Imom G‘azzoliy deydilar: “Bilgilki, ro‘za uch darajadadir: ommaning ro‘zasi, xosning ro‘zasi va xosning xosi ro‘zasi.
Ommaning ro‘zasi – yemaslik, ichmaslik va nafsoniy-jismoniy ehtiyojlardan tiyilib turish.
Xosning ro‘zasi – quloq, ko‘z, til, qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan tiyishdir. Bular solih bandalardir.
Xosning xosi ro‘zasi esa o‘zni og‘ir tashvishlar va dunyoviy fikrlardan ro‘za tuttirish, Alloh taolo zikridan boshqa narsani batamom to‘sishdir. Bu ro‘zada og‘iz ochilishi Alloh taolo va oxirat kunidan boshqani fikrlash, ya’ni dunyoni o‘ylash bilan hosil bo‘ladi. Bu payg‘ambarlar, siddiqlar va muqarrab zotlar darajasidir.
Imom Buxoriy, Termiziy, Zamahshariy, Marg‘iloniy, Bahouddin Naqshband kabi qancha-qancha mashhur olimlar, qorilar ulug‘ piri komillarning qonlari bizning tomirlarimizda oqmoqda. Demak, bizlar ommaning ro‘zasidan bo‘lak, xos kishilarning ro‘zasiga ham diqqat qilmog‘imiz lozim.
Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak? Biz nimalarga e’tibor berishimiz zarur? Biz nima amal qilsak ro‘zamiz Parvardigor xohlaganidek bo‘ladi? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- :« مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ وَالْجَهْلَ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ
“Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni hamda johillikni tark qilmasa, uning och-nahor yurganiga Alloh taoloning ehtiyoji yo‘q”.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ
“Ro‘za to‘siqdir. Qachonki sizlardan birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yolg‘on so‘z gapirmasin, haqorat so‘zlarni aytmasin. Agar biror kishi u bilan urishsa yoki so‘kishsa, “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”.
Ya’ni, “men ro‘zadorman” deyishligi bilan kishi “Men tilimni saqlashga Allohga va’da berganman, qanday qilib senga javob qaytaraman”, deganidir.
Bir oy davomida ushbu issiq kunlarda qilgan shuncha ibodatimizni bir og‘iz yolg‘on yoki johiliy so‘zlarni aytishlik ila behuda qilib qo‘ymaylik.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « كُلُّ عَمَلِ ابْنِ آدَمَ يُضَاعَفُ الْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ إِلَى مَا شَاءَ اللَّهُ يَقُولُ اللَّهُ إِلاَّ الصَّوْمَ فَإِنَّهُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِى
“Odam bolasining hamma amali savobi ko‘paytirib beriladi. Bir yaxshilikka uning 10 mislidan to 700 barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Bandamning hamma amali o‘zi uchun, faqatgina ro‘zasi Men uchundir. Uning mukofotini Men o‘zim beraman. Odam bolasi shahvatini va taomini Men uchun tark qiladi”, deydi.
قال رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم " إن الصوم أمانة فليحفظ أحدكم أمانته
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Albatta, ro‘za omonatdir. Sizlardan har biringiz o‘z omonatini saqlasin”.
Alloh taolo Niso surasi 58-oyatda marhamat qilib aytadi:
إِنَّ اللّهَ يَأْمُرُكُمْ أَن تُؤدُّواْ الأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا
“Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi”.
Har bir ibodatning zohiri va botini, po‘sti va mag‘zi borligi hammamizga ma’lum. Ro‘zaning zohiri bu – yemaslik, ichmaslik va nafsoniy-jinsiy ehtiyojlardan tiyilib turish. Mag‘zi esa bu yuqorida aytib o‘tilgan hadislarga amal qilishlikdir, ya’ni quloq, ko‘z, til, qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan tiyishdir.
Hoshimjon NIZOMIDDINOV,
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati