Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehr-oqibat, oqibat va xayr-saxovat marafonlari yangicha sur’at va keng yoyilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan ushbu ezgu tashabbuslar yurtimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimizga mehr ulashishga qaratilgan.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan "Imom eshon Muhammad" jome masjidida yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimiz uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini berish tadbiri o‘tkazildi.
Ko‘ngillarga umid, yuraklarga quvonch taratgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov va "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi A.Jolovshiyevlar ishtirok etib, 35 bolaga maktab formalari va bayram sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdi.
Bunday g‘amxo‘rlik tadbiri farzandlarimizning ko‘zlarida quvonch uchqunini yoqib, ko‘ngillarida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
"Inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda doimo taraqqiyot va baraka bo‘ladi."
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti