“Musulmon kishi qachon kasal do‘sti ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bog‘lari ichra sayr qilib yurgan bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Islom dinida kasalni ziyorat qilish savobli amallardan hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Kasallarni ziyorat etishning ham o‘z odoblari bor. Ularning huzurida uzoq qolib ketmaslik, samimiy so‘zlar bilan ko‘nglini ko‘tarish, tuzala boshlaganiga ishora qilish, doimiy duoda bo‘lishni so‘rash shular jumlasidandir.
Farzandlarni ham kasalni ziyorat qilish odobiga odatlantirishimiz lozim. Shifo va mehrga muhtoj kishilarni kattalar bilan birgalikda ziyorat qilsalar, yoshlarning qalbida rahmdillik sifati shakllanib, boshqalarning dardlarini his qilish kabi fazilatlarga ega bo‘ladilar. Shubhasiz, bu fazilatlar ularda atrofdagilarga nisbatan mehru shafqat uyg‘otib, o‘zidan ko‘ra o‘zgalarni o‘ylaydigan, ayniqsa, ojiz va zaiflarni himoya qiladigan g‘amxo‘r, mehribon insonga aylantiradi. Oqibatda jamiyatimiz yanada go‘zal va farovon bo‘ladi, uning a’zolari orasida oliy xulq va barkamol shaxslar safi kengayib boradi. Ajru savoblari mo‘l bu ulug‘ amalni Sarvari olam bizlarga ta’lim berganlari bois, ota-bobolarimiz kasal va xastalarni borib ko‘rish, yolg‘iz istiqomat qiladiganlarning holidan xabar olish, mehrga muhtojlarning ko‘ngillarini ko‘tarishdek amallarni o‘zlarining muhim vazifalari deb bilganlar. Bu ajoyib xislatlar va fazilatli xulqlarni farzandlariga singdirib yuborganlar. Chunki Islom kasal kishini ko‘rishga buyuribgina qolmasdan, balki kasal ziyoratini musulmonning do‘sti zimmasidagi haqi qilib belgilab qo‘ygan.
Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kasalni ko‘rish, janozada eshtirok etish, mazlumga yordam berish, chaqiriqqa javob berish va salomni keng tarqatishga bizni buyurdilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: حَقُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ خَمْسٌ: رَدُّ السَّلاَمِ وَعِيَادَةُ الْمَرِيضِ وَإِتْبَاعُ الْجَنَائِزِ وإِجَابَةُ الدَّعْوَةِ وَتَشْمِيتُ الْعَاطِسِ
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonning musulmondagi haqi beshtadir: salomga alik olish, kasalni borib ko‘rish, chaqiriqqa javob berish, janozada hozir bo‘lish va aksa ursa, unga yaxshilik tilash”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim).
Shuning uchun ham sahobalar yaxshilik qilishda o‘zaro musobaqalashardilar, ayniqsa, kasalni borib ko‘rishga benihoya oshiqardilar.
Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Sizlardan bugunni kim ro‘za tutib o‘tkazdi”, dedilar.
“Men”, dedi Abu Bakr (roziyallohu anhu).
“Bugun sizlardan kim kasalni borib ko‘rdi?”
“Men”, dedi Abu Bakr (roziyallohu anhu).
“Bugun sizlardan kim janozada ishtirok etdi?”
“Men”, dedi Abu Bakr (roziyallohu anhu).
“Bugun sizlardan kim miskinga taom berdi?”
“Men”, dedi Abu Bakr (roziyallohu anhu).
“Kimda bu xislatlar jam bo‘lsa, jannatga kiradi”.
Kasalni o‘z vaqtida ko‘rish
لِقَوْلِهِ عَلَيْهِ الصَّلاَةُ وَالسَّلَامُ : إذَا مَرِضَ فَعُدْهُ
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar kasal bo‘lsa, borib ko‘r”, deganlar.
Hadis dalolat qilganidek, kasallikning boshlanishida kasalni ko‘rish lozim. Shu bilan birga, kasalni uch kundan so‘ng ko‘rish lozimligiga dalolat qiladigan hadislar ham bor:
رَوَى ابْنُ مَاجَةَ وَالْبَيْهَقِي قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَعُودُ مَرِيضًا إِلاَّ بَعْدَ ثَلاَثٍ
“Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) uch kundan so‘ng kasalni borib ko‘rardilar” (Ibn Moja va Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Kasalni uch kundan so‘ng ko‘rish sunnatdir” va A’mashiy: “Majlisda o‘tirardik, agar bir kishini uch kun ko‘rmasak, u haqda so‘rardik, agar u kasal bo‘lgan bo‘lsa, borib ko‘rardik”, dedi (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu hadislardan xulosa qilsak, agar kasal og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan borib ko‘rish kerak. Ammo xasta kishi og‘ir ahvolda bo‘lmasa, unda hadisga muvofiq uch kundan so‘ng borib ko‘rish maqsadga muvofiqdir.
Kasalning holiga qarab yonida o‘tirish
yoki tezda turish
Agar kasalning xastaligi jiddiy va u qarovchiga muhtoj bo‘lganida yoki kasal ayol kishi bo‘lsa, uning yonida uzoq o‘tirmasdan, tez ketish lozim.
Mabodo kasalning kasalligi og‘ir bo‘lmasa va huzurida kimdir o‘tirishini, suhbatlashishni xohlasa, agar u toliqib qolmaydigan bo‘lsa, kasal ko‘rgani borganlar yonida ko‘p o‘tirishining zarari yo‘q.
Kasalni har kuni emas, kunora borib ko‘rish afzaldir.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Kunora ziyorat qil, muhabbat ziyoda bo‘ladi”, dedilar (Bayhaqiy, Tabaroniy va Bazzoz rivoyati).
Kasalni duo qilish
Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi.
«Payg‘ambar (alayhissalom) kasallarni borib ko‘rardilar va: “Yo Alloh, insonlarning Rabbisi, kasallikni ketkazgin, shifo bergin, o‘zing shifo beruvchisan, o‘zingning shifoingdan o‘zga shifo yo‘q, kasalni tashlab qo‘ymaydigan shifo berishni so‘rayman”, desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Og‘riyotgan joyga qo‘lni qo‘yib, duo qilishni eslatish
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي عَبْدِ اللهِ عُثْمَانَ بْنِ أَبِي الْعَاصِ أَنَّهُ شَكَا إِلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَجَعًا يَجِدُهُ فِي جَسَدِهِ، فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ضَعْ يَدَكَ عَلَى الَّذِي يَأْلَمُ مِنْ جَسَدِكَ وقُلْ: بِسْمِ اللهِ ثَلاثًا وَقُلْ سَبْعَ مَرَّاتٍ: أَعُوذُ بِعِزَّةِ اللهِ وَقُدْرَتِهِ مِنْ شَرِّ مَا أجِدُ وَ أُحَاذِرُ
Imom Muslim rivoyat qiladi.
Abu Abdulloh Usmon ibn Abu Os badanidagi og‘riqdan Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) shikoyat qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qo‘lingni og‘riyotgan joyga qo‘ygin va “Bismillahi” deb uch marta ayt va yetti marta “A’uzu bi izzatillahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhaziru” (ma’nosi: Allohning izzati va qudrati bilan topgan yomonlikdan va xavfsiragan narsamning yomonligidan panoh so‘rayman) degin», dedilar.
Kasal haqida uning ahlidan so‘rash mustahab
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kasal yotgan uydan Ali ibn Abu Tolib chiqdi. Odamlar undan: “Ey Abu Hasan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qanday tong ottirdilar?” deb so‘radilar.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu): “Alhamdulillah, shifo topgan holda tong ottirdilar”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).
Kasalning bosh tomonida o‘tirish mustahab
Imom Buxoriy “Al-adab al-Mufrad” asarida Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) kasal ko‘rgani borardilar. So‘ngra yetti marta: “Ulug‘ arsh Rabbisi ulug‘ Allohdan senga shifo berishini so‘rayman”, derdilar.
Uzoq umr ko‘rishi va sog‘ayib ketishini aytib kasalni xushnud etish
Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringizlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, dedilar (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
Ma’lumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan bo‘lsa, injiqtabiat, ko‘ngli juda nozik bo‘lib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin so‘zga ehtiyojmand bo‘lib qolishi tabiiy. Inchunin, kasal ziyoratiga borgan kishi mazkur odoblardan boxabar bo‘lmog‘i shart. Aksincha bo‘lsa, kasal dilini chilparchin qiladi. Ushbu o‘rinda bir yigitning xonadonida bo‘lib o‘tgan voqeani shunday hikoya qilgandi:
«Alloh rahmatiga olsin, otam bundan o‘n yilcha muqaddam dunyodan o‘tib ketdilar. Yetmish sakkiz yoshni qarshilagan otam jismonan baquvvat, yoshligidan ibodatda, ichish va chekish kabi illatlardan uzoqda bo‘lganligi uchunmi, harqalay, ruhan tetik, yuzlarida ajindan asar ham yo‘q, anordek qip-qizil edi.
Nima ham bo‘ldi-yu, bir dard keldi. Yelkalarining shundoqqina tepasida paydo bo‘lgan xolga o‘xshash yara kundan-kun kattalashib, dastlabki muolajalar yordam bermagach, viloyat markaziy shifoxonasiga yotqizishga majbur bo‘ldik.
Xullas, amaliyot bo‘lib o‘tdi, biroq bu dard butun a’zolariga infeksiya tarqatib bo‘lgan ekan. Uyga olib ketishdan o‘zga chora yo‘q edi. O‘z uyiga kelgan otamning chiroyi ancha ochilgan, kayfiyati yaxshi edi. Ayniqsa, onajonimning kunu tun yonlarida bo‘lishlari, aka-uka, opa-singillarim va nabiralari, barchaning xizmatga shay bo‘lib turganini ko‘rib otam ruhan tetiklanib, hatto o‘zi tashqariga chiqadigan, birpas bo‘lsa-da, hovlini aylanadigan bo‘ldi. Necha kunlik, necha soniyalik umri qolganini Yaratgandan boshqa hech kim bilmaydi. Bechora padari buzruk tetiklanib qolganidan har holda juda xursand edi. Ana shunday kunlarning birida...
Otamning yoshligida otasidan yetim qolgan jiyani bor edi. Erining vafotidan keyin ammam boshqa turmush qilmagan, bir necha farzandlari bilan otamning qaramog‘ida qolib, bolalari voyaga yetgan edi. Ularning uylanib, uyli-joyli bo‘lishlarigacha otamning xizmatlari singgan. Ana shu jiyanlari bir oy davomida shifoxonada ekanida borib ko‘rmay, uyga kelganlaridan o‘n kuncha o‘tganidan so‘ng nogahon paydo bo‘lib qoldi. O‘z farzandidek sevikli jiyanini ko‘rib, otam suyundi. Suhbat asnosida nima bilan og‘riganiyu qanday muolajalar qilinganini so‘ragan jiyaniga otam batafsil so‘zlab berdilar. Bemehr jiyan esa tap tortmay: “Yaqinda bizning qishloqda bir kishi xuddi shu kasal bilan og‘rib, uniyam operatsiya qilishgan edi. Ammo bir necha kundan keyin haligi kishi vafot etdi, bechora. Siz ham ehtiyot bo‘ling-da, tog‘a, har tugul yoshingiz bir joyga borib qolgan odamsiz, o‘g‘illaringizga ayting, uzoqqa ketishmasin”, degan gapni aytsa bo‘ladimi. Buni eshitgan otamning ahvoli nima bo‘ldi bilmayman-u, ammo mening boshimdan bir chelak muzday suv ag‘darilgandek bo‘ldi. Tanimda titroq turib, karaxt ahvolga tushib qoldim. Shu asnoda nima maqsadda bu gapni aytganini o‘zi ham bilmaydigan “mehribon” jiyan asta o‘rnidan turib jo‘navordi. Misoli bir azim chinorni qulatib, umidvor qalbni sindirib, parchalab ketdi. O‘zim bilmagan holda, karaxtlik bilan tashqariga chiqib ketibman. Qancha vaqt o‘tganini bilmayman, bir mahal otamning ko‘ngillarini ko‘tarish maqsadida xonalariga kirsam, onam yonlarida o‘tiribdilar. Ne ko‘z bilan ko‘ray, shuncha og‘ir dardni, qiyinchiliklarni boshlaridan o‘tkazgan, og‘ir damlardayam qaddi bukilmagan, sabru bardoshda matonatli bo‘lgan mehribonimning ikki ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi. Yupataman, dalda beraman deb kirganman, lekin otamning bu xokisor, egilgan boshiyu ko‘zdagi yoshini ko‘rib, nima qilishni bilmay qoldim. Yonlariga cho‘kib, qo‘llarini qo‘limga olib: “Otajon, yig‘lamang, dard boshqa, ajal boshqa, Xudo xohlasa, tez kunlarda yaxshi bo‘lib ketasiz”, dedim. Shunda otam boshlarini ko‘tarib: “Bolam, har bandaga Yaratganning o‘lchab bergan rizqi bor. Agar ajalim shu dard tufayli bo‘lsa, men shunday taslim va roziman, faqat so‘raganim Rabbim imonimni hamroh qilsin. Ammo meni yig‘latgan bu narsa emas, jigarimning farzandini yillar mobaynida o‘z bag‘rimda tarbiya qilib, qalbiga mehrni singdira olmagan ekanman, inson qadr-qimmatini o‘rgata olmagan, yumshoq qalb etib tarbiyalay olmagan ekanman. Rabbim huzurida nima deb javob beraman, shu meni yig‘latmoqda”, deya ko‘zyoshlarini tiya olmasdi. Shu kundan boshlab to‘shakka mixlangan otam bir necha kun o‘tib omonatni topshirdilar», deb yigit so‘zini to‘xtatdi.
Darhaqiqat, inson qalbini zabt etish qanchalar qiyin bo‘lsa, qalbni sindirish shunchalar osondir. Yuqoridagi voqeada bo‘lganidek, bag‘ritosh insonlarning o‘ylamasdan, kishi dilini avaylamasdan aytgan o‘tkir tig‘li gaplari nafaqat kasalning, balki soppa-sog‘ insonning qalbini o‘ldirishga qodir. Farzandlarni shunday tosh qalb egasiga aylanib qolishlaridan asray bilish va ehtiyot qilish eng muhim vazifalardandir.
Kasal holini so‘rash
Bemorning holi kasallik turiga qarab so‘ralmaydi, ya’ni kishi do‘stlaridan qaysi biri qanday kasal bo‘lishidan qat’i nazar, borib ko‘rishi kerak.
Kasalning oldiga kirganda, quyidagilarga amal qilinadi:
– ochiq chehra va chiroyli muomala bilan muloqot qilish;
– yangi libos bilan ham va kir libos bilan ham kirmaslik;
– tabassum bilan kirib, boshiga yaqinroq o‘tirish;
– kasalning yuziga tez-tez qaramaslik;
– ko‘p va baland ovozda so‘zlamaslik;
– qo‘lini kasalning peshonasi, yuzi yo qo‘liga qo‘yib holini so‘rash;
– kasalni har kuni emas, orada bir-ikki kun o‘tkazib ziyorat qilish lozim.
Kasaldan ko‘ngli nima tilashi so‘rab ko‘riladi, agar izhor qilsa, o‘zi yo bemorning ahlu ayoliga aytib bo‘lsa ham, o‘sha narsa muhayyo qilinadi. Mabodo kasallikka davo istasa, istagi aroq va shunga o‘xshash harom narsalardan bo‘lmasa, olib kelish mumkin.
Kasalning odobi
Kasal qurbat va shikoyat vajhidan emas, balki sunnat jihatidan goh-goh nola qiladi. Ba’zan og‘riqlari yengil tortishi uchun boshini bir narsa bilan bog‘lab, Haq subhonahu va taoloning balosidan panoh so‘raydi, chunki Uning balosiga hech kim toqat qilolmas.
Bosh og‘rig‘i bo‘lsa, “vora’so”, ya’ni “voy boshim” demoq sunnatdir.
Bemor dard va alami kuchayganida shukr qiladi. O‘ziga o‘lim tilamaydi.
Bemor gunohlaridan tavba qilishi va xotimasi xayrli bo‘lishi uchun janobi Haq subhonahu taoloning mag‘firatiga umidvor bo‘lib, yaxshi gumonda bo‘lishi lozim.
Qur’on o‘qishi va ko‘p zikr aytmog‘i lozim. Agar Qur’on o‘qishga o‘zining quvvati yetmasa, birovning o‘qiganini eshitishi ham joizdir.
Kasal ko‘ruvchi kasaldan duo qilishini
so‘rashi mustahab
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
رَوَى ابْنُ مَاجَةَ وابْنُ السُّنِّي عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إذَا دَخَلْتَ عَلَى مَريضٍ فَمُرْهُ فَلْيَدْعُ لَكَ : فإِنَّ دُعَاءَهُ كَدُعَاءِ الْمَلاَئِكَةِ
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar kasal oldiga kirsang, haqingga duo qilishini so‘ra, chunki kasalning duosi farishtalar duosidek”, dedilar (Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyati).
Kasal o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa,
“La ilaha illalloh”ni eslatish
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «O‘lim to‘shagida yotganlarga “La ilaha illalloh”ni aytib turinglar», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning oxirgi so‘zi “La ilaha illalloh” bo‘lsa, jannatga kiradi”, dedilar (Abu Dovud va Hokim rivoyati).
Kasalni ziyorat qilish odoblarini Alloh qodir qilganicha bayon etdik. Shoyad, farzand tarbiyalash jarayonida muhtaram murabbiylarimizning ilm va tajribalariga bu ko‘rsatmalar ozgina bo‘lsa-da foyda bersa, kamina ulardan duo va Ulug‘ Rabbimizdan ulkan ajru savoblar umid qilib qolaman.
KЕYINGI MAVZULAR:
TA’ZIYA BILDIRISH ODOBI:
Musibat yetgan holatda;
Ta’ziya so‘zlarini aytish;
Musibat ahliga taom pishirish mustahab;
Ta’ziya izhor qiluvchining odobi;
Qaytarilgan narsani ko‘rganida yaxshilikka buyurish.
AKSA URISH VA ESNASH ODOBI:
Aksa uruvchi hamd aytmasa, unga tashmid aytmaslik;
Qo‘l yoki ro‘molcha bilan ovozni pasaytirish;
Uch marta tashmit tilash;
Musulmon bo‘lmaganga tashmit aytilmaydi;
Begona ayolga tashmit aytilmaydi;
Qurbi yetsa, esnashni qaytarish;
Esashda qo‘lini og‘ziga qo‘yish;
Esnash vaqtida ovozni baland chiqarmaslik;
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan