Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Saharlik fazilatlari

30.04.2020   1952   2 min.
Saharlik fazilatlari

Saharlik – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati) 

Nabiy alayhissalom sahobalarga saharlik qilish va uning fazilatlari haqida so‘zlab berardilar, ular bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati). 

Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). 

Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati). 

Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati). 

Saharlikda xurmo iste’mol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi.

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

23.12.2024   297   7 min.
Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.

Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).

Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.

Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.

Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».

 

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.

Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.

Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.

Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam bunday deganlar: «Erkak erkakning, ayol ayolning avratiga qaramasin. Erkak erkak bilan bir matoga o‘ranib olmasin, ayol ayol bilan bir matoga o‘ranib olmasin» (Imom Muslim rivoyati).

 

Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.

Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.

Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)

Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:

«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).

Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:

«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).

Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.

Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).

Avratga qarash ham zinoning bir turidir. Erkakning, ayolning avratiga qaraydigan kimsalarga qanday jazo berilishi quyidagi oyatlarda aytilgan: «(Mo‘minlar) Allohdan boshqa hech qanday ilohga ibodat qilmaydilar; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirmaydilar; zino qilmaydilar. Kim bu ishlarni qilsa, uqubatga duchor bo‘ladi. Qiyomat kuni ularning azobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, ular u yerda xor bo‘lib, abadiy qoladi. Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir» (Furqon surasi, 68-70-oyatlar).

Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.

Maqolalar