Savol: Janoza namozi durust bo‘lishi uchun necha kishi qatnashishi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Janoza namozi durust bo‘lishi uchun jamoat shart qilinmagan. Bir kishi (xoh u erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin) janoza namozini o‘qisa, namoz durust bo‘ladi va boshqalardan farz soqit bo‘ladi. Hatto janoza o‘quvchi balog‘atga yetmagan bola bo‘lsa ham namoz durust bo‘ladi.
Mayyitga jamoat bo‘lib janoza o‘qish afzal. Chunki janoza mayyitning haqqiga duodir. Musulmonlarning jamoat bo‘lib duo qilishi duoning qabul bo‘lishiga katta sabab bo‘ladi (“al-Muxtasar fil-Fiqhil-Hanafiy” kitobi).
Bu mavzuda Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan biri “al-Fatavo Hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Janoza namozi yolg‘iz imomning ado qilishi bilan ham durust bo‘ladi. Chunki jamoat bo‘lib namoz o‘qish – janoza namozining sharti emas, “Nihoya” kitobida shunday kelgan” (“Kitobus solah”,).
Janozaga qatnashuvchilar kam bo‘lganda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida hanafiy alloma Muhammad Amin ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va vasallam: “Kimning janozasini uch saf musulmon o‘qisa, uning gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Abu Dovud va Imom al-Hokim rivoyatlari).
Shuning uchun ham “Muhit” kitobida aytiladi: “Janozada uch saf qilish mustahab. Agar janoza o‘qiydiganlar yetti kishi bo‘lsa, biri oldinga chiqib imom bo‘ladi, orqasidan uch kishi turadi, keyingi qatorda ikki kishi, oxirgi qatorda bir kishi turadi”.” (“Raddul Muhtor”).
Guvoh bo‘lib turganimiz xatarli virus tarqalgan karantin davrida, shu virusdan yoki boshqa sabablar bilan vafot etganlarning janozalariga kamida yetti kishi yig‘ilsa, fazilatli jamoatga aylanadi. Yuqorida zikr qilingani kabi uch saf musulmonlar janozasini o‘qigan mayyitga Allohning rahmati bo‘lishini umid qilamiz.
Demak, bugungi kundagi janozalarga karantin sababli katta jamoat yig‘ilmayotgan bo‘lsada, musibat egalari tushkunlikka tushmasdan, imkon qadar o‘z burchlarini bajarishlari va Alloh taoloning keng rahmatidan umidvor bo‘lishlari lozimdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati