O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma’lumotlarga tayangan holda 2020 yilda Ramazon oyining birinchi kuni shu yil 24 aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
----
? RAMAZON – RAHMAT, MAG‘FIRAT VA DO‘ZAXDAN OMON BO‘LISH OYI
? TAROVIH NAMOZI QANDAY ADO ETILADI?
⚡️ ZAKOTGA OID KO‘P TAKRORLANADIGAN SAVOLLAR VA ULARNING JAVOBLARI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.