Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon - Qur’on oyi

01.05.2020   7949   5 min.
Ramazon - Qur’on oyi

Oylarning sultoni Ramazon xonadonimiz mehmonidir. Ramazon — rahmat va mag‘firat oyi ekanligi barchamizga ma’lum. Bu oyda  musulmonlar ulkan savoblar umidida ko‘p ezgu ishlarni amalga oshiradilar. Alloh taoloning yaxshi ishlar uchun ajru mukofotlarni bir necha barobar ko‘paytirib ato etadigan bu kunlarni g‘animat biladilar.  Ramazon oyi bir qancha nomlar bilan nomlanadi. Misol tariqasida: “rahmat oyi”, “taqvo oyi”, “baraka oyi”, mehr-muhabbat oyi”, “sadaqa oyi”, “savoblarni qo‘lga kiritish oyi”, “mag‘firat oyi” va albatta “Qur’on oyi” degan nomlarni keltirishimiz mumkin. Bu oyda ko‘plab insonlar Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Chunki bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oydir.

Qur’oni Karimda Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi;

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat)

Ramazon oyida mamlakatimizning mingdan ortiq masjidlarda xatmi Qur’on qilinadi. Qur’oni  Karim qorilar tomonidan bir karra to‘liq o‘qilib, eshittiriladi. Ramazon oyida Qur’oni Karimni xatm qilish sunnat amallardan biridir. Uni tilovat qilish ham, shu tilovatni eshitish ham ulug‘ ibodatdir. Hadisi sharifda;

“Sizlarning eng  yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib va uni boshqalarga o‘rgatganingizdir deyiladi. (Buxoriy rivoyati).

Shu o‘rinda o‘tgan ulamolarimizning Ramazon oyida Qur’oni karim tilovatiga katta e’tibor qaratganliklarini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Imom Zahabiy o‘zlarining “Siyar a’lamun-nubala” kitoblarida Murtazo ibn Afifni tarjimayi holida: “U faqir va o‘ta sabrli inson edi. Bir oyda o‘ttiz marotaba Qur’onni xatm qilar, Ramazon oyida esa oltmish marotaba xatm qilar edi” deganlar.

Abu Is'hoq Ibrohim ibn Muhammad an-Nasaviy: men Abu Bakr ibn Hadodning shunday degan gapini eshitdim dedi: “Men imom Shofe’iydan ustozi Robi’ Ramazon oyida Qur’onni namozda o‘qiganlaridan tashqari 60 marotaba xatm qilar edi degan gapini o‘zimga oldim. Meni eng qodir bo‘lganim 59 ta xatm bo‘ldi, Ramazondan boshqa vaqtlarda esa, 30 marotaba xatm qilar edim”.

“Siyaru a’lamun-Nubala” kitobida shunday xabar keladi: Salom ibn Abu Muti’: “Qatoda yetti kunda bir marotaba Qur’onni xatm qilar edi. Ramazon oyida esa, uch kunda bir xatm qilar, agar ro‘zaning oxirgi o‘n kunligi kelsa, har kuni bir marotaba xatm qilar edi” dedi.

“Tarixi Bog‘dod” kitobida  kelishicha Xalifa Ma’mun Ramazonda o‘ttiz uch marotaba Qur’onni xatm qilgan ekan.

Ahmad ibn Hanbalning “Kitabuz-Zuhd” kitoblarida kelishicha  Ibn Sirin Ramazonda tunlari hech uxlamas ekan.

Tarixu Bag‘dodda kelishicha Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy) har kuni kunduzda bir marotaba xatm qilar edi. Taroveh namozidan keyin ham qoim bo‘lar va uch kunda bir marotaba xatm qilar edi.

Nasj ibn Saiddan rivoyat qilinadi: “Ramazonning birinchi kechasi bo‘lsa, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning do‘stlari jamlanar edi. Imom Buxoriy ularga namoz o‘qib berar, Qur’onni xatm qilguncha har rakatda yigirma oyatdan o‘qir edi. Saharda esa, Qur’onni yarmi yoki uchdan birini o‘qir edi. Har uch kechani saharida bir xatm tugar edi. Kunduzlari bo‘lsa, har kuni bir marotaba xatm qilar edi. U zot kunduzgi xatmlarini iftor vaqtida tugatar va “Har bir xatm tugashida bitta ijobat bo‘lguvchi duo bor” der edi.

Shu o‘rinda, mustaqilliknning ilk yillarini esga olaylik. Masjidlarimizda xatmi Qur’on qilish uchun qorilar yetishmas, Ramazon oyida Misr, Turkiya kabi davlatlardan qorilar kelar edi. Qisqa vaqt ichida istiqlol sharafi ila, o‘zimizdan qorilar yetishib chiqdi. Nafaqat o‘zimizda balki qo‘shni Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarga borib xatmi Qur’on qilish uchun  qorilarimiz taklif etilmoqda. Qorilarimiz u joydagi musulmonlarga Qur’oni Karimni tilovat qilib, yurtimiz sha’nini ko‘klarga ko‘tarmoqdalar. Bu yil mingdan ortiq jome  masjidlarimizda xatmi Qur’on qilinayotgan bo‘lsa, ularning hammasida o‘zimizdan yetishib chiqqan yosh qorilarimiz qatnashmoqdalar.

Azizlar Ramazon oyini g‘animat bilib va ulug‘larimizdan Ramazon oyini qanday o‘tkazganlari va ushbu oyda Qur’onga bo‘lgan e’tiborlari va ehtimomlari naqadar yuksak bo‘lgani haqida ibrat olishimiz va bizlar ham Muborak Ramazon oyini Qur’on oyi ekanini his qilgan holda Qur’on o‘qishga qattiq bel bog‘lamog‘imiz kerak bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin.

 

Abdulaziz Bobamirzayev,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   23348   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari