Ba’zilar “Ro‘zaning hikmati nima?” yoki “Ro‘za tutishdan maqsad nima?” degan savollarni beradilar.
Alloh taolo bandalarini nima ishga buyurgan va ularini nimadan qaytargan bo‘lsa, buyuk hikmatga ko‘ra buyurib-qaytargandir. U Zotning barcha ishi hikmatdan xoli emas. U Zot Hakimdir.
Biror ibodatni buyurishdan ko‘zlangan maqsad ba’zan oshkora aytilgan bo‘lsa, ba’zi o‘rinlarda maxfiy qilingan. Ulamolar bu hikmatni izlab, o‘rganib, topib, odamlarga bayon qilib beradilar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda ro‘zaning katta hikmatini bayon qilib shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Demak, ro‘zaning farz qilinishidan ko‘zlangan katta maqsad – taqvodorlikdir.
Xo‘sh, inson ro‘za sababli qanday qilib taqvodor bo‘ladi?
Ro‘za tutganingizni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, bilolmaydi. Ramazonda kunduzi hech narsa yemay, hech narsa ichmay yuribsiz. Sizni yeyish-ichishdan nima to‘syapti? Borib muzdek suv ichsangiz, sizni biror inson ko‘rmaydi-ku! Lekin ichmaysiz. Chunki sizni Alloh ko‘rib turganini o‘ylaganingiz uchun ichmaysiz. Ha, Alloh meni ko‘rib turibdi degan qo‘rquv suv ichishdan sizni to‘syapti. Bu muroqabadir. Allohning ko‘rib turganini his etishdir. Inson Allohning ko‘rib turganini his qilsa, Uning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytadi. Bu esa – taqvodir.
Ro‘zador odam shu ro‘zasi sababli poklanadi, shu ro‘zasi sababli taqvodor bo‘ladi, shu ro‘zasi sababli gunohlardan tiyilishni o‘rganadi. Sizni gunoh qilishga sharoitingiz bor bo‘lsa ham, qo‘lingizni cho‘zsangiz gunoh sodir bo‘lsa ham shu ishni qilmaysiz. Alloh meni ko‘rib turibdi deb yeyish-ichishdan tiyilishda egallagan malakangiz gunohdan tiyilishda ham qo‘l keladi.
Shayx Sa’iyd ibn Muhammad Kamaliyning mav’izasidan
O‘MI matbuot xizmati
Xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimizning diniy savol-javoblarga bo‘lgan ehtiyojlarini yengillashtirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan masofaviy murojaat xizmati yanada takomillashtirildi.
Endilikda musofirdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus @fatvouz_musofir_bot telegram boti ishga tushirildi!
Aqlli qidiruv: Savolingizni yozing — bot boy fatvolar bazasidan sizni qiziqtirgan savolga zudlik bilan javob topib beradi.
Yozma murojaat: Agar bazadan kerakli javob topilmasa, savolingizni ulamolarga yozma ravishda yuborib, tez va mufassal javob olishingiz mumkin.
Parda ortidagi muloqot: Zarurat tug‘ilganda, Fatvo markazi mutaxassislari bilan bevosita qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanish imkoniyati mavjud.
Musofir yurtdoshlarimiz uchun ishonchli diniy manba:
Do‘stlaringiz va yaqinlaringizga ham ulashing!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati