kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari va ummatlarining tashvishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganlari yo‘q, balki ularning tashvishlarini ham o‘zlarining tashvishlari deb bilganlar.
Qolaversa, sharoitim yo‘q, men boy emasman yoki men ehson qila olmayman, deya o‘ziga tasalli berayotgan kishilar olovni o‘chirmoqchi bo‘lgan chumolidan o‘rnak olsalar yaxshi bo‘lardi.
Aytishlaricha, Allohning payg‘ambari Ibrohim alayhissalomni olovda
yoqmoqchi bo‘lishganda chumolilardan biri og‘zida suv tashib, olovni o‘chirmoqchi bo‘libdi, shunda boshqa hayvonlar taajjub bilan: “Sen shu suving bilan olovni o‘chiraman deb o‘ylayapsanmi?”-deyishdi. Chumoli: “Yo‘q, bunga ishonchim yo‘q, men umid ham qilmayman, lekin xarakat qilaman... Chunki, Allohning oldida javob bermog‘im bor...
Alloh: Mening payg‘ambarimni yoqishganida sen nima qilding?!”- deb so‘rasa nima deyman. Qolaversa, men kim tomonida ekanligimni bildirib qo‘yishim kerak,- degan ekan chumoli.
Payg‘ambar alayhissalom marhamat qiladilar: “Kim xayru sahovat ko‘rsatib, kiyimga muhtoj odamni kiyintirib, xursand qilsa, Alloh uni jannat kiyimlari bilan kiyintiradi. Kim bir kishini to‘ydirsa, ovqatlantirsa, jannatdagi taomlardan nasibador bo‘ladi”. Boshqa hadisda sadaqa haqida Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldirgin” desa, ikkinchisi: “Ey, Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkazgin”, deb duo qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Demak, moddiy imkoniyatga ega bo‘lgan kishi sadaqa qilish, muhtojlarga yordam berishdan sira qo‘rqmasligi, balki xayru ehson bilan ulkan savoblarni qo‘lga kiritishga oshiqmog‘i zarur.
Abdulaziz Bobamirzayev
“Hidoya” o‘rta maxsusislom
bilim yurti mudiri
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan