Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.
“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:
1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;
2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;
3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.
Stol tennisi musobaqasi natijalari:
1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);
2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);
3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati