O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan mo‘min-musulmonlarimizga qulaylik qilish maqsadida, yurtimizning har bir hududi uchun Ramazon oyida og‘ish yopish va ochish vaqtlarini alohida-alohida ko‘rsatilgan jadvallari tayyorlandi.
Mazkur vaqtlar respublikamizning Toshkent, Bekobod, Guliston, Jizzah, Samarqand, Qarshi, Navoiy, Buxoro, Urganch, Nukus, Termiz, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Angren mintaqalaridagi saharlik va iftorlik vaqtlari ifodalangan infografikalar quyida e’lon qilinadi.
https://telegra.ph/Ramazon-taqvimi-2020-04-20
Shuningdek, og‘ish yopish va ochish duolari ham keltirilgan.
?Og‘iz yopish duosi (Audio)
«Navaytu an asuma sovma shahri ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar»
Ramazon oyining ro‘zasini tong otganidan kun botgunicha xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim. Allohu akbar
?Og‘iz ochish duosi (Audio)
«Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’laa rizqika aftortu, fag‘firliy ma qoddamtu va maa axxortu».
Yo Alloh! Senga imon keltirib, Senga tavakkal qilib, Sen uchun ro‘za tutdim. Sen bergan rizq bilan iftor qildim. Ey gunohlarni kechirguvchi Zot! Oldingi va keyingi gunohlarimni kechir. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.