Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (4-qism)

16.04.2020   5828   20 min.
Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (4-qism)

Ahli sunna val jamoa e’tiqodida yaxshi ko‘rish sifati Allohning kamol sifatlaridandir. Yaxshi ko‘rish sifati buyuk Allohga loyiq tarzdadir. Alloh taoloning bu va bundan boshqa barcha sifatlari yolg‘iz O‘ziga xos bo‘lib, maxluqlarining sifatlariga aslo o‘xshamaydi. Allohdagi muhabbat sifati bilan inson yoki boshqa maxluqdagi muhabbat sifatining o‘xshash tomoni ularning faqat nomida, xolos. Ma’nosi esa, cheksiz farqlidir. Allohning sifatlarini yo‘qqa chiqarish og‘ib ketish va halok bo‘lishdir, U Zotning sifatlarini maxluqlar sifatlariga o‘xshatish yoki ma’nosini o‘zgartirish esa, bid’at va zalolatdir.

Alloh taolodagi muhabbat sifati sevgan bandalari holatlariga taalluqli bo‘ladi. Bandalar U Zotning muhabbatiga olib boruvchi ezgu amallar qilishgandan keyin Alloh taolo ularni yaxshi ko‘radi.

Imon yetmishdan ortiq qismdan iborat. Ularning eng oliysi “La ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, eng kichigi ozor beruvchi har qanday narsani musulmonlar yo‘lidan olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir bo‘lak. Imonning ko‘rinadiganu ko‘rinmaydigan barcha amallari mana shu bo‘laklarga qaytadi. Shunday ekan, kim imonning barcha bo‘laklarini jamlab ado etsa, foydali ilm va ezgu amallar bilan o‘z nafsini kamolotga yetkazsa, boshqalarni haqqa hamda sabrga chiroyli chorlasa, bunday inson imon marta­balarining eng oliyiga yetgan quvvatli mo‘mindir.

Bu hadis imonning ziyoda bo‘lishi va nuqsonlashib borishiga asos bo‘lgan salaf ulamolarimizning dalillaridandir. Imon ilmlaridan tahsil olib, solih amallar qilgan kishining imoni ziyodalashib borsa, ma’siyatga yuz tutgan mo‘minning imoni nuqsonlashib boradi. Imonning ziyoda va nuqsonli bo‘lib turishi Qur’on va sunnatning ko‘p o‘rinlarida dalil bo‘lgan asl qoidadir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlar orasini fazilat bilan ajratganlarida, pastda qolganlarini kimdir kamsitmasligi uchun, “Ularning har ikkisida ham yaxshilik bor” deb qo‘shib qo‘ydilar. Bu ehtiyotkorona so‘zda qanchalar foyda borligi maxfiy emas. Insonlar orasidagi martabalar haqida so‘z yuritayotgan kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bu odoblarini ham esidan chiqarmasligi lozim.

Bu hadisdan yana shu narsa xulosa qilinadi, yaxshilik, Allohni sevish va dinni barpo qilishda mo‘minlar orasida tafovut va darajalar bor.

Oyati karimada:

﴿وَلِكُلّٖ دَرَجَٰتٞ مِّمَّا عَمِلُواْۖ وَلِيُوَفِّيَهُمۡ أَعۡمَٰلَهُمۡ وَهُمۡ لَا يُظۡلَمُونَ١٩

«Hamma uchun qilgan amallari sababli darajalar bordir. (Alloh) ularga qilgan amallari (mukofoti va jazolari)ni mukammal berur va ularga nohaqlik qilinmas” (Ahqof, 19), deyilgan.

Yaxshilar amallariga qarab dunyoda ham, oxiratda ham turli martaba va darajalarda bo‘lishganidek, yomonlar ham qilmishlarining ko‘p-kamligi sababli turli tabaqalarga ajratiladi.

Mo‘minlar dunyoda uch qismga bo‘linadi.

Birinchisi: yaxshiliklarga oshiquvchilar. Bular farz va mustahab amallarni chiroyli ado etib, harom va makruhlarni tark etgan kishilar. Bunday kishilar qilinishi joiz bo‘lgan ortiqcha ishlarni ham qoldirib, ibodatlarini komil suratda ado etadi va barcha komil sifatlar bilan sifatlanadi.

Ikkinchisi: iqtisod qilib qoniqarli yo‘l tutganlar. Bunday kishilar faqat farz amallarini barpo qilib, harom ishlarni tark qiladigan kishilar.

Uchinchisi: o‘z nafslariga zulm qilgan kishilar. Bunday kimsalar solih amallari orasiga buzuq ishlarni ham aralashtirib yuboradi. Bundaylar ibodat ham qiladi, gunohga ham qo‘l uradi.

Hadis davomida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “O‘zingga foydali bo‘lgan narsaga tirish. Allohdan yordam so‘ra”, degan so‘zlari dunyo va oxirat saodatini qamrab oluvchi foydali so‘zdir.

Foydali ishlar ikki qismga bo‘linadi. Diniy ishlar va dunyoviy ishlar. Odam diniy amallarga muhtoj bo‘lganidek, dunyoviy ishlarga ham hojatmanddir. Baxtli inson Allohdan yordam so‘rab ham diniy, ham dunyoviy manfaatli ishlarga tirishadi. Mana shu daraja insonning kamolotga yetganligi va oxiratda najot topishi alomatidir. Kim foydali ishlarga tirishmasdan dangasalik qilsa, yuqoridagi shirin so‘zlar va oliy martabalar unga qayoqdan kelsin?! Yalqovlik ziyon ko‘rish va bo‘shashishning aslidir. Yalqov na yaxshilikka erishadi, na hurmat ko‘radi va na dinu dunyoda nasibador bo‘ladi.

Dindagi foydali ishlar ikki narsadan iborat. Birinchisi, foydali ilm. Ikkinchisi, solih amal. Foydali ilm qalblar va ruhlarni poklab, ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi samara beradi.

Alloh taologa ixlosni jamlab va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashib qilingan solih amal esa, insonni Alloh taologa yaqinlashtiradi. Yuqoridagi shartlar asosida buyurilgan amallarni ado etish va qaytarilgan ishlarni tark etish, “solih amal” deyiladi.

“Dunyodagi foydali ishlar”, deganda bandaning rizq izlashi lozimligi nazarda tutiladi. Shuning uchun, inson o‘z holatiga loyiq ravishda eng foydali sabablarni topishi kerak. Bu ishlarda kuchiga suyanib qolmasdan, Rabbidan rizq va baraka so‘rashi lozim.

Kasblarning eng yaxshisi qaysi, degan savol tug‘ilsa, quyidagicha javob beriladi. Ilm ahli bu borada turli fikrlar bildirgan. Ba’zilar dehqonchilik ishlarini afzal desa, boshqalar oldi-sotdi ishlari afzal, degan. Yana ba’zilar ishlab chiqarish korxonalarini yurgizish muhimroq deydi. Bularning hammala­ri fikrlariga dalillar keltiradi. Bu turli-tuman fikrlarni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zingga foydali bo‘lgan narsalarga tirish. Ojizlik qilma”, degan so‘zlari bilan kelishtirishadi.

Dunyoviy ishlar holatlar va shaxslarga qarab turlichadir. Kimgadir dehqonchilik foydali bo‘lsa, kimgadir savdo-sotiq, yana birovga esa tadbirkorlik. Eng muhimi, halol bo‘lsa, bo‘ldi.

Hadis oxirida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kuch sarf qilinganidan keyin Allohning taqdiriga rozi bo‘lishga chaqiradilar. Agar insonga musibat yetib qolsa, “u yoki bu ishlarni qilganimda edi, musibat yetmasdi”, demasin. Allohning taqdiri achchiqligiga ham imon keltirsin. Shunda qalb taskin topib, nafs orom oladi. Afsuslanib “agar” desa, taqdirga bo‘lgan imoni nuqsonli bo‘lishi bilan birga, shayton amalini ochib yuboradi. “Agar” afsuslanish kalimasi musibat yetgan vaqtda joiz bo‘lmagani kabi, uni yomonlik va gunoh istashda ishlatish ham qoralanadi. Garchi bu istovchi xohlagan gunohini qilmagan bo‘lsa ham, istagi uchun gunohkor bo‘ladi. Ammo “agar” kalimasi yaxshilikni orzu qilishda yoki foydali ilmni bayon qilishda ishlatilsa, maqtovga sazovor bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mazkur hadisda taqdirga imon keltirish bilan foydali sabablar ila amal qi­lishni jamladilar. Bu ikki asosga Qur’on va sunnatning ko‘p o‘rinlari dalil bo‘ladi. Bularsiz din to‘liq bo‘lmaydi.

“Allohdan yordam so‘ra” so‘zlari bilan u zot (sollallohu alayhi va sallam) Allohga tavakkul qilishga amr etadilar. Sabablarga rioya qilish bilan barcha narsalarda Allohga suyanishga “tavakkul”, deyiladi.

Mo‘min kishi Allohga tavakkul qilish bilan birga, birodarlari, mahalla-ko‘y va qavm-qarindoshlari bilan hamjihat yashashi lozim.

Hadisi sharifda: “Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Muso (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan bu hadisda bino devorlari bir-biriga mustahkam yopishgani kabi, mo‘minlar ham bir-birlariga mahkam bog‘lanishlari lozimligi uqtirilmoqda. Binoni tashkil etgan unsurlar orasida tosh, temir kabi narsalar bo‘lganidek, qum va shisha kabi nozik narsalar ham mavjud. Lekin barchasi birgalikda binoni mahkam tutib turibdi. Insonlar ana shu bino kabi jipslashgan, bir-birini suyagan bo‘lishi kerak. Kuchlilari doim zaiflarni suyab turishi, ular bilan yelkadosh, hamnafas bo‘lishi lozim. Chunki mustahkam bo‘lmagan binoning yiqilishi muqarrar, bundan Allohning O‘zi asrasin.

Ushbu hadis mo‘minlarni jamoa bo‘lib yashashga, o‘zaro hamjihatlikda umr kechirishga tashviq etmoqda. Zero, insonning yolg‘iz hayot kechirishi imkonsiz. Masalan, bir burda nonni tayyorlash, pishirish uchun naqadar ko‘p asbob-uskuna va mehnatga ehtiyoj sezilishi barchaga ayon. Demak, insonlar zarar emas, foyda keltiruvchi, xom emas, pishgan bo‘lishi, noqis emas, komil bo‘lishi lozimdir, bundan Islom jamiyati kundan-kunga rivojlansin va yuksalsin. Aksincha, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, zaifu miskinlarga nisbatan mehr-muhabbat qilmasa, Haq taolo bunday bandadan aslo rozi bo‘lmaydi. Ana shu vaqtda qiyomat qo‘padi, faryodu fig‘onlar boshlanadi. Isyonlar, norozilik, qo‘zg‘olonlar va boshqa falokatlar ro‘y berishining sababchilari musulmonlikni da’vo qiluvchi, aslida Islomdan bexabar sho‘rlik guruhlardir, ular Islom ahlining boshiga balo bo‘ladi.

Musulmonlar tanazzuliga eng katta sabab – musulmonlarning haqiqiy musulmon bo‘lmay, ilm va davlatlariga mag‘rurlanib, faqirlaru zaiflarning haqlariga rioya kilmasdan, ularga islomiy va insoniy muomalada bo‘lmasliklaridir. Shu boisdan ham, ular oxirat saodatlaridan mahrum bo‘lgay. Agar ular molu dunyolariga bu qadar hirs qo‘ymasdan, boy-kambag‘alligiga e’tibor bermay, hammalari qo‘lni-qo‘lga berib, birlashishganida, bugun musulmonlarning qo‘lini bukishga hech kim botinolmas edi.

Mo‘min kishi Alloh taolo aytgan va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarga to‘la-to‘kis amal qilib borsa, farishtalardan ham afzal bo‘lishi aytilgan.

Hadisi sharifda: “Mo‘min kishi Alloh taologa ba’zi farishtalardan ko‘ra afzalroqdir. Mo‘min kishi Alloh taologa muqar­rab farishtalardan ham ko‘ra mukarramroqdir”, deyilgan (“Rumuzul ahodis”, 231-bet).

Mo‘min kishi Alloh taologa ba’zi farishtalardan ham ko‘ra hurmatliroqdir. Mo‘min banda Alloh taologa muqarrab-yaqin farishtalardan ham azizroqdir.

Abu Hurayra va Anas ibn Molik (roziyallohu anhumo) rivoyat qilgan bu hadisi sharif Alloh taolo komil imon sohiblarini ba’zi farishtalardan ham mukarram qilganini anglatib turibdi.

Zero, farishtalarda nafs va shahvat bo‘lmaganidek, hirs, hasad kabi xislatlar ham yo‘q. Shaytoni la’in ham ularni yo‘ldan ozdirolmaydi. Chunki ular nurdan yaratilgan. Holbuki, inson unday emas. Insonni bir tarafdan nafsi, ikkinchi tarafdan shahvati, hirsi, uchinchi tarafdan haq yo‘ldan adashtirishga, jahan­namga yetak­lashga, Allohdan uzoqlashtirishga urinadigan shaytonlar, munofiqlar, hasadgo‘ylar, kofirlar qamrab olgan. Ular bilan bo‘lgan kurashlarda g‘olib chiqqan bandaning mukofoti, hech shubhasiz, farishtalarning ba’zilaridan ham mukarram va afzal bo‘lishdir. Shuning uchun Allohning xos mo‘min bandalari farishtalar avomidan afzaldir, deyiladi.

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Agar mo‘minlar gunoh qilmaganida, samo mulkidagi farishtalar kabi uchgan bo‘lardi”. Lekin Haq taolo gunohlari tufayli ularni bundan man qildi.

Muhiddin ibn Arabiy (rahmatullohi alayh): “Haqoyiqi olam insonga oiddir. Inson olamdan faqat kichikligi bilan ajralib turadi. Bu olam asli ikki qismdan iborat bo‘lib, biri kamolotni qabul etmagani uchun yaratilgani bo‘yicha qolgan, biri esa kamolotni qabul qildi va bunda Haqning Jalol va Jamol sifatlari tajalliy etadi, shu bois, u Alloh uchun har holatda mukarram va afzaldir”, degan.

Demak, hadisi sharifdan bilamiz, kuchli mo‘min o‘zining qilgan amallari, Alloh va uning rasuliga bo‘lgan imoni tufayli ulug‘ martabalarga erishadi.

Ota-bobolarimizdan qolgan ajoyib bir naql bor: “Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni yiqar”. Mo‘min kishi “bilagi” bilan emas, o‘zining ilmi, ishonchi va e’tiqodi bilan kuchli va sharaflidir.

Mo‘min banda Allohning rahmatiga erishish uchun Mu’minun surasining oyatlariga batamom amal qilishi kerak.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿وَٱلۡمُؤۡمِنُونَ وَٱلۡمُؤۡمِنَٰتُ بَعۡضُهُمۡ أَوۡلِيَآءُ بَعۡضٖۚ يَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَيَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَيُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَيُطِيعُونَ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓۚ أُوْلَٰٓئِكَ سَيَرۡحَمُهُمُ ٱللَّهُۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٧١

«Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdir: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni to‘kis ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir» (Tavba, 71).

Oyati karimada mo‘minlar bir-birlariga do‘st ekani zikr qilingandan keyin, ularning sifatlari – yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, Alloh va Uning rasuliga itoat etish kabi yuksak fazilatlar aytib o‘tildi.

Islom tarixiga e’tibor bilan qaraydigan bo‘lsak, oyatda zikr etilgan sifatlarning barchasini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va u zotning safdoshlari bo‘lmish yo‘lchi yulduz sahobalarning siymolarida ko‘ramiz.

Ming afsus, ayni paytda musulmonlar o‘rtasida mehr-oqibatning yo‘qolib borishi, oyatda zikr qilingan sifat va fazilatlarning ko‘rinmasligi har bir imon ahlini qayg‘uga soladi.

Shaytonga ergashish, imonga quloq osmaslik oqibatida ko‘plab ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmoqda. Bunga tarixdan misol:

Bani Isroildan bir kishi hujrasida tinimsiz ibodat qilardi. Odamlar uni “Obid Barsiso”, deb atardi. U shu darajaga yetdiki, duo qilsa, ijobat bo‘lmasdan qolmasdi. Uning duosi sababli kasallar shifo topar edi. Iblis (alayhila’na) kunlarning birida barcha shaytonlarni chaqirib: “Kim bu kishini fitna qilib, yo‘ldan adashtiradi”, dedi. Ulardan Ifrit bu taklifni bo‘yniga oldi. Bani Isroil podshohlaridan birining husnda tengi yo‘q qizi bor edi. Qiz ota-onasi va aka-ukalari davrasida o‘tirganida, Ifrit ularning oldiga kelib, qattiq qichqirdi. Barchalari juda qo‘rqib ketishdi. Qiz esa majnun bo‘lib qoldi. Oradan bir necha kun o‘tsa ham dardi yengillashmadi. Shundan so‘ng Ifrit odam suratida kelib: “Agar uning tuzalishini xohlasangiz, falonchi rohibning oldiga olib boringlar, rohib duo qilsa, bemor shifo topadi”, dedi. Ular qizni Barsisoning oldiga olib bordi. Rohib duo qilgan edi, qiz tuzaldi. Lekin uylariga qaytgach, yana majnun bo‘lib qoldi. Shayton ularga: “Agar uning butunlay tuzalib ketishini xohlasangiz, rohibning oldida bir necha kun qoldiringlar”, dedi.

Ular Barsisoning oldiga qaytadan kelib, rohib ko‘nmasa ham, bir necha kunga qizni qoldirib ketishdi. Rohib qizni dasturxonga taklif qilib, uni taomlantirdi. Qiz bir necha kun uning oldida qoldi. Kunlarning birida rohib qizga shahvat nazari bilan qaradi va uning go‘zalligiga maftun bo‘ldi. Shaytonning vasvasasi tufayli sabr etolmay, qizga yaqinlik qildi. So‘ng qiz undan homi­lador bo‘ldi. Shunda shayton rohibning oldiga keldi va unga: “Qiz sendan homilador bo‘ldi. Endi podshohdan qutula olmaysan, faqat qizni o‘ldirsanggina omon qolasan. Agar uni so‘rab kelishsa: “o‘lib qoldi”, desang, ular senga ishonadi”, dedi. Rohib qizni o‘ldirib, hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi. Uni so‘rab kelishganida: “U o‘lib qoldi”, dedi. Ular ham rohibning gapiga ishonib, qaytib ketdi. Shunda shayton podshohning oldiga borib: “Rohib qizingning nomusiga tegdi va qilgan ishidan qo‘rqib, uni o‘ldirib, hujrasi oldiga ko‘mib qo‘ydi”, dedi. Podshoh odamlari bilan rohibning oldiga keldi. Qabrni ochishganida, qizni so‘yilgan holatda topishdi. Shunda ular rohibning ko‘l-oyoqlaridan osib, mixlab qo‘ydi. Shayton rohibning oldiga kelib: “Agar menga sajda qilsang, seni qutqaraman”, dedi. “Men senga bu ahvolda qanday sajda qilayin”, dedi rohib. Shayton: “Boshing bilan ishora qilgan holda sajda qilsang ham roziman”, dedi. U boshi bilan sajdaga ishora qilgan edi, shayton: “Men sendan bezorman, albatta men odamlarning Parvardigori bo‘lmish Allohdan ko‘rqaman”, dedi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rohib Barsiso esa kofir holida o‘lib ketdi va abadiy do‘zaxiylardan bo‘ldi.

Mo‘min kishi yuqorida keltirilgan achinarli va ayni paytda ibratli voqeadan yetarlicha o‘rnak olsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyat va sifatlarini o‘zida mujassam etsa, Alloh tomonidan va’da qilingan xushxabar-mukofotlarga ega bo‘ladi.

Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:

﴿أَكَانَ لِلنَّاسِ عَجَبًا أَنۡ أَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰ رَجُلٖ مِّنۡهُمۡ أَنۡ أَنذِرِ ٱلنَّاسَ وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَنَّ لَهُمۡ قَدَمَ صِدۡقٍ عِندَ رَبِّهِمۡۗ قَالَ ٱلۡكَٰفِرُونَ إِنَّ هَٰذَا لَسَٰحِرٞ مُّبِينٌ٢

«O‘zlaridan (bo‘lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring va imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida “sodiqlik qadami” borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo‘ldimi?! Kofirlar esa: “Albatta, bu (Muhammad) aniq sehrgardir”, dedi» (Yunus, 2).

Oyati karimadagi “sodiqlik qadami”ni mufassirlar turlicha ta’vil qilgan. “Sodiqlik qadami”dan murod, nima ekani to‘g‘risida Ibn Abbos (roziyallohu anhu) amallar uchun beriladigan ajru savob desa, Zahhok (rahmatullohi alayh) sodiqlik savobi, deydi. Mujohid (rahmatullohi alayh) ibodatlari desa, Hasan Basriy oldin qilib o‘tgan solih amallari, deydi. Zayd ibn Aslam Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) shafoatlari, desa, Abu Ubayda oldin qilgan yaxshi va yomon ishlari, deb tafsir qilgan.

Imom Tabariy o‘z tafsirida Mujohid (rahmatullohi alayh)dan naql qilingan “solih amallar” tafsirini ma’qulroq, deb yozadi.

Alloh taolo O‘z hikmati ila bandalari orasidan salohiyatli kishini tanlab, unga payg‘ambarlik martabasini beradi. Unga vahiy yuborib, atrofidagi kishilarni ogohlantirishga amr qiladi. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan. Lekin kofirlar bu ishga doimo inkor nazari bilan qaragan, o‘zlaridan bo‘lgan bir odamga Allohdan vahiy kelishi ularga ajablanarli tuyulgan.

Oxirgi Payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ham oldingi payg‘ambarlarga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘lingan.

Oyatdagi: «O‘zlaridan (bo‘lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring va imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida “sodiqlik qadami” borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo‘ldimi?!» degan so‘zdan ma’lum, mushriklar u zotga kelgan vahiyni ajablanib, inkor bilan qarshi olgan. Aslida esa, unda ajablanadigan va inkor qiladigan hech bir jihati yo‘q edi. Boshqa payg‘ambarlarga kelgani kabi, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ham vahiy kela boshlagan va u orqali barcha kishilarni ogohlantirish uchun ilohiy amr qilish iroda qilingan edi. Shu bilan birga, oyat orqali imon keltirganlarga xushxabar berish ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga amr qilingan edi. Bu xushxabarga binoan, ko‘plar qaltirab-titrab, qadamini bosa olmay, oyog‘i osmondan bo‘lib ketayotgan shiddatli bir paytda, mo‘minlarning Alloh taolo huzurida sobitqadam – qadamlari mustahkam holda turishlari va yuqori martabalarga erishishlari aytildi (“Haq din Qur’on tili” tafsiri, 9-jild).

Yuqorida keltirilgan hikoya ham kishini sobitqadam bo‘lishga chorlashi bilan juda ibratlidir. Mo‘min kishi ilohiy xushxabarni eshitganidan keyin o‘zini ancha bardam his etish bilan birga, ibodatlarini ham to‘kis bajarishga kirishadi va natijada, Allohga taqvo qilib, taqvodorlardan bo‘ladi.

Oyati karimada aytiladi:

﴿ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَكَانُواْ يَتَّقُونَ٦٣ لَهُمُ ٱلۡبُشۡرَىٰ فِي ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَا وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِۚ

«Ular imon keltirgan va taqvoli bo‘lganlardir. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir» (Yunus, 63–64).

Allohning do‘sti bo‘lish juda oson. Buning uchun, avvalo, U Zotga imon keltirish, ikkinchidan, taqvodor bo‘lish kerak. Allohga taqvo qilgan, ya’ni U Zotdan qo‘rqqan kishi Unga yana ham yaqin bo‘ladi. Lekin ijtimoiy hayotda esa buning aksi kuzatiladi – birovdan qo‘rqqan kishi iloji boricha undan uzoqroq yurishga tirishadi.

 

Davomi bor...

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   5129   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA