Ezgulik va ehson, ibodat mavsumi Ramazonga yetganimiz ulug‘ bir ne’mat. Alloh taolo bu oyda gunohlardan poklanishimiz, nafslarimizni tarbiyalab, toatlarga o‘rgatishimiz uchun bizga ro‘zani farz qildi, Qur’on tilovatiga, kechalari qoim bo‘lishga, xayr-ehson qilishga undadi.
Shubhasiz, bu oyning eng ulug‘ ibodati ro‘zadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odam bolasining har bir (yaxshi) amali savobi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh taolo aytdi: “Faqat ro‘za mustasno. Albatta, u Men uchun va unga O‘zim mukofot beraman. Banda shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”” (Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za insonni yolg‘izlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, toatlarga sabrli bo‘lishga, doim go‘zal xulqli bo‘lishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq bo‘lishga o‘rgatadi.
Ramazon – tarovih oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oy kechalarida ibodat bilan qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar unsidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).
Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara, 185). Ro‘zador bu oyni Qur’oni karim tilovati uchun g‘animat bilishi kerak. Qur’on ro‘zadorga shafoatchi va guvohdir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbim, men uni kunduzi taomdan va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on: “Men uni tunda uyqudan qoldirdim, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkalovi shafoatchi qilinadi” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu oyda boshqa oylarga qaraganda ko‘proq saaxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilingan. Zero bu oyda qilingan sadaqa va ehsonlar savoblari ko‘paytirib beriladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan vaqtlari Ramazonda – Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. U zot Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har tunida uchrashib, Qur’onni dars qilishar edi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) saxovatda esayotgan shamoldan-da tez bo‘lib ketar edilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan institutning talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan institutning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD