1-savol: Ro‘zador kishining tobi qochsa, unga ukol qilish mumkinmi?
Javob: Alloh taolo bandalari zimmasiga toqatidan ortiq narsalarni yuklamaydi.
Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) hazratlari tanaga bir narsa kirishi bilan ro‘za buziladi, deganlar. Shuning uchun ro‘zador ukol olsa ro‘zasi buziladi.
Agar o‘ta zarurat bo‘lmasa, ukolni iftorlikdan keyin yoki saharlikdan oldin qildirib olgani ma’qul. Lekin ro‘za tutganida sog‘ligi yomonlashgani tufayli ukol olmasa, hayoti xavf ostida bo‘lsa, ukol olib, ro‘zasining qazosini Ramazon tugaganidan keyin tutib beradi.
2-savol: O‘tmishda qoldirgan ro‘zalarim uchun fidya bersam bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q. Qari kishilar, ya’ni kundan-kun madori ketayotgan chol yoki kampir Ramazon ro‘zasining har bir kuni uchun fidya (bir miskinga ikki kilo bug‘doy yo uning bahosini) beradi (“Hidoya”, “Fatovoyi Hindiya”).
Siz o‘tmishda qoldirgan ro‘zalaringizning har bir kuni uchun qazosini tutib berasiz.
3-savol: Ramazon kunlaridan birida yoqqan yomg‘irda yurgan odamning og‘ziga bir-ikki tomchi yomg‘ir suvi kirib ketsa, ro‘zasi buziladimi?
Javob: Agar o‘sha odamning ixtiyoridan tashqari, bexosdan suv kirib ketsa, ro‘zasi buziladi va qazo (bir kunga bir kun) tutib beradi. Bordiyu, yomg‘ir suvini qasddan yutsa, unga ham qazo, ham kafforat lozim bo‘ladi. Ya’ni, bu odam buzilgan ro‘zasi uchun bir kun tutib berishdan tashqari, jarima sifatida ikki oy ketma-ket ro‘za tutib berishi, bunga qurbi yetmasa, oltmishta miskinning bir kunlik taomini sadaqa qilishi kerak bo‘ladi (“Fatovoyi Hindiya”).
4-savol: Ramazon oyida tishi og‘rib qolgan odam muolaja va og‘riq qoldirish maqsadida ukol olsa, ro‘zasi buziladimi?
Javob: Kishi ana shunday noqulay vaziyatda qolmasligi uchun ramazon oyi kirishidan oldin o‘ziga bir qarab, kerakli muolajalarni olishi kerak. To bu barakotli oy sharofatidan to‘liq bahramand bo‘lsin, uning ibodat qilish zavqiga hech qanday qiyinchilik xalaqit bermasin. Shunday bo‘lsa ham, ramazon oyida birdan tishi og‘rib, ukol olgan kishining ro‘zasi buziladi va keyin o‘sha kun uchun bir kun qazo tutib beradi (“Fatovoyi Hindiya”).
5-savol: Qazo ro‘za tutish qanday niyat qilinadi?
Javob: Qazo ro‘za tutish uchun subh sodiq kirishdan oldin niyat qilinadi.“Zimmamdagi qazo ro‘zani tutishni niyat qildim”deb niyat qilinadi.
6-savol: Payg‘ambarimiz (s.a.v.): Kimki Jumodul oxir oyining 13, 14, 15 kunlari ro‘za tutsa bir oy ro‘za tutgan bilan barobardir deganlar. Shu bir oy deb qabul qilinadigan ro‘za Ramazonning bir oylik qazosiga o‘tadimi?
Javob: Ramazon ro‘zasining qazosi “Ramozon ro‘zasini qazosini niyat qildim” – deb, bir kun uchun bir kun tutiladi. Ya’ni har bir qazo qilingan ramazon ro‘zasi uchun bir kun ro‘za tutiladi. Ushbu zikr qilingan kunlarda ro‘za tutish savobda bir oylik ro‘zaga barobar deyiladi. Amalda yoki adadda bu qazo ro‘zalar o‘rniga o‘tmaydi.
7-savol: Mening qazo ro‘zalarim bor. Necha yilligini aniq bilmayman, shuning uchun dushanba, payshanba kunlari qazo ro‘zalarimni tutib bermoqchiman. Qanday niyat qilish kerak?
Javob: Mazkur tutmagan qazo ro‘zalarni niyat qilasiz. Agar qaysi yil va qaysi kunning ro‘zasini tutayotganingiz aniq bo‘lsa, shuni niyat qilasiz. Agar qaysi yil va qaysi kunning ro‘zasi ekani aniq bo‘lmasa, avvalgi ro‘za deb niyat qilasiz. Shunda avvalgilari birin-ketin soqit bo‘lib boraveradi.
O‘MI Matbuot xizmati
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati