Ahli sunna val jamoa e’tiqodida yaxshi ko‘rish sifati Allohning kamol sifatlaridandir. Yaxshi ko‘rish sifati buyuk Allohga loyiq tarzdadir. Alloh taoloning bu va bundan boshqa barcha sifatlari yolg‘iz O‘ziga xos bo‘lib, maxluqlarining sifatlariga aslo o‘xshamaydi. Allohdagi muhabbat sifati bilan inson yoki boshqa maxluqdagi muhabbat sifatining o‘xshash tomoni ularning faqat nomida, xolos. Ma’nosi esa, cheksiz farqlidir. Allohning sifatlarini yo‘qqa chiqarish og‘ib ketish va halok bo‘lishdir, U Zotning sifatlarini maxluqlar sifatlariga o‘xshatish yoki ma’nosini o‘zgartirish esa, bid’at va zalolatdir.
Alloh taolodagi muhabbat sifati sevgan bandalari holatlariga taalluqli bo‘ladi. Bandalar U Zotning muhabbatiga olib boruvchi ezgu amallar qilishgandan keyin Alloh taolo ularni yaxshi ko‘radi.
Imon yetmishdan ortiq qismdan iborat. Ularning eng oliysi “La ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, eng kichigi ozor beruvchi har qanday narsani musulmonlar yo‘lidan olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir bo‘lak. Imonning ko‘rinadiganu ko‘rinmaydigan barcha amallari mana shu bo‘laklarga qaytadi. Shunday ekan, kim imonning barcha bo‘laklarini jamlab ado etsa, foydali ilm va ezgu amallar bilan o‘z nafsini kamolotga yetkazsa, boshqalarni haqqa hamda sabrga chiroyli chorlasa, bunday inson imon martabalarining eng oliyiga yetgan quvvatli mo‘mindir.
Bu hadis imonning ziyoda bo‘lishi va nuqsonlashib borishiga asos bo‘lgan salaf ulamolarimizning dalillaridandir. Imon ilmlaridan tahsil olib, solih amallar qilgan kishining imoni ziyodalashib borsa, ma’siyatga yuz tutgan mo‘minning imoni nuqsonlashib boradi. Imonning ziyoda va nuqsonli bo‘lib turishi Qur’on va sunnatning ko‘p o‘rinlarida dalil bo‘lgan asl qoidadir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlar orasini fazilat bilan ajratganlarida, pastda qolganlarini kimdir kamsitmasligi uchun, “Ularning har ikkisida ham yaxshilik bor” deb qo‘shib qo‘ydilar. Bu ehtiyotkorona so‘zda qanchalar foyda borligi maxfiy emas. Insonlar orasidagi martabalar haqida so‘z yuritayotgan kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bu odoblarini ham esidan chiqarmasligi lozim.
Bu hadisdan yana shu narsa xulosa qilinadi, yaxshilik, Allohni sevish va dinni barpo qilishda mo‘minlar orasida tafovut va darajalar bor.
Oyati karimada:
﴿وَلِكُلّٖ دَرَجَٰتٞ مِّمَّا عَمِلُواْۖ وَلِيُوَفِّيَهُمۡ أَعۡمَٰلَهُمۡ وَهُمۡ لَا يُظۡلَمُونَ١٩﴾
«Hamma uchun qilgan amallari sababli darajalar bordir. (Alloh) ularga qilgan amallari (mukofoti va jazolari)ni mukammal berur va ularga nohaqlik qilinmas” (Ahqof, 19), deyilgan.
Yaxshilar amallariga qarab dunyoda ham, oxiratda ham turli martaba va darajalarda bo‘lishganidek, yomonlar ham qilmishlarining ko‘p-kamligi sababli turli tabaqalarga ajratiladi.
Mo‘minlar dunyoda uch qismga bo‘linadi.
Birinchisi: yaxshiliklarga oshiquvchilar. Bular farz va mustahab amallarni chiroyli ado etib, harom va makruhlarni tark etgan kishilar. Bunday kishilar qilinishi joiz bo‘lgan ortiqcha ishlarni ham qoldirib, ibodatlarini komil suratda ado etadi va barcha komil sifatlar bilan sifatlanadi.
Ikkinchisi: iqtisod qilib qoniqarli yo‘l tutganlar. Bunday kishilar faqat farz amallarini barpo qilib, harom ishlarni tark qiladigan kishilar.
Uchinchisi: o‘z nafslariga zulm qilgan kishilar. Bunday kimsalar solih amallari orasiga buzuq ishlarni ham aralashtirib yuboradi. Bundaylar ibodat ham qiladi, gunohga ham qo‘l uradi.
Hadis davomida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “O‘zingga foydali bo‘lgan narsaga tirish. Allohdan yordam so‘ra”, degan so‘zlari dunyo va oxirat saodatini qamrab oluvchi foydali so‘zdir.
Foydali ishlar ikki qismga bo‘linadi. Diniy ishlar va dunyoviy ishlar. Odam diniy amallarga muhtoj bo‘lganidek, dunyoviy ishlarga ham hojatmanddir. Baxtli inson Allohdan yordam so‘rab ham diniy, ham dunyoviy manfaatli ishlarga tirishadi. Mana shu daraja insonning kamolotga yetganligi va oxiratda najot topishi alomatidir. Kim foydali ishlarga tirishmasdan dangasalik qilsa, yuqoridagi shirin so‘zlar va oliy martabalar unga qayoqdan kelsin?! Yalqovlik ziyon ko‘rish va bo‘shashishning aslidir. Yalqov na yaxshilikka erishadi, na hurmat ko‘radi va na dinu dunyoda nasibador bo‘ladi.
Dindagi foydali ishlar ikki narsadan iborat. Birinchisi, foydali ilm. Ikkinchisi, solih amal. Foydali ilm qalblar va ruhlarni poklab, ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi samara beradi.
Alloh taologa ixlosni jamlab va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashib qilingan solih amal esa, insonni Alloh taologa yaqinlashtiradi. Yuqoridagi shartlar asosida buyurilgan amallarni ado etish va qaytarilgan ishlarni tark etish, “solih amal” deyiladi.
“Dunyodagi foydali ishlar”, deganda bandaning rizq izlashi lozimligi nazarda tutiladi. Shuning uchun, inson o‘z holatiga loyiq ravishda eng foydali sabablarni topishi kerak. Bu ishlarda kuchiga suyanib qolmasdan, Rabbidan rizq va baraka so‘rashi lozim.
Kasblarning eng yaxshisi qaysi, degan savol tug‘ilsa, quyidagicha javob beriladi. Ilm ahli bu borada turli fikrlar bildirgan. Ba’zilar dehqonchilik ishlarini afzal desa, boshqalar oldi-sotdi ishlari afzal, degan. Yana ba’zilar ishlab chiqarish korxonalarini yurgizish muhimroq deydi. Bularning hammalari fikrlariga dalillar keltiradi. Bu turli-tuman fikrlarni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zingga foydali bo‘lgan narsalarga tirish. Ojizlik qilma”, degan so‘zlari bilan kelishtirishadi.
Dunyoviy ishlar holatlar va shaxslarga qarab turlichadir. Kimgadir dehqonchilik foydali bo‘lsa, kimgadir savdo-sotiq, yana birovga esa tadbirkorlik. Eng muhimi, halol bo‘lsa, bo‘ldi.
Hadis oxirida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kuch sarf qilinganidan keyin Allohning taqdiriga rozi bo‘lishga chaqiradilar. Agar insonga musibat yetib qolsa, “u yoki bu ishlarni qilganimda edi, musibat yetmasdi”, demasin. Allohning taqdiri achchiqligiga ham imon keltirsin. Shunda qalb taskin topib, nafs orom oladi. Afsuslanib “agar” desa, taqdirga bo‘lgan imoni nuqsonli bo‘lishi bilan birga, shayton amalini ochib yuboradi. “Agar” afsuslanish kalimasi musibat yetgan vaqtda joiz bo‘lmagani kabi, uni yomonlik va gunoh istashda ishlatish ham qoralanadi. Garchi bu istovchi xohlagan gunohini qilmagan bo‘lsa ham, istagi uchun gunohkor bo‘ladi. Ammo “agar” kalimasi yaxshilikni orzu qilishda yoki foydali ilmni bayon qilishda ishlatilsa, maqtovga sazovor bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mazkur hadisda taqdirga imon keltirish bilan foydali sabablar ila amal qilishni jamladilar. Bu ikki asosga Qur’on va sunnatning ko‘p o‘rinlari dalil bo‘ladi. Bularsiz din to‘liq bo‘lmaydi.
“Allohdan yordam so‘ra” so‘zlari bilan u zot (sollallohu alayhi va sallam) Allohga tavakkul qilishga amr etadilar. Sabablarga rioya qilish bilan barcha narsalarda Allohga suyanishga “tavakkul”, deyiladi.
Mo‘min kishi Allohga tavakkul qilish bilan birga, birodarlari, mahalla-ko‘y va qavm-qarindoshlari bilan hamjihat yashashi lozim.
Hadisi sharifda: “Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Muso (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan bu hadisda bino devorlari bir-biriga mustahkam yopishgani kabi, mo‘minlar ham bir-birlariga mahkam bog‘lanishlari lozimligi uqtirilmoqda. Binoni tashkil etgan unsurlar orasida tosh, temir kabi narsalar bo‘lganidek, qum va shisha kabi nozik narsalar ham mavjud. Lekin barchasi birgalikda binoni mahkam tutib turibdi. Insonlar ana shu bino kabi jipslashgan, bir-birini suyagan bo‘lishi kerak. Kuchlilari doim zaiflarni suyab turishi, ular bilan yelkadosh, hamnafas bo‘lishi lozim. Chunki mustahkam bo‘lmagan binoning yiqilishi muqarrar, bundan Allohning O‘zi asrasin.
Ushbu hadis mo‘minlarni jamoa bo‘lib yashashga, o‘zaro hamjihatlikda umr kechirishga tashviq etmoqda. Zero, insonning yolg‘iz hayot kechirishi imkonsiz. Masalan, bir burda nonni tayyorlash, pishirish uchun naqadar ko‘p asbob-uskuna va mehnatga ehtiyoj sezilishi barchaga ayon. Demak, insonlar zarar emas, foyda keltiruvchi, xom emas, pishgan bo‘lishi, noqis emas, komil bo‘lishi lozimdir, bundan Islom jamiyati kundan-kunga rivojlansin va yuksalsin. Aksincha, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, zaifu miskinlarga nisbatan mehr-muhabbat qilmasa, Haq taolo bunday bandadan aslo rozi bo‘lmaydi. Ana shu vaqtda qiyomat qo‘padi, faryodu fig‘onlar boshlanadi. Isyonlar, norozilik, qo‘zg‘olonlar va boshqa falokatlar ro‘y berishining sababchilari musulmonlikni da’vo qiluvchi, aslida Islomdan bexabar sho‘rlik guruhlardir, ular Islom ahlining boshiga balo bo‘ladi.
Musulmonlar tanazzuliga eng katta sabab – musulmonlarning haqiqiy musulmon bo‘lmay, ilm va davlatlariga mag‘rurlanib, faqirlaru zaiflarning haqlariga rioya kilmasdan, ularga islomiy va insoniy muomalada bo‘lmasliklaridir. Shu boisdan ham, ular oxirat saodatlaridan mahrum bo‘lgay. Agar ular molu dunyolariga bu qadar hirs qo‘ymasdan, boy-kambag‘alligiga e’tibor bermay, hammalari qo‘lni-qo‘lga berib, birlashishganida, bugun musulmonlarning qo‘lini bukishga hech kim botinolmas edi.
Mo‘min kishi Alloh taolo aytgan va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarga to‘la-to‘kis amal qilib borsa, farishtalardan ham afzal bo‘lishi aytilgan.
Hadisi sharifda: “Mo‘min kishi Alloh taologa ba’zi farishtalardan ko‘ra afzalroqdir. Mo‘min kishi Alloh taologa muqarrab farishtalardan ham ko‘ra mukarramroqdir”, deyilgan (“Rumuzul ahodis”, 231-bet).
Mo‘min kishi Alloh taologa ba’zi farishtalardan ham ko‘ra hurmatliroqdir. Mo‘min banda Alloh taologa muqarrab-yaqin farishtalardan ham azizroqdir.
Abu Hurayra va Anas ibn Molik (roziyallohu anhumo) rivoyat qilgan bu hadisi sharif Alloh taolo komil imon sohiblarini ba’zi farishtalardan ham mukarram qilganini anglatib turibdi.
Zero, farishtalarda nafs va shahvat bo‘lmaganidek, hirs, hasad kabi xislatlar ham yo‘q. Shaytoni la’in ham ularni yo‘ldan ozdirolmaydi. Chunki ular nurdan yaratilgan. Holbuki, inson unday emas. Insonni bir tarafdan nafsi, ikkinchi tarafdan shahvati, hirsi, uchinchi tarafdan haq yo‘ldan adashtirishga, jahannamga yetaklashga, Allohdan uzoqlashtirishga urinadigan shaytonlar, munofiqlar, hasadgo‘ylar, kofirlar qamrab olgan. Ular bilan bo‘lgan kurashlarda g‘olib chiqqan bandaning mukofoti, hech shubhasiz, farishtalarning ba’zilaridan ham mukarram va afzal bo‘lishdir. Shuning uchun Allohning xos mo‘min bandalari farishtalar avomidan afzaldir, deyiladi.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Agar mo‘minlar gunoh qilmaganida, samo mulkidagi farishtalar kabi uchgan bo‘lardi”. Lekin Haq taolo gunohlari tufayli ularni bundan man qildi.
Muhiddin ibn Arabiy (rahmatullohi alayh): “Haqoyiqi olam insonga oiddir. Inson olamdan faqat kichikligi bilan ajralib turadi. Bu olam asli ikki qismdan iborat bo‘lib, biri kamolotni qabul etmagani uchun yaratilgani bo‘yicha qolgan, biri esa kamolotni qabul qildi va bunda Haqning Jalol va Jamol sifatlari tajalliy etadi, shu bois, u Alloh uchun har holatda mukarram va afzaldir”, degan.
Demak, hadisi sharifdan bilamiz, kuchli mo‘min o‘zining qilgan amallari, Alloh va uning rasuliga bo‘lgan imoni tufayli ulug‘ martabalarga erishadi.
Ota-bobolarimizdan qolgan ajoyib bir naql bor: “Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni yiqar”. Mo‘min kishi “bilagi” bilan emas, o‘zining ilmi, ishonchi va e’tiqodi bilan kuchli va sharaflidir.
Mo‘min banda Allohning rahmatiga erishish uchun Mu’minun surasining oyatlariga batamom amal qilishi kerak.
Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿وَٱلۡمُؤۡمِنُونَ وَٱلۡمُؤۡمِنَٰتُ بَعۡضُهُمۡ أَوۡلِيَآءُ بَعۡضٖۚ يَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَيَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَيُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَيُطِيعُونَ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓۚ أُوْلَٰٓئِكَ سَيَرۡحَمُهُمُ ٱللَّهُۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٧١﴾
«Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdir: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni to‘kis ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir» (Tavba, 71).
Oyati karimada mo‘minlar bir-birlariga do‘st ekani zikr qilingandan keyin, ularning sifatlari – yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, Alloh va Uning rasuliga itoat etish kabi yuksak fazilatlar aytib o‘tildi.
Islom tarixiga e’tibor bilan qaraydigan bo‘lsak, oyatda zikr etilgan sifatlarning barchasini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va u zotning safdoshlari bo‘lmish yo‘lchi yulduz sahobalarning siymolarida ko‘ramiz.
Ming afsus, ayni paytda musulmonlar o‘rtasida mehr-oqibatning yo‘qolib borishi, oyatda zikr qilingan sifat va fazilatlarning ko‘rinmasligi har bir imon ahlini qayg‘uga soladi.
Shaytonga ergashish, imonga quloq osmaslik oqibatida ko‘plab ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmoqda. Bunga tarixdan misol:
Bani Isroildan bir kishi hujrasida tinimsiz ibodat qilardi. Odamlar uni “Obid Barsiso”, deb atardi. U shu darajaga yetdiki, duo qilsa, ijobat bo‘lmasdan qolmasdi. Uning duosi sababli kasallar shifo topar edi. Iblis (alayhila’na) kunlarning birida barcha shaytonlarni chaqirib: “Kim bu kishini fitna qilib, yo‘ldan adashtiradi”, dedi. Ulardan Ifrit bu taklifni bo‘yniga oldi. Bani Isroil podshohlaridan birining husnda tengi yo‘q qizi bor edi. Qiz ota-onasi va aka-ukalari davrasida o‘tirganida, Ifrit ularning oldiga kelib, qattiq qichqirdi. Barchalari juda qo‘rqib ketishdi. Qiz esa majnun bo‘lib qoldi. Oradan bir necha kun o‘tsa ham dardi yengillashmadi. Shundan so‘ng Ifrit odam suratida kelib: “Agar uning tuzalishini xohlasangiz, falonchi rohibning oldiga olib boringlar, rohib duo qilsa, bemor shifo topadi”, dedi. Ular qizni Barsisoning oldiga olib bordi. Rohib duo qilgan edi, qiz tuzaldi. Lekin uylariga qaytgach, yana majnun bo‘lib qoldi. Shayton ularga: “Agar uning butunlay tuzalib ketishini xohlasangiz, rohibning oldida bir necha kun qoldiringlar”, dedi.
Ular Barsisoning oldiga qaytadan kelib, rohib ko‘nmasa ham, bir necha kunga qizni qoldirib ketishdi. Rohib qizni dasturxonga taklif qilib, uni taomlantirdi. Qiz bir necha kun uning oldida qoldi. Kunlarning birida rohib qizga shahvat nazari bilan qaradi va uning go‘zalligiga maftun bo‘ldi. Shaytonning vasvasasi tufayli sabr etolmay, qizga yaqinlik qildi. So‘ng qiz undan homilador bo‘ldi. Shunda shayton rohibning oldiga keldi va unga: “Qiz sendan homilador bo‘ldi. Endi podshohdan qutula olmaysan, faqat qizni o‘ldirsanggina omon qolasan. Agar uni so‘rab kelishsa: “o‘lib qoldi”, desang, ular senga ishonadi”, dedi. Rohib qizni o‘ldirib, hujrasining oldiga ko‘mib qo‘ydi. Uni so‘rab kelishganida: “U o‘lib qoldi”, dedi. Ular ham rohibning gapiga ishonib, qaytib ketdi. Shunda shayton podshohning oldiga borib: “Rohib qizingning nomusiga tegdi va qilgan ishidan qo‘rqib, uni o‘ldirib, hujrasi oldiga ko‘mib qo‘ydi”, dedi. Podshoh odamlari bilan rohibning oldiga keldi. Qabrni ochishganida, qizni so‘yilgan holatda topishdi. Shunda ular rohibning ko‘l-oyoqlaridan osib, mixlab qo‘ydi. Shayton rohibning oldiga kelib: “Agar menga sajda qilsang, seni qutqaraman”, dedi. “Men senga bu ahvolda qanday sajda qilayin”, dedi rohib. Shayton: “Boshing bilan ishora qilgan holda sajda qilsang ham roziman”, dedi. U boshi bilan sajdaga ishora qilgan edi, shayton: “Men sendan bezorman, albatta men odamlarning Parvardigori bo‘lmish Allohdan ko‘rqaman”, dedi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Rohib Barsiso esa kofir holida o‘lib ketdi va abadiy do‘zaxiylardan bo‘ldi.
Mo‘min kishi yuqorida keltirilgan achinarli va ayni paytda ibratli voqeadan yetarlicha o‘rnak olsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyat va sifatlarini o‘zida mujassam etsa, Alloh tomonidan va’da qilingan xushxabar-mukofotlarga ega bo‘ladi.
Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:
﴿أَكَانَ لِلنَّاسِ عَجَبًا أَنۡ أَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰ رَجُلٖ مِّنۡهُمۡ أَنۡ أَنذِرِ ٱلنَّاسَ وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَنَّ لَهُمۡ قَدَمَ صِدۡقٍ عِندَ رَبِّهِمۡۗ قَالَ ٱلۡكَٰفِرُونَ إِنَّ هَٰذَا لَسَٰحِرٞ مُّبِينٌ٢﴾
«O‘zlaridan (bo‘lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring va imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida “sodiqlik qadami” borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo‘ldimi?! Kofirlar esa: “Albatta, bu (Muhammad) aniq sehrgardir”, dedi» (Yunus, 2).
Oyati karimadagi “sodiqlik qadami”ni mufassirlar turlicha ta’vil qilgan. “Sodiqlik qadami”dan murod, nima ekani to‘g‘risida Ibn Abbos (roziyallohu anhu) amallar uchun beriladigan ajru savob desa, Zahhok (rahmatullohi alayh) sodiqlik savobi, deydi. Mujohid (rahmatullohi alayh) ibodatlari desa, Hasan Basriy oldin qilib o‘tgan solih amallari, deydi. Zayd ibn Aslam Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) shafoatlari, desa, Abu Ubayda oldin qilgan yaxshi va yomon ishlari, deb tafsir qilgan.
Imom Tabariy o‘z tafsirida Mujohid (rahmatullohi alayh)dan naql qilingan “solih amallar” tafsirini ma’qulroq, deb yozadi.
Alloh taolo O‘z hikmati ila bandalari orasidan salohiyatli kishini tanlab, unga payg‘ambarlik martabasini beradi. Unga vahiy yuborib, atrofidagi kishilarni ogohlantirishga amr qiladi. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan. Lekin kofirlar bu ishga doimo inkor nazari bilan qaragan, o‘zlaridan bo‘lgan bir odamga Allohdan vahiy kelishi ularga ajablanarli tuyulgan.
Oxirgi Payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ham oldingi payg‘ambarlarga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘lingan.
Oyatdagi: «O‘zlaridan (bo‘lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring va imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida “sodiqlik qadami” borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo‘ldimi?!» degan so‘zdan ma’lum, mushriklar u zotga kelgan vahiyni ajablanib, inkor bilan qarshi olgan. Aslida esa, unda ajablanadigan va inkor qiladigan hech bir jihati yo‘q edi. Boshqa payg‘ambarlarga kelgani kabi, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ham vahiy kela boshlagan va u orqali barcha kishilarni ogohlantirish uchun ilohiy amr qilish iroda qilingan edi. Shu bilan birga, oyat orqali imon keltirganlarga xushxabar berish ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga amr qilingan edi. Bu xushxabarga binoan, ko‘plar qaltirab-titrab, qadamini bosa olmay, oyog‘i osmondan bo‘lib ketayotgan shiddatli bir paytda, mo‘minlarning Alloh taolo huzurida sobitqadam – qadamlari mustahkam holda turishlari va yuqori martabalarga erishishlari aytildi (“Haq din Qur’on tili” tafsiri, 9-jild).
Yuqorida keltirilgan hikoya ham kishini sobitqadam bo‘lishga chorlashi bilan juda ibratlidir. Mo‘min kishi ilohiy xushxabarni eshitganidan keyin o‘zini ancha bardam his etish bilan birga, ibodatlarini ham to‘kis bajarishga kirishadi va natijada, Allohga taqvo qilib, taqvodorlardan bo‘ladi.
Oyati karimada aytiladi:
﴿ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَكَانُواْ يَتَّقُونَ٦٣ لَهُمُ ٱلۡبُشۡرَىٰ فِي ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَا وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِۚ ﴾
«Ular imon keltirgan va taqvoli bo‘lganlardir. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir» (Yunus, 63–64).
Allohning do‘sti bo‘lish juda oson. Buning uchun, avvalo, U Zotga imon keltirish, ikkinchidan, taqvodor bo‘lish kerak. Allohga taqvo qilgan, ya’ni U Zotdan qo‘rqqan kishi Unga yana ham yaqin bo‘ladi. Lekin ijtimoiy hayotda esa buning aksi kuzatiladi – birovdan qo‘rqqan kishi iloji boricha undan uzoqroq yurishga tirishadi.
Davomi bor...
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi