Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.