Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Go‘zal mohitobondur,
Bir oygina mehmondur.
Poklanishga imkondur,
Ramazon bu, Ramazon!
Avvali rahmat erur,
Mag‘firatga yuz burur.
Do‘zaxdan najot berur,
Ramazon bu, Ramazon!
Chin banda qadrin bilar,
Silayi rahm qilar,
Saxovatdan nur ilar,
Ramazon bu, Ramazon!
Qilib iymon shukrini,
Haq din — Islom fikrini.
Qo‘ymas tildan zikrini,
Ramazon bu, Ramazon!
Ko‘ngillarni eritgan,
Kalomlarni dur etgan.
Chehralarni nur etgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Duolarni aylab soy,
Iymonga bo‘lamiz boy.
Qur’on nozil bo‘lgan oy -
Ramazon bu, Ramazon!
Haq rizosi ko‘chida,
Toat kunduz-kechida.
Qadr bordir ichida -
Ramazon bu, Ramazon!
Ro‘zamizdur qanoat,
Mo‘jizayu, sinoat.
Rabb oldida shafoat,
Ramazon bu, Ramazon!
G‘animatdur har dami,
Ixloslilar bayrami.
Allohning keng karami,
Ramazon bu, Ramazon!
Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Joriy yil 6 sentyabr kuni poytaxtimizda Toshkent zamonaviy san’at markazi — CCA Tashkent o‘z eshiklarini ochadi. Bu shunchaki yangi muzey yoki ko‘rgazma zali emas, balki bir asrdan ziyod tarixga ega inshootga yangi hayot bag‘ishlangan yirik madaniy loyihadir.
Ma’lumot o‘rnida: 1912 yilda me’mor Vilgelm Geynzelman loyihasi asosida barpo etilgan bino dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan. Bugun esa uning tarixiy qiyofasi va industrial ruhini saqlagan holda, zamonaviy san’at, ta’lim, tadqiqot va madaniy muloqot markaziga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha tarixiy merosni asrab-avaylash va unga zamonaviy mazmun berishning yorqin namunasidir.
Fransiyaning mashhur Studio KO byurosi tomonidan ishlab chiqilgan arxitektura konsepsiyasi tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uyg‘unlashtirgan. Markazda ko‘rgazma zallari, ta’lim va jamoat maydonlari, kutubxona hamda tadqiqot infratuzilmasi faoliyat yuritadi.
Eng muhimi — bu yerda nafaqat tarix saqlab qolindi, balki unga yangi mazmun berildi. Ilgari energiya ishlab chiqarilgan makonda bugun ijod, yangi g‘oyalar, san’at va insonlar muloqotining yangi energiyasi yuzaga keladi.
CCA Tashkent nafaqat Toshkentning, balki Markaziy Osiyoning yangi madaniy joziba nuqtalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Bu yerda zamonaviy san’at bilan bir qatorda ma’ruzalar, kinonamoyishlar, tadqiqotlar, munozaralar, konsertlar, performanslar va turli madaniy-ta’lim tadbirlari o‘tkaziladi.