Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Jannat eshiklari ochilmoqda

26.04.2020   4291   2 min.
Jannat eshiklari ochilmoqda

Yurtimiz uzra farahbaxsh Ramazon oyi o‘zining fayzu futuhi bilan kezmoqda. Munavvar tonglarda, muazzzam shomlarda qilinayotgan xayrli duolar diyorimizning mussaffo osmonidan rahmat, mag‘firat va baraka bo‘lib yog‘ilmoqda.

Qur’oni karimda batafsil bayon qilib bergan: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali – o‘zi uchun, faqat ro‘za – Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, dedi. Ro‘za – saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi bo‘lsa, “Men ro‘zadorman” desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki marta xursandchilik bor: biri – iftor vaqtida og‘zini ochganda  va ikkinchisi – qiyomat kunida Robbisiga ro‘baro‘ bo‘lganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Muqaddas dinimizdagi barcha ibodatlarda bandalar Allohning oldida barobar turadi. Jumladan, ramazoni sharif ro‘zasini tutishda ham odamlar bir xil darajada ochlikni boshdan kechiradilar. Ularning oralaridan yo boy, yo mansabdor istisno qilinmaydi.  Bu borada hamma barobar, kuchli va zaif, xos va ommaning farqi yo‘q. Imom G‘azzoliyning “Mukoshafatul qulub” asarida keltirilgan bir hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar: “Mening ummatimga besh xislat berildi, bu avvalgilarga berilmagandi:

  1. Allohning nazdida ro‘zadorning og‘zidan mushkdan ham yaxshi hid keladi.
  2. Iftorgacha malaklar ro‘zador uchun istig‘for qiladilar.
  3. Bu oyda shaytonlar bog‘lanadi.
  4. 4.Alloh har kuni jannatni bezantiradi va “Solih bandalarim, qalblaridan yomonlik va javobgarlikni yo‘q qilish uchun shoshilinch harakat qilishyapti!” deb buyuradi.
  5. U, oyning so‘nggi kechasida ularni afv etadi.

Alloh taolo bu oyda qiladigan barcha ibodatu duolarimizni va tutadigan ro‘zalarimizni qabul aylasin. Bandachilik qilib bilib bilmay qilgan xatolarimizni mag‘firat aylasin.

 

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti

Oybek Ma’rupov.  

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   15931   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari