Ramazon Qur’on oyi. Bu oyda Qur’on nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Jabroil alayhissalomga har yili Ramazon oyida Qur’onni o‘qib berardilar. Ulug‘larimiz bu fazilatli oyda qiladigan asosiy ishlaridan biri Qur’oni Karimni xatm qilish bo‘lardi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday deganlar: “Haqiqiy ro‘za taom va sharobdan tiyilishgina emas, balki u yolg‘ondan, botildan, lag‘vdan va qasamdan tiyilishdir”. Ibn Abu Shayba rivoyati.
*****
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida kunduzi bir xatm, har uch kunda taroveh namozidan keyin yana bir xatm qilar edilar.
*****
Sa’id ibn Jubayr rahimahulloh har ikki kechada Qur’onni xatm qilardilar.
*****
Zubayd Yomiy Ramazon oyi kelsa, Mus'hafni olib kelar (ya’ni Qur’onni tilovat qilishga astoydil kirishar) va do‘stlarini ham shu ishga jamlardilar.
*****
Valid ibn Abdulmalik rahimahulloh har uch kunda Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazon oyida jami o‘n yetti marta xatm qilishga erishardilar.
*****
Abu Avona aytadilar: “Qatodaning Ramazon oyida Qur’ondan dars berayotganini ko‘rdim”.
*****
Qatoda hazratlari yil davomida Qur’onni o‘qib yurib, har yetti kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazon oyi kelganda, har uch kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazonning oxirgi o‘n kunlarida esa har kecha bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar.
*****
Imom Shofeiyning shogirdlaridan Rabiy’ ibn Sulaymon aytadi: “Shofeiy Ramazon oyida Qur’onni oltmish marta xatm qilardilar. Ya’ni har kecha ikki martadan xatm bo‘lardi. Ramazonda boshqa oylarda esa har oy o‘ttiz martadan xatm qilardilar”.
*****
Qosim ibn Ali otasi Ibn Asokir haqlarida shunday deydi: “Otam jamoat namozini, Qur’on tilovatini qoldirmas edilar. Odatda har juma Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazonda esa har kuni xatm qilardilar va (Damashq masjidining) sharqiy minorasi (tarafi)da e’tikof o‘tirardilar”.
*****
Ma’lumki, Qur’onni uch kundan oz muddatda xatm qilishdan qaytarilgan rivoyat bor. Chunki inson uch kundan oz muddatda xatm qilsa, uni tushunmasligi aytilgan. Ibn Rajab Hanbaliy salafi solihlarimizning uch kundan oz muddatlarda Qur’onni xatm qilishganini quyidagicha izohlaganlar: “Qur’onni uch kundan oz muddatda xatm qilishdan qaytarilishi doim xatm qilishni yo‘lga qo‘yishga tegishlidir. Ya’ni inson umri davomida Qur’onni muntazam xatm qilishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa, uch kundan oz muddatda xatm qilmaydi. Ammo Ramazon oyi kabi fazilatli vaqtlar, Qadr kechasi kabi ulug‘ kechalarda, Makka kabi fazilatli shaharlarga kirganda ushbu vaqt va joylarni g‘animat bilib, Qur’onni ko‘proq tilovat qilish mustahabdir. Bu imom Ahmad, Is'hoq va ulardan boshqa imomlarning so‘zlaridir”.
*****
Ibn Rajab aytadilar: “Imom Shofeiy roziyallohu anhu “Men biror kishining Ramazon oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib saxovatni ko‘paytirishini yaxshi ko‘raman. Odamlarning bunga hojati ham bo‘ladi. Chunki ular kasb qilishdan ko‘ra ro‘za, namoz kabi ibodatlar bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘ladilar”.
*****
Ibn Umar roziyallohu anhu ro‘za tutib, iftorni miskinlar bilan birga qilardilar. Masjidga borib (Shomni) o‘qib, keyin uylariga bir guruh miskinlar bilan qaytardilar.
*****
Yunus ibn Yazid aytadi: “Ibn Shihob Zuhriy Ramazon oyi kirsa, “Bu oy Qur’on tilovati va taom ulashish oyidir” derdilar”.
*****
Hammod ibn Sulaymon rahimahulloh Ramazon oyida besh yuz kishiga iftorlik qilib berardilar. U kishi ularning har kunlik iftorini qilib berishni o‘z zimmalariga olgandilar. Ramazon hayiti namozidan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan hadya berardilar.
*****
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan