Mohi Ramazon ro‘zasini bizlarga farz qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
Ramazon oyining tunlarini bedor, ibodatda o‘tkazishni biz ummatlariga sunnat qilib qoldirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!
Ushbu muborak oyni o‘zimiz uchun foydali va unumli o‘tkazishda ulamolarning bir qancha tavsiyalariga tayanib ish ko‘rish maqsadga muvofiqdir.
Biz ham oilamiz bilan birgalikda ushbu muborak oyni ustozlarimizning tavsiyalariga asosanlangan holda o‘tkazishga harakat qilmoqdamiz.
Quyida mazkur tavsiyalarni sizlarga ham ilindik. Zotan, ularga amal qilgan bandalar albatta bu oyning fazlu barokatidan ulushga ega bo‘ladi.
1. Ramazon tunlarini bedor o‘tkazish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Ramazon kechalarini iymon va savob umidida namoz o‘qib bedor o‘tkizgan kishining gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
2.Miskinlarga taom ulashish. Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Inson surasi, 2-7 oyatlarida shunday marhamat qiladi:
“O‘zlari suyumli (ya’ni muhtoj bo‘lishlariga) karamay miskin, yetim va asirlarga taom beradilar va biz sizlarga Allohning yuzi uchun taom beramiz. Sizlardan mukofot va minnatdorchilik istamaymiz. Bizlar Parvardigorimiz tomonidan bo‘ladigan, (daxshatli azobidan yuzlar) tirishib, burishib qoladigan bir Kundan qo‘rqamiz – dedilar”.
3.Ro‘zadorlarga iftorlik berish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Ro‘zadorga iftor bergan kishiga ro‘zadorning savobining mislicha savob beriladi va ro‘zadorning savobi hech ham kamaytirilmaydi” (Nasoiy rivoyati).
4.Ko‘proq sadaqa va ehson qilish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam eng saxovatli kishilardan edilar. Xususan, ramazon oyi kelganda u kishining saxovatlari, esib turgan shamoldan ham saxovatliroq bo‘lib kolar edi.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Sadaqalarning eng afzali ramazon oyidagi sadaqadir” — dedilar (Termiziy rivoyati).
5.Qur’onni ko‘p o‘qish. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamshunday deganlar: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvat (darajasi)ga pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boribdi. Faqat unga vahiy qilinmaydi, xolos. Qur’on sohibi qalbida Allohning Kalomi bo‘la turib g‘azab qilgan kishi bilan tortishishi va johil kishiga qo‘shilib johillik qilishi to‘g‘ri emas” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da va Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan).
6.Qadr kechasini izlash. Alloh taolo Qur’oni karimning Qadr surasi, 1-3 oyatida shunday deydi:
“Albatta Biz u (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad sallallohu alayhi va sallam), Qadr kechasi nima ekanligini Siz kayerdan ham bilar edingiz?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir”.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Qadr kechasini iymon bilan va savob umidida namoz o‘qib o‘tqizgan kishining o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
7.Zikr va istig‘forni ko‘paytirish. Alloh taolo Ra’d surasining 28 oyatida marhamat qiladi:
“Ular iymon keltirgan va Allohning zikri ila qalblari orom topganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning zikri ila qalblar orom topur!”.
Albatta, iymon keltirganlarning qalblari Allohning zikri ila orom topadi. Chunki u qalblar o‘zlarining Allohga doimiy bog‘liq ekanlarini his etadilar.
“Robbingizga istig‘for aytinglar, so‘ngra Unga tavba qilinglar. (Shunda) U sizlarni ma’lum muddatgacha yaxshi rohatlar ila bahramand qilur va har bir fazl egasiga fazlini berur” (Hud surasi, 3-oyat).
Saidabror Umarov
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati