Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Karantinda kimlar ro‘za tutmasligi mumkin?

25.04.2020   3794   2 min.
Karantinda kimlar ro‘za tutmasligi mumkin?
Har yili yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyini o‘zgacha tayyorgarlik va xursandchilik bilan kutib oladi, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazadi.

Bu yil muborak kunlar sinovli davrga to‘g‘ri keldi. Shu sabab xalqimiz orasida ro‘za tutish bilan bog‘liq turli gap-so‘zlar yuribdi. Vaholanki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida bu haqda aniq ma’lumotlar berilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bu kabi mulohazalarga yana bir bor oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekovga murojaat qildik.

– Karantin vaqtida ro‘za tutish taqiqlanadi, degan gapga hech qanday asos yo‘q. Aslida, shariatimizda ayrim toifa kishilar ro‘za tutmasligiga ruxsat berilgan. Bular – keksa kishilar, ya’ni qariligi sabab ro‘za tutishga holi yo‘q, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar va surunkali kasallikka mubtalo bo‘lgan birodarlarimiz, ro‘za tutish salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.

Bunday kishilar ro‘za tutmagani evaziga Ramazon oyining har bir kuni uchun fidya berishi lozim bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:


وعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ فَمَنْ تَطَوَّعَ خَيْرًا فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ

ya’ni: “(Ro‘za tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi.” (Baqara surasi, 184-oyat).

Bundan tashqari, vaqtincha bemor bo‘lib turgan yoki safarga chiqqan kishilar ham bemorlik va musofirlik kunlarida ro‘za tutmasligi mumkin. Faqat, bemor sog‘ayganidan so‘ng va musofir safardan qaytganidan keyin tutmagan kunlarining o‘rniga qazosini tutib berishi shart bo‘ladi.

Karantin davrida qo‘llarni tez-tez yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish ro‘zani tutmaslikka asos bo‘la olmaydi. Chunki, bu ishlar ro‘zani ochmaydi. Shuningdek, zarurat bo‘lsa vaqti-vaqti bilan og‘izni chayqab turishning ham zarari yo‘q. Faqatgina, og‘iz chayqalganda g‘arg‘ara qilinmaydi, ya’ni tomoqdan ichkariga suv o‘tkazmaslik kerak. Aks holda ro‘za ochiladi.

Shifokorlar tomonidan karantin davrida ro‘za tutish koronavirusga chalinishga olib keladi va u orqali halok bo‘lish xavfini kuchaytiradi, deyilgan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topganda, ro‘za tutmaslik mumkin bo‘ladi.
 

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
 
Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jannatning misoli

26.08.2026   13488   3 min.
Jannatning misoli

“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli shuki, uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir” (Ra’d surasi, 35-oyat).


Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax bir­biriga o‘xshash emas.


Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).


Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.


Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.


Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.


Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.


Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.


Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.


Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan

Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Ibratli hikoyalar