Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Go‘zal mohitobondur,
Bir oygina mehmondur.
Poklanishga imkondur,
Ramazon bu, Ramazon!
Avvali rahmat erur,
Mag‘firatga yuz burur.
Do‘zaxdan najot berur,
Ramazon bu, Ramazon!
Chin banda qadrin bilar,
Silayi rahm qilar,
Saxovatdan nur ilar,
Ramazon bu, Ramazon!
Qilib iymon shukrini,
Haq din — Islom fikrini.
Qo‘ymas tildan zikrini,
Ramazon bu, Ramazon!
Ko‘ngillarni eritgan,
Kalomlarni dur etgan.
Chehralarni nur etgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Duolarni aylab soy,
Iymonga bo‘lamiz boy.
Qur’on nozil bo‘lgan oy -
Ramazon bu, Ramazon!
Haq rizosi ko‘chida,
Toat kunduz-kechida.
Qadr bordir ichida -
Ramazon bu, Ramazon!
Ro‘zamizdur qanoat,
Mo‘jizayu, sinoat.
Rabb oldida shafoat,
Ramazon bu, Ramazon!
G‘animatdur har dami,
Ixloslilar bayrami.
Allohning keng karami,
Ramazon bu, Ramazon!
Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati