Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Al-Azhar xalqaro elektron fatvo markazining koronavirusga oid FATVOLARI

22.04.2020   7131   9 min.
Al-Azhar xalqaro elektron fatvo markazining koronavirusga oid FATVOLARI

 

  1. Koronavirus sababidan o‘lgan kishi shahidmi?

Al-azhar xalqaro elektron fatvo markazining ta’kidlashicha, koronavirus sababidan vafot etgan kishi shahid maqomida bo‘ladi va unga shahidlar ajri beriladi. Dunyo hukmlari borasida unga barcha musulmon mayyitlarga tatbiq qilinadigan g‘usl, kafanlash, janoza namozi kabi hukmlar joriy qilinadi. Buning dalili Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari: “Shahidlar beshta: to’un (o‘lat)dan o‘lgan, qorin og‘rig‘i (ichki kasallik) bilan o‘lgan, cho‘kib o‘lgan, tom bosib o‘lgan, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar”. Bir rivoyatda, to’un (vabo)da o‘lgan shahiddir, deganlar.

Ana shulardan kelib chiqib koronavirusdan o‘lganlar ham to’un (o‘lat) dan o‘lganlar qatorida hisoblanadi.

  1. Koronavirusdan saqlanish uchun taqilgan niqob bilan namoz o‘qishning hukmi.

Islom tadqiqotlari markazi huzuridagi fatvo hay’ati musulmonlarga koronavirus tarqalishi yoki yuqishidan ehtiyot bo‘lish sababli taqib oladigan niqoblarda namoz o‘qishni zarari yo‘qligini qayd etgan.

  1. Masjidlarda namoz o‘qishni to‘xtatishning hukmi.

Misr fatvo uyi (Dorul ifto) Azhar shayxi va Misr vaqf vazirining yangi turdagi koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida, ikki hafta mobaynida, Respublikaning barcha hududlarida jamoat va juma namozlarini ado etishni to‘xtatib, azon aytish bilan kifoyalanish qarorlarini ma’qullashini e’lon qildi.

  1. Spirt bilan dezinfeksiya qilingan masjidda namoz o‘qishning hukmi.

Azhar fatvo markazi: spirt – gidrooksid birikmasi bo‘lgan uglerod va vodorod zarralaridan iborat ximiyaviy murakkab element.

Ximiklarga ko‘ra har qanday spirt deb ataluvchi moddalar ham mast qiluvchi bo‘lavermaydi. Mast qilmaydigan spirtning sifatlari mast qiladigani kabi bo‘lmagani va o‘zgarish sodir bo‘lgani uchun u pok hisoblanadi. Shuning uchun u bilan badanni va turli yuzalarni dezinfeksiyalash mumkin bo‘laveradi. Shu sababli badanga yoki namoz joyiga bunday spirt tekkandan so‘ng namoz o‘qish joiz.

Ammo, tarkibi va mast qilishi jihatidan avvalgi holida bo‘lgan spirtning hukmi esa ulamolar o‘rtasida ixtilofli masala bo‘lib, uning hukmi ixtiyor qilingan qavlga ko‘ra pokdir. Markazga ko‘ra spirtni tibbiy tomondan tozalashda ishlatish mumkin va u bilan turli yuzalarni, jamoat joylarini va masjidlarni tozalashning zarari yo‘q. Kiyimi, badani yoki joynamoziga spirt tekkan odamning namozi durust bo‘ladi.

  1. Koronavirus sababli juma namozini uyda o‘qishlik hukmi.

Azharning xalqaro elektron fatvolar markaziga ko‘ra uyda jamoat bo‘lib, xutbalari bilan ikki rak’at o‘qilgan juma namozi ado topmaydi. Hattoki namozxonlar soni ko‘p bo‘lsa ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uyda xutbasiz to‘rt rak’atdan iborat jamoat bo‘lib yoki yakka-yakka holda peshin o‘qiladi. Kishi erkak va ayollardan iborat o‘z ahliga imom bo‘lib, jamoat holda ado etishi mustahabdir.

  1. Koronavirus sababidan juma namozini o‘qimaslikning hukmi.

“Fatvo uyi” quyidagicha javob berdi: jamoat va hattoki juma namozlarini tark qilishga sabab bo‘ladigan qator omillar mavjud bo‘lib, kuchli jala, insonga zahmat yetkazadigan loygarchilik, masjid yo‘lini ko‘rib bo‘lmas darajadagi qorong‘ulik kabi umumiy hamda kasallik, joniga, moliga, ahliga xatar bo‘lishi kabi xususiy omillar shular jumlasidandir. Shuningdek, badbo‘y narsa iste’mol qilish, kuchli mudroq bosishi va shularga o‘xshash holatlar ham jum’a namoziga hozir bo‘lishdan to‘sadi.

  1. Koronavirus sabab ro‘za tutmaslikning hukmi.

Azharning xalqaro elektron fatvolar markazi shifokorlar yangi turdagi koronavirusni oldini olishga qaratilgan choralar sifatida insonning og‘zi kun bo‘yi nam holda turishligi zarur degan tavsiya berganda Ramazon ro‘zasini tutish hukmi bo‘yicha savolga feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali javob berdi.

Unda keltirilishicha, agar kasallikka chalinmagan bo‘lsa, musulmonga Ramazon oyida og‘iz ochish mumkin emas. Lekin shunga qaramay shifokorlar ro‘za koronavirusga chalinish va u orqali halok bo‘lish xavfini kuchaytiradi degan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topganda, ro‘za tutmaslik mumkin bo‘ladi. Biroq bu narsa hozirgacha ilmiy tasdig‘ini topgan emas.

  1. Koronavirus pandemiyasi davom etgan taqdirda tarovih namozlarining hukmi.

Mashhur Islom da’vatchisi Mabruk Atiyyaga ko‘ra tarovih namozlarini uyda ado etish masjidlarda ado etishdan afzaldir. Chunki tarovihning hukmi sunnat bo‘lib, sunnatlarni uyda ado etish masjidda ado etishdan yaxshiroqdir. Olimning ta’kidlashicha, yig‘ilish musulmonlarga zarar yetishiga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, namoz uchun yig‘ilmaslik kerak. Koronavirus sababli masjidlar farz namozlari uchun yopilgan bir paytda sunnat namozlar uchun ochilmasligi o‘z-o‘zidan tushunarli.

  1. Koronavirusga qarshi duo uchun to‘planishlarning hukmi.

“Misr fatvo uyi” hozirda fuqarolarni koronavirus tarqalmasligi uchun har qanday to‘planishga chorlashdan ogohlantirdi.

Fuqarolarni ko‘chada yoki boshqa biror joyda har qanday maqsadda va har qanday sabab bilan to‘planishga bo‘lgan barcha chaqiriqlar shar’an harom va buzg‘unchilikdir. Ushbu chora-tadbirlarga amal qilmagan har bir shaxs shar’an gunohkordir.

  1. Virus yuqishidan qo‘rqib kursiga o‘tirib namoz o‘qish hukmi.

Shayx U’vayda Usmon (dorul ifto bosh kotibi): koronavirus yuqishidan qo‘rqib kursiga o‘tirib namoz o‘qish mumkin emas. Musulmon kishi uchun zarur ehtiyot choralarini ko‘rishgina vojib bo‘ladi.

  1. Masjid yopilganda uning tashqarisida juma namozini o‘qish hukmi.

Masjid yonida yo maydonlarda yoki binolarning tomida yoki yopilgan masjid ichida kamchilik kirib olib, ustilaridan qulflab juma yoki boshqa jamoat namozlarini ado etib, masjidlarda jamoat va juma namozlarini ado etmaslik qaroriga amal qilmaslik hech kimga joiz emas.

  1. Uyda televizor yoki radio orqali namoyish qilinayotgan namozdagi imomga iqtido qilib namoz o‘qish joizmi?

 Televizor yoki radio orqali namoyish qilinayotgan juma yoki boshqa namozga iqtido qilib namoz o‘qish hech kim uchun joiz emas.

  1. Faqirlarning ehtiyoji sabab zakotni o‘z vaqtidan oldin chiqarish hukmi.

Misr fatvo uyi: zakot aslida o‘z vaqtida chiqariladi. Kambag‘al yoki biror shunga haqli bo‘lgan muhtojning ehtiyojidan kelib chiqib bir yoki bir necha yilning zakotini avvaldan chiqarish mumkin, bunga hech qanday shar’iy mone’lik yo‘q.

  1. Kasallik va vaboni istehzo qilish va uni mensimaslik.

 Azhar markazi feysbuk orqali: masxara va istehzo shariat qaytargan ishlardan bo‘lib, balo, ofat va musibatlar vaqtida insonlardan bu kabi qiliqlarning sodir etilishi to‘g‘ri emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirliklarining ushbu vabo vaqtida ehtiyot va profilaktik choralari sifatida bayon qilayotgan yo‘l-qo‘riqlari masxara qiladigan, dindagi bid’at yoki nosog‘lom aql bilan qilinayotgan ishlar emas. Aksincha, dinimiz 1400 yil avval bu kabi ishga bizni chorlagan. Jumladan, hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Biror yerda vabo chiqqanini eshitsangiz u yerga bormang, agar siz turgan yerda vabo tarqasa u yerdan qochib chiqmang”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

  1. Kiyimlarga tarkibida spirti bo‘lgan moddalarni surish va ularda namoz o‘qish.

Badan yoki kiyimga tarkibida spirt bo‘lgan moddani tozalash yo virus va bakteriyalardan himoyalanish uchun surib namoz o‘qish joiz.

  1. Koronavirus bilan o‘lgan mayyitni yuvishning hukmi.

Odatda vafot etgan musulmon g‘usl qildirilib, kafanlanib, janozasi o‘qiladi, lekin vabo tarqalgan va meditsina mayyitni ushlagan tiriklarga o‘tishini isbotlab turgan bir vaqtda mayyit ustidan suv quyilib, uni ishqalamasdan biror chora qilib suv yetkazilishi kifoya qiladi. Bunda g‘assolga kasallik yuqmasligi uchun maxsus kambinzon kiydirish, xonani dezinfeksiyalash kabi mutaxassislar tomonidan beriladigan barcha choralar qo‘llanishi kerak bo‘ladi.

Agar mayyit tanasidan suyuqlik oqish xavfi bo‘lsa, kafan ustidan suv o‘tkazmaydigan material bilan yaxshilab o‘rab qo‘yilishi shart. Kasalxonadan yuvib, o‘rab chiqarilgan mayyit ahllari masjiddan boshqa alohida joyda janoza o‘qib, dafn qilishlari mumkin. Unga janozani jamoatning eng kam miqdori bo‘lgan ikki kishi o‘qisa ham kifoya. Hattoki g‘oibona janoza o‘qilishi ham joiz. Bularning bari muqaddas dinimizning yuksak insonparvarlik maqsadlari bilan hamohang hisoblanadi. Shuningdek, bunga shariatda e’tiborli hujjatlar bor. Zero zaruratlar taqiqlarni bekor qiladi hamda zarurat kerakli miqdorda e’tiborga olinadi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   4171   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi