Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2026   |   12 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
27 Iyun, 2026, 12 Muharram, 1448

“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Onlayn dars beryapman”

06.05.2020   7925   2 min.
“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Onlayn dars beryapman”

Bugun ramazonning o‘nin birinchi kuni. Tanamiz va ruhiyatimiz har tomonlama tarbiyalanmoqda. Shunday ulug‘ kunlardan unumli foydalanayotgan navbatdagi maktub sohibi Andijon viloyati, Zafarobod tumanilik, maktab  o‘qituvchisi Ulug‘bek aka Suyarov.

Ramazon shukuhi barchalarimizga surur bag‘ishlamoqda.  O‘ziga shukr! Ramazon oyi karantin davriga to‘g‘ri kelishi barchamizni oila davrasida bo‘lishimizga imkon bermoqda. Bu ham bir hikmat. Bundan to‘g‘ri va oqilona foydalanish esa musulmon uchun katta bir baxt. Biz ham oilamiz bilan saharlikdan to iftorga qadar kunlik ramazon rejasini tuzib shunga amal qilishga harakat qilib kelmoqdamiz.

Saharlikka turganimizda ekran orqali berib borilayotgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Anbiyolar qissasi” turkum ko‘rsatuvlarini kuzatib boryapmiz.

Saharlikdan so‘ng Qur’oni karim qiroati bilan shug‘ullanamiz. Ikki o‘g‘lim ham Qur’on yodlashni boshlagan.

Bomdod namozidan so‘ng katta o‘g‘lim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf hazratlarining “Sog‘lom bola” kitobini mutolaa qilmoqda.

O‘zim o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berganligim sababmi, kitob o‘qishni oilaviy an’anaga aylantirganmiz. Shu kunlarda Alixon to‘ra Sog‘uniynig “Tarixi Muhammadiy” asarini o‘qiyapman.

Soat 9 lardan maktabga onlayn darslar boshlanadi. Men ham o‘zx fanimdan masofaviy mashg‘ulot o‘tyapman. O‘quvchilarga uyga vazifalarni beraman.

Peshindan so‘ng tomorqamizdagi ekinlarga qaraymiz. Sport va foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanamiz.

Shundan so‘ng “Sahovatli qo‘llar” xayriya guruhi bilan birgalikda mahallamiz va tumanimizdagi qabristonlar obodonligi bilan shug‘ullanamiz.

Shu bilan iftorlik vaqti bo‘ladi. Iftorlikdan so‘ng taroveh namozigacha oilaviy suhbat qilamiz.

Tarovehdan so‘ng men yana adabiyotlar bilan shug‘ullanaman. Ertangi kun masofaviy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘raman.

Alloh taolo barchamizni ramazon oyi barokatlari bilan mukofotlasin!

 

Saidabror Umarov suhbatlashdi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang

26.06.2026   2595   4 min.
Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang..

Bilaman, hozir yelkangizga osmon qulab tushgandek.

Bilaman, kechalari uxlay olmayapsiz – fikrlar boshingizdan ketmaydi. Bir tarafda betob tan, bir tarafda qarz qog‘ozlari, yana bir tarafda odamlarning sovuq nigohi… Lekin shuni biling! Siz yolg‘iz emassiz. Alloh hech qachon bandasini tashlab qo‘ymagan. Faqat ba’zan imtihonni duoga aylantirib yuboradi.

Boshiga tashvish tushgan bandaga Alloh yaqin bo‘ladi. Tashvish kelgan uyga – Allohning nazari tushadi. Chunki quvonchda odam ko‘pincha Robbini unutadi, ammo dardda – qalb uyg‘onadi. Kimdir kasal bo‘ldi – tanasi sindi, lekin qalbi tozalandi. Kimdir qarzga botdi – g‘ururi sindi, lekin tavozesi o‘sdi. Kimdir odamlar tomonidan tashlab ketildi – lekin Alloh uni o‘ziga yaqin qildi. Alloh ba’zi bandalarini sindirib tarbiyalaydi so‘ng yuksaltiradi, boshqalarini esa erkalab qattiq sinaydi.

Betoblik – jazo emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).

Qanchadan-qancha solih zotlar bor – yillar kasal bo‘lib yashagan, lekin birgina nolish og‘zidan chiqmagan. Ular bilishardi: og‘riq tanada bo‘lsa ham, savob daftariga yoziladi. Bir kishi Hasan Basriy rahimahulloh huzuriga kelib dedi:

– Ey imom, boshimdan ketma-ket musibatlar tushyapti. Kasallik, qarz, odamlarning sovuqligi… Nega Alloh meni bunchalik sinayapti? Hasan Basriy yig‘lab bunday dedi:

– “Ey birodar! Agar podshoh seni tez-tez huzuriga chaqirsa, bu seni yomon ko‘rganidanmi yoki yaxshi ko‘rganidan?”.

U kishi: – Albatta, yaxshi ko‘rganidan, dedi.

Hasan Basriy aytdi: “Alloh ham bandani sinab, huzuriga chaqiradi. Chunki musibat bandani Alloh eshigiga olib keladigan eng tez yo‘ldir”.

Qarz – xorlik emas, sabr maktabi qarzga botgan odamni odamlar yerga uradi. Lekin osmon – unga rahm bilan qaraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdor kishi uchun ko‘p duo qilganlar. Chunki qarz – nafsni sindiradi, insonni yolg‘iz Allohga suyanishga o‘rgatadi.

Bugun qo‘lingiz qisqa bo‘lsa ham, qo‘lingiz duoda bo‘lsin. Zero, duo – qarzdan tezroq yetib boradi.

Ko‘ngilni cho‘ktirmang… aynan hozir umid kerak. Eng xavfli narsa – kasallik emas, qarz emas. Eng xavfli narsa – umidsizlik. Shayton sizni shunga undaydi: “Endi bo‘ldi, chiqish yo‘q…”. Qur’on karimda esa bunday deyiladi: “Mahzun bo‘lma, albatta Alloh biz bilan birgadir” (Tavba surasi, 40-oyat).

Ehtimol, bugun yig‘laysiz. Ammo ertaga: “Yaxshiki sabr qilgan ekanman”, deydigan kun ham keladi. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh bunday deganlar: “Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, uni dard bilan band qiladi. Chunki dard bandani Robbiga yaqinlashtiradi. Agar bandaga dunyoni keng qilib bersa, u bandani unuttirib qo‘yishi mumkin”.

Keyin yig‘lab qo‘shganlar: Ba’zi bandalar bor, agar sog‘lom va boy bo‘lsa, halok bo‘lardi. Alloh esa ularni kasallik va muhtojlik bilan jannatga sudraydi”.

Oxirida birgina iltijo… Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirman… Chunki cho‘kkan ko‘ngil – duodan uziladi. Duodan uzilgan qalb esa, eng katta yo‘qotishdir. Agar hozir faqat shuni ayta olsangiz ham yetarli: “Yo Allohim, ko‘tara olmaydigan yukni bermagin”. Mana shu so‘zning o‘zi – najotning boshi. Sira maxzun bo‘lmang… Alloh sinayotgan bandani yo‘qotmaydi, balki yuksaltiradi buni unutmang!


Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani Rahimjon hoji ota jome masjidi imom noibi