Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va Moliyaviy nazorat va taftish bo‘limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Hidoya» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda sohadagi islohotlarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Zayniddin domla o‘z ma’ruzasida yosh avlodning ma’naviy qiyofasi, ilmiy salohiyati va odob-axloqi masalalariga urg‘u berib, tolibi ilmlarga muhim hayotiy tavsiyalarini berdi.
Talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni diniy-milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida yakunlandi.
Ravza.uz