Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go‘zal va muborak hamd bo‘lsin.Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo‘lsa, shunday hamdu sanolar bo‘lsin!
Va Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ga, u zotning ahli xonadonlariga, as'hoblariga va barcha izdoshlariga salotu salomlar bo‘lsin!
Alloh taolo Qur’oni karimda buyuradi:
«Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va (har bir) jon erta (Qiyomat kuni) uchun nimani (ya’ni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir».
Darhaqiqat, inson oxirat uchun nima hozirlamoqda? Dunyoda qilgan barcha yaxshi va yomon amallari oxiratdagi hayotini belgilaydi. Iftorlik sadaqa, zakot bergan, masjid qurgan, ro‘za tutgan, namoz o‘qigan, umraga borgan, haj qilgan, ibodat qilgan bo‘lsa, bularning savobi qayerga ketadi? Oxiratga ketadi. Inson dunyodalik vaqtidayoq qilgan amallarini oxiratga yuboradi. Aksincha, gunoh ishlar qilgan bo‘lsa, aroq ichgan, qimor o‘ynagan, zulm, haqsizlik, zino, nomussizlik qilgan bo‘lsa, xullas, Alloh sevmaydigan nimaiki ishlarga qo‘l urgan bo‘lsa, ular ham hammasi oxiratga ketadi.
«Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir!»
Yana boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Ey mo‘minlar, Allohdan haq-rost qo‘rqish bilan qo‘rqinglar va faqatgina musulmon bo‘lgan hollaringda dunyodan o‘tinglar!»
Hazrati Ali: «Ey Rabbim! Sen men xohlaganimdek Parvardigorsan, senga hamd bo‘lsin! Meni ham O‘zing xohlaganing kabi qul qilgin», degan ekanlar. Alloh xohlaganday qul qanday bo‘ladi? Bunday qul taqvo ahli bo‘lishi kerak... Taqvodor qul bo‘lgandan keyin Alloh xohlaganidek qul bo‘ladi. Bunday zotlarni atrofimizda uchratishimiz mumkin. Hech kimni ranjitmaydi, qo‘lida tasbeh, tilida zikru duo, fe’li go‘zal, zarif, shirin so‘z, yaxshilikni sevadigan, farishtadek... Bunday insonlar haqida so‘z ketganda: «Bu odam taqvodordir», deymiz. Xo‘sh, taqvo nima degani o‘zi?
Taqvo, bu arabchada saqlanmoq, qo‘rqmoq degan ma’noni bildiradi. O‘zagi «voqaya»dir. Voqaya qilish biror narsadan asranmoq, saqlanmoq degani. Taqvo bu – insonning o‘zini harom ishlardan saqlashi va qo‘riqlashi. Nimadan asraydi? O‘zini Allohning g‘azabidan asraydi. Chunki Alloh taolo – kuch-qudrat sohibi. U oxiratda insonlarning qilgan amallariga yarasha javobini beradi.
Qiyomat kunining egasi bo‘lganligi uchun Alloh yaxshilarni mukofotlab, yomonlarni jazolaguvchi zot hisoblanadi. Biz nima qilishimiz lozim? Allohning azobidan saqlanishimiz lozim!.. Chunki Alloh yomonlarni jahannamda azoblab, yoqadi. Ko‘zlar ko‘rmagan, aqllar bovar qilmagan qo‘rqinchli azobga giriftor qiladi. Shuning uchun ham Uning azobidan saqlanish kerak.
Hozir ramazon oyidamiz, suhbatimiz ramazon haqida bo‘ladi. Alloh taolo farz qilgani uchun ramazon oyi ro‘zasini tutamiz. Alloh taolo quyidagi oyati karima bilan ro‘zani bizga farz qildi:
«Ey mo‘minlar! Taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi».
Bu oyati karimadan ro‘za tutishga qudrati yetgan har bir mo‘minga ro‘za tutish farz ekanligini bilib olamiz. Chunki «Bo‘yningizga yozildi», deyilmoqda. Bu bir...
Ikkinchisi: «Sizdan oldingi ummatlarga yozilgani kabi, sizga ham yozildi», deb buyurilmoqda. Ma’lum bo‘ladiki, ro‘za tutish bu faqatgina bizga farz bo‘lmagan, bizdan oldingi ummatlarga ham amr qilingan ekan.
Uchinchidan: «Toki taqvo ahli – yaxshi bir musulmon bo‘lsangiz». Demak, ro‘za tutgan odam taqvoga erishishi lozim! Taqvo ahlidan bo‘lgan yaxshi bir musulmon bo‘lish kerak!..
Alloh taolo yuqoridagi oyati karimalarida bizni taqvo ahli bo‘lishga chaqirib: «Taqvo ahli bo‘ling!» deb, uning yo‘li qanday bo‘lishini ham ko‘rsatib qo‘yibdi. Ha, taqvodor bir qul bo‘lamiz, yomon ishlardan saqlanamiz, odobli, tarbiyali, muborak, komil bir musulmon bo‘lamiz, ammo bunga qanday qilib erishish mumkin?
Uning yo‘li va chorasi ro‘za tutmoq. «Oldingi ummatlarga farz qilinganidek, sizga ham farz qilindi, toki siz ham taqvo ahlidek taqvodor inson bo‘lsangiz». Demak, asl musulmon bo‘lishning, Alloh taolo sevgan bir taqvodor mo‘min bo‘lishning yo‘li ro‘za tutmoqdir. Bu oyati karima, taqvo sifatiga erishmog‘imiz uchun, bizga ro‘za yordamchi bo‘la olishini ochiq ko‘rsatib turibdi.
Aziz va muhtaram birodarlar! Tanamizda ikki qo‘limiz, ikki oyog‘imiz, boshimiz, ko‘zimiz, qulog‘imiz bor. Bundan tashqari, ruhimiz, ya’ni jonimiz ham bor... Ruh tirikligida bu qosh, bu ko‘z, ya’ni bu badanning qiymati bo‘ladi, ammo ruh jasadni tark etishi bilan badan hech narsaga yaramay qoladi. Bir oz avval gaplashayotgan bir odam vafot etsa, ruhi chiqib ketsa, endi gapirmaydi, qimirlayotgan bo‘lsa, endi qimirlamay qoladi. Ruh ketishi bilan bu jasadning qiymati qolmaydi.
Nafsning istaklarini “shahavoti nafsoniya” deb aytamiz. Shahavot - xohishlar, orzular degani. Nafs ichkaridan xohishlar hosil qiladi va aytadi: «Voy, och qoldim, voy, suvsadim! Voy, dam olishni xohlayman, uxlamoqchiman!..» va hokazo shunga o‘xshash orzular.
To‘g‘ri, bu istaklar tabiiy ehtiyojdir. Parvardigorimiz hech bir narsani o‘rinsiz yaratmagan. Parvardigorimiz bularning vujudda bo‘lishini xohlab yaratgan ekan, hikmatdan xoli emas, albatta, ma’noga ega... Rabbimizning hikmatsiz biror ishi yo‘q.
Inson o‘z-o‘zini nazorat qilmog‘i lozim! Inson vujudining nazoratchisi bu – nafs. Insonga vujudining ehtiyojini bildirish jihatidan u lozimdir. Ammo bu nafsni o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, haddidan oshib ketadi. Ya’ni shahavoti nafsoniya – nafs orzularining chegarasi bo‘lmaydi, davom etib ketaveradi. Chegaradan chiqib ketganidan keyin insonni gunohlarga boshlaydi. Masalan, o‘g‘irlik qildiradi, birovning nomusiga ko‘z olaytiradi, tanballikka da’vat etadi, ko‘p uxlashga giriftor qiladi, boshqalar ishlasin, men tekinga yashayman, deb vasvasaga soladi va shunga o‘xshash boshqa gunoh ishlarga chorlaydi.
Nafsning ushbu holatiga nafsi ammora deb ataladi. U shunday nafski, insonlarni yomonlikka amr qiladi... Inson nafsi tarbiyalanmadimi, u albatta, razolatga boshlaydi, jaholatga buyuradi. Yusuf surasida:
«Chunki nafs – agar Parvardigorimning O‘zi rahm qilmasa – albatta, barcha yomonliklarga buyurguvchidir», degan oyat bor.
Nafsning haddan oshib ketayotgan orzularini to‘xtatish lozim! Kim to‘xtatadi? Bolani otasi to‘xtatadi: «Futbol o‘ynama! Kinoga borma! O‘tir, darsingni qil! Tur, uxlama!.. Uy vazifasini bajar, keyin tashqariga chiqib o‘yna!» va shunga o‘xshash. Kimdir uni boshqarib turadi.
Xo‘p, bola ulg‘ayib kuchli-quvvatli yigit bo‘ldi, o‘z-o‘ziga buyruq beradigan bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni kim idora etadi?.. U insonning nafsini kim boshqaradi, tarbiya qiladi? Insonning nafsi tarbiyaga muhtoj! Agar nafs tarbiya qilinsa, inson najot topadi. Qaysi dalilga ko‘ra, qaysi hujjatga ko‘ra qutuladi? Alloh taolo bunga javoban Qur’oni karimda shunday buyuradi:
«Darhaqiqat uni (ya’ni o‘z nafsini - jonini imon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi». Nafsini tarbiyalab poklagan, isloh qilgan qutuladi. «Nafsini tarbiya qilmagan ezgulikdan mahrum qoladi, Insonning nafsi tarbiyalangan bo‘lishi lozim!.. Boshliqning, xo‘jayinning, xotinning, erkakning, har bir kishining nafsi tarbiyalanishi lozim!.. Nafsi tarbiyalangan odam komil inson bo‘ladi. Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Bahouddin Naqshband, Ibrohim Adham kabi nafsini tarbiyalagan komil insonlar bo‘lishgan. Hammalaridan Alloh rozi bo‘lsin! Bularning barchasi tarixda nomi qolgan sevimli buyuk insonlardir.
Shurayh hazratlari qozi edilar. Bir kuni mahkamaga ikki kishi kirib keldi. Biri – musulmon, ikkinchisi - nasroniy edi. Shunda u kishining yuragi bir jiz etdi va «Inshoalloh, musulmon haqlidir», dedilar. Ko‘ngillari tarafkashlik qildi. Qarang, da’volarini aytish uchun da’vogarlar qozining huzuriga keldilar. Qozining ko‘ngli esa musulmon kishiga mayl etdi. Musulmonni sevdi, chunki u dindoshi, yo‘ldoshi, hamzikri edi.
Kelganlarning arzini eshitgach, baxtga qarshi, musulmon haqsiz, nasroniy haq bo‘lib chiqdi.
Qozi Shurayh da’voni bitirdilar, ammo umrlarining oxirigacha iztirobda yashadilar:
«Nega qalbim mendan adolat so‘rab kelgan ikki kishining birinchisiga oldinroq mayl etdi?» deb o‘zlarini ayblab yurdilar. Qarang, insonning nafsi tarbiyalangandan keyin o‘z-o‘zini qanday jiddiy nazorat qiladi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) hamma narsaga qiziquvchan va ashyoning asl ma’nosini idrok eta bilgan kishi edilar. Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)dan so‘radilar:
«Alloh taolo Qur’oni karimda taqvoni ko‘p amr qilgan. Taqvo o‘zi nima?
Qur’oni karimni jamlagan, uni juda ham yaxshi bilgan olim sahobalardan biri bo‘lgan Ubay ibni Ka’b (roziyallohu anhu) juda ham mazmundor javob beradilar:
– Ey Umar, sen tikanli dalada yurganmican?
– Yurganman!
– Qanday qilib yurding?
– Etaklarimni yig‘ib oldim. (Arablar uzun ko‘ylak kiyadilar...)
– Nega bunday qilding?
– Tikanlar etaklarimni yirtmasligi va oyog‘imga tikanlar kirmasligi uchun. Oyog‘imga tikan kirsa, qonatadi va og‘ritadi.
– Taqvo ham shunday! – deb javob berdilar Ubay ibni Ka’b (roziyallohu anhu).
Qarang, qanday javob bermoqda? Tamsil yo‘li bilan, ya’ni o‘xshatish bilan, esda qoladigan bir misol bilan tushuntirmoqda.
Shuning uchun gunoh tikanlarini bosmasliging kerak! Gunoh tikanlariga ko‘ylagingni ilintirmasliging lozim! Diqqat bilan yurishing darkor! Ehtiyot bo‘lib yursang, harom ishni ham qilmaysan. Hushyor bo‘lsang gunohkor bo‘lmaysan.
Ammo, insonlar bu gunohlarni bilmaganliklaridan qilmoqdalarmi?
Ichkilik, qimor, yolg‘on, foizning (sudxo‘rlikning) gunohligini hamma biladi. Bilmasdan qiladiganlari juda ham oz. Alloh harom qilganligini bilgan hamda tushungan holda yana nimaga bu gunoh ishlarni qilmoqdalar? Chunki nafsga hokim bo‘lolmaganliklaridan o‘zlarini tutolmaydilar. «O‘zimni tutolmadim, nafsimga hokim bo‘lolmadim, kechirasiz!» deydilar. Yoki «Shaytonga ergashdim, nafsga bo‘ysundim», deb uzrxohlik qilishadi.
Demak, nafsga ergashmaslik uchun musulmon ramazonda bir oy ta’lim oladi. Qanday ta’lim oladi? Suv ichmaslik, ovqat yemaslik, xotiniga yaqinlashmaslik orqali bilim va malakasini oshiradi. Endi quyidagi oyati karimaning ma’nosi anglashilayotgandir?
«...Sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham ma’lum kunlarda ro‘za tutish farz qilindi».
Shuni unutmaylikki, aziz birodarlar, ro‘za faqat shakliy ibodat emas... Balki, ro‘zadan asl maqsad ruhiyatni poklash, taqvoni kuchaytirishdir.
Misrlik bir imom domladan:
«Misrliklar Qur’oni karimni juda ham chiroyli o‘qiydilar, bizga biror oyat o‘qib bermaysizmi!» deb iltimos qildik.
«O‘qiyman, lekin bir shartim bor. Marhamat qilib, Qur’oni karimni quloqlaringiz bilan emas, balki qalblaringiz bilan tinglang!» dedi u.
Chunki ko‘p insonlar quloq bilan eshitadilar, ammo qalb quloqlari eshitmay qoladi. Bolaga otasi nasihat qilganida u eshitmaydimi? Eshitadi. Unday bo‘lsa, nega yana yomonlik qiladi?.. Demak, to‘la qabul qila olmaydi. Biz buni bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketdi, deymiz. Aslida u qabul qila olmadi, eshita olmadi. Demak, anglay olmadi, eshitganni esa amalga oshirish lozim! Eshitganini qalbiga joylashtirishi lozim! Ibrat nazari bilan ko‘rishi lozim, ko‘rganini esa qalbga naqsh qilishi lozim!
Shu sababdan ham imom domla: «Men Qur’on o‘qiyman, ammo, iltimos, meni quloqlaringiz bilan emas, qalbingiz bilan eshiting!» deb bejiz aytmagan. Xuddi shuningdek, muhtaram birodarlarim, siz ham ro‘zani shakliy tutmang, och qoldim, suvsadim deb o‘ylamang! Ro‘zaning ma’nosiga yetishga, uning ma’naviy tarbiyasini olishga harakat qiling!
Ro‘za sizu bizni irodasi kuchli taqvodor inson holiga keltiradigan ish-harakatdir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ro‘za asrlar bo‘yi davom etib kelgan ilohiy zamonaviy ish-faoliyat deyish mumkin...
Abdumannon USMONOV,
"Hasanboy" jome masjidi imom-xatibi
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
“Botil da’volarga asosli raddiyalar” kitobi asosida tayyorlandi.