Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, yurtimizga o‘z tarovati va barokati ila yana mohi ramazon tashrif buyurdi. Bu oy savobli ishlarimizni ko‘paytirib, nafsimizni taftish qilib, xulqimizni Qur’onga muvofiq sayqallash damlaridir. Zotan, bu sanoqli kunlar g‘animatdir.
Bu haqda Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Baqara surasi, 185 oyatida shunday marhamat qiladi:
“(U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni, halol bilan haromni ajratuvchi) ning ochiq oyatlari bo‘lib, Qur’on nozil kilingan”.
Biz esa ushbu oyni vatandoshlarimiz qanday o‘tkazayotganligi va nechog‘lik foyda olayotganligi bilan yaqindan tanishish maqsadida yangi rukn boshladik. Mazkur ruknda siz ham ishtirok etishingiz mumkin.
Ramazonni qanday o‘tkazayotganinggizni bizga yozib yuboring. Biz uni MUSLIM.UZ sayti orqali dunyoga havola etamiz.
Quyida ilk hikoyamizni sizlarga taqdim etamiz.
Bozorxon bobo Alimov. Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan.
“Bu yilgi Ramazon oyi avvalgi yildagilarga nisbatan biroz o‘zgacha holda tashrif buyurdi. Avvalo, kun davomida uyda ekanligim ko‘proq kitob mutolaa qilishga hamda oilam bilan vaqt o‘tkazishga fursatdir.
Saharlikdan so‘ng farzandlarimga hurmatli muftiy hazratlari Shayx Usmonxon Temurxon o‘g‘lining “Tafsiri Irfon” kitoblarini o‘qib beryapman. Alloh rozi bo‘lsin Qur’oni karimni nihoyatda ajoyib tafsir qilibdilar.
Kun davomida nevaralarimga qo‘ldan kelgancha Qur’ondan kichik suralarni o‘rgataman, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining audio ma’ruzalarni birgalikda eshitamiz. Shu bilan iftorlik vaqti bo‘lib qoladi. Yana bir quvonchli jihati, oila a’zolarim bilan birgalikda taroveh namozini ado etayotganimizdir. Bugungi sinovli kunlarning hikmatlaridan biridir ehtimol.
Barcha vatandoshlarimizga mohi Ramazon muborak! Yurtimiz tinch, osuda va farovon bo‘lsin. Sinovli kunlarni Alloh taoloning o‘zi tez fursatda Yer yuzidan ko‘tarsin”.
Suhbatni Saidabror Umarov yozib oldi
Savol: Ayollar sajda qilganda bilak va tirsakni qay holda tutadilar?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ayollar sajdani ham qimtingan, o‘zlarini yiqqan holda bajaradilar. Bunda qo‘lning bilaklari yerga to‘shalgan, tirsak ham yerga tekkizilgan holda bo‘ladi.
Shuningdek, qo‘lning bilakdan yuqori qismini o‘zlaridan uzoq tutmaydilar, ya’ni qo‘ltiq orasini ochmaydilar. Sonlar qoringa yopishtirilgan holda tutiladi.
Bu haqda Ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar:
وَتَنْضَمُّ فِي رُكُوعِهَا وَسُجُودِهَا، وَتَفْتَرِشُ ذِرَاعَيْهَا
“Ayol kishi ruku va sajdada qimtingan holda bo‘ladi, sajdada bilaklarini yerga to‘shaydi” (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.