Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimning Qalam surasi 4- oyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni maqtab shunday marhamat qiladi:
“Albatta, sen buyuk xulq uzrasan”.
Ulamolarning ta’kidlashlaricha inson hayoti davomida ko‘plab muammolar va odamlar bilan o‘zaro nizolarga borishining eng katta sababi bu – axloqida ko‘plab nuqsonlar borligidadir.
Bugungi zamonaviy ilm-fan tadqiqotlari ham bu fikrni qo‘llab quvvatlamoqda.
Yaqinda AQSHning Shimoliy Karolina Dyuk universiteti tibbiyot markazi professori Sviten Boyl o‘zining ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasini e’lon qildi: “Biz fe’l-atvor (axloq) sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan asosladik va bu ta’sirning darajasini ham to‘laligicha angladik” – deydi professor.
Unga ko‘ra, uzoq yashash uchun odam salbiy illatlardan voz kechmog‘i, atrofidagilarga ko‘proq yaxshilik qilmog‘i lozim ekan. Professor bugun uzoq yillik tadqiqotlar natijasida aniqlagan ma’lumotlar dinimizda bundan bir yarim ming yil avval ta’kidlab o‘tilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim umrining uzayishini, rizqining ziyoda bo‘lishini istasa, ota-onasiga yaxshilik va qarindoshlariga silai rahm qilsin”, dedilar”
Xo‘sh, qanday sabablar insonni asta-sekinlik bilan tanazzulga olib keladi?
1-SABAB. Salbiy munosabat. Hayotga va atrofdagilarga salbiy munosabatda bo‘lish – yashirin dushmanlik hissi bilan yashash, degani. Bunday odamlar boshqalarni yoqtirmaydi. Doimo yaqinlari ularga noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotganidan noliydi. Aslida bunday odamlarning o‘zi atrofdagilarga nisbatan yanglish munosabatda yashaydi! Natijada yurak, qon-tomir, qandli diabet kasalliklariga chalinish mumkin. Asabiylashish oqibatida immun tizimida salbiy o‘zgarishlar yuz beradi.
Avvalo, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar bu dunyoda barcha narsa o‘tkinchi ekanligini ANGLAB yashash lozim. Imom G‘azzoliy ta’kidlaganlaridek: “Biz bilan nima ro‘y bermasin u albatta o‘tib ketadi”.
2-SABAB. Maqsadsizlik. Yashashdan maqsad bo‘lmasa, umr qisqa bo‘ladi. Yashashdan ma’ni yo‘q, deb o‘ylagan odamlardan ko‘ra, maqsad sari intiluvchanlarning immun tizimi va yuragi baquvvat bo‘ladi. Ularning salomatligiga daromadining miqdori ham, odamlarning salbiy munosabati ham ta’sir qilmaydi. “Hayotdan maqsad sari foydalanish lozim” – deydi Boyl. “Aks holda, qisqa umr ko‘rish ehtimoli kuchayadi. Avvaliga intellektual, keyin esa jismoniy o‘lim yuz beradi. Maqsadsiz yashash – aqlning zaiflashuviga olib keladi. Ruhiy kasalliklarning rivojlanish ehtimoli 50 %ga oshadi. Demak, nima uchun yashayotganingizni darhol aniqlang!
Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari, insonning bu dunyoda yashashdan maqsadi nima degan savolga quyidagicha javob qilgan ekanlar: “Yashashdan maqsad, Alloh taologa bo‘lgan iymonning yer yuzida qaror topishiga hissa qo‘shish. Alloh taoloning aytganini qilib, qaytarganidan qaytish. Ushbu har bir inson uchun sharaf bo‘lgan ishlarni amalga oshirib ikki dunyoning saodatiga erishish”.
3-SABAB. Jizzakilik. Jizzaki, ayniqsa arzimagan sabab tufayli ko‘p asabiylashadiganlar, doimo jazavaga tushadiganlar o‘zlarini “yeb bitirishadi”. Shuning uchun tinchlanish darkor! Unutmang asablarning tiklanishi uchun 10 yil kerak bo‘lar ekan.
Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomdan nasihat so‘radi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga nasihat qilib ushbu oyatni o‘qidilar: “Avf-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring”. (A’rof, 199).
Jizzakilik ham johillikning bir turi.
4-SABAB. Tartibsizlik. Ish stolingiz, avtomobil saloningiz, xonangiz doimo betartibmi? Ko‘p kech qolasizmi? 9000 kishi ishtirokida o‘tkazilgan 20 dan ortiq ilmiy tadqiqotlar natijasi tartibsizlik – umrni qisqartiradi, degan xulosani berdi.
Tartib dinimiz bizdan talab etadigan asosiy omillardan biridir. Biz barcha narsani tartib vva intizom bilan bajarishga chaqirilganmiz. Hatto, namozni ham tartib bilan ado etamiz.
Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi”, deganlar (Abu Ya’lo rivoyati, “Majma’u-z-zavoid”; Suyutiy, “Al-jome’ as-sag‘ir”).
Qolaversa tartib bor joyda poklik bo‘ladi, poklik esa ISLOMning ustunlaridandir.
5-SABAB. Tushkunlik. Uzoq davom etgan stress, qattiq hayajon umrni qisqartiradi. Qon bosimining ko‘tarilishi, yurakning tez-tez bezovta bo‘lishi, surunkali shamollash – tushkunlik alomatlari. Biror musibat yetganda yoki yaqiningiz o‘lganidan keyin taqdirga tan bermasdan, tushkun holatda asabiylashish salomatlik uchun jiddiy zarar. G‘am-qayg‘ularni unutish kerak!
Odatda g‘am-qayg‘u va tushkunlik Allohning qadariga rozi bo‘lmaslikdan, noshukrlikdan kelib chiqadi. Agar biz Allohning ne’matlariga shukr qilsak, Quro’ni karimda “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” deya vada qilinganidek, yana ham ziyoda bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik qilib, itoatsizlik ila, qaytariqlaridan qaytmasak, oyatning davomida marhamat qiladiki: “Bordi-yu, noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim, 7).
Tib ilmining ulug‘ ustozlaridan bo‘lgan vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino hazratlari ham ushbu oyatdan shunday xulosa qilgan: “Insondagi ko‘plab dardlar ruhiy muvozanatning buzilishidan kelib chiqadi. Ruhiy muvozanat esa aksariyat holda noshukrlik tufayli buziladi”.
6-SABAB. Dam olmaslik. Dam olmaslik, shu jumladan, ta’tilga chiqmasdan ishlash, tinimsiz ravishda kompyuter qarshisida o‘tirish ziyon! Shuning uchun, haftada biir kun, yilda bir bor berilgan ta’tilda bir oy to‘liq dam oling! Tabiat qo‘ynida ko‘proq vaqt o‘tkazing.
Alloh taolo Baqara surasida bunday deb marhamat qiladi:
“Alloh hech bir jonga imkoniyatidan tashqari narsa yuklamas” (286-oyat).
Alloh taolo biz bandalariga rahm-shafqat va mehr bilan vazifa yuklaganda, biz ham tanamizga rahm qilaylik. Uni to tugab, yaroqsiz holatga kelgunga qadar qiynab ishlatmaylik. Bazan jamiyatda kimlargadir yoqish maqsadida tinimsiz “mehnat” qilib, qolganlarni ham shunga targ‘ib etayotgan, “ozgina dam oling” desangiz “qabrda dam olamiz” deydiganlar ham uchrab turadi. Bundaylarga ham ulamolar dam olishni maslahat berib: qabrda dam olinmasligini, u yerda Alloh taolo bergan ne’matlarning javobini berib, mahlum holatda yotishini shuningdek, tana ham insonga omonat berilganligini ta’kidlashgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishining oldilariga kirganlarida, huzurlarida bir ayol bor edi. U zot:
“Bu ayol kim?” – dedilar.
“Falona”, deya uning namozi haqida gapira ketdilar.
“Bas! Sizlar toqatingiz yetadigan narsani lozim tutinglar. Allohga qasamki, siz malol olmaguningizcha Allohga malol kelmaydi. Dinning Allohga mahbubi, sohibi unda bardavom bo‘lganidir”, – dedilar”.
7-SABAB. Yolg‘on va xiyonat. Ko‘p yolg‘on gapiradiganlarning oshqozon osti bezi va yurak qon tomir tizimida jiddiy muammolar vujudga kelar ekan. Shuningdek xiyonat qiladiganlarda surunkali kasalliklar va xavfli dardlar rivojlanish ehtimoli ko‘proq bo‘lar ekan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: “Mo‘min kishi tabiatida har bir xislat bo‘lsa ham, lekin xiyonat va yolg‘onchilik bo‘lmaydi”.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi