Bugun ramazonning o‘nin birinchi kuni. Tanamiz va ruhiyatimiz har tomonlama tarbiyalanmoqda. Shunday ulug‘ kunlardan unumli foydalanayotgan navbatdagi maktub sohibi Andijon viloyati, Zafarobod tumanilik, maktab o‘qituvchisi Ulug‘bek aka Suyarov.
Ramazon shukuhi barchalarimizga surur bag‘ishlamoqda. O‘ziga shukr! Ramazon oyi karantin davriga to‘g‘ri kelishi barchamizni oila davrasida bo‘lishimizga imkon bermoqda. Bu ham bir hikmat. Bundan to‘g‘ri va oqilona foydalanish esa musulmon uchun katta bir baxt. Biz ham oilamiz bilan saharlikdan to iftorga qadar kunlik ramazon rejasini tuzib shunga amal qilishga harakat qilib kelmoqdamiz.
Saharlikka turganimizda ekran orqali berib borilayotgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Anbiyolar qissasi” turkum ko‘rsatuvlarini kuzatib boryapmiz.
Saharlikdan so‘ng Qur’oni karim qiroati bilan shug‘ullanamiz. Ikki o‘g‘lim ham Qur’on yodlashni boshlagan.
Bomdod namozidan so‘ng katta o‘g‘lim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf hazratlarining “Sog‘lom bola” kitobini mutolaa qilmoqda.
O‘zim o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berganligim sababmi, kitob o‘qishni oilaviy an’anaga aylantirganmiz. Shu kunlarda Alixon to‘ra Sog‘uniynig “Tarixi Muhammadiy” asarini o‘qiyapman.
Soat 9 lardan maktabga onlayn darslar boshlanadi. Men ham o‘zx fanimdan masofaviy mashg‘ulot o‘tyapman. O‘quvchilarga uyga vazifalarni beraman.
Peshindan so‘ng tomorqamizdagi ekinlarga qaraymiz. Sport va foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanamiz.
Shundan so‘ng “Sahovatli qo‘llar” xayriya guruhi bilan birgalikda mahallamiz va tumanimizdagi qabristonlar obodonligi bilan shug‘ullanamiz.
Shu bilan iftorlik vaqti bo‘ladi. Iftorlikdan so‘ng taroveh namozigacha oilaviy suhbat qilamiz.
Tarovehdan so‘ng men yana adabiyotlar bilan shug‘ullanaman. Ertangi kun masofaviy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘raman.
Alloh taolo barchamizni ramazon oyi barokatlari bilan mukofotlasin!
Saidabror Umarov suhbatlashdi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati