Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

KIMKI YERGA MЕHR BЕRSA, BUNING SAVOBI KATTADIR

16.04.2020   3395   11 min.
KIMKI YERGA MЕHR BЕRSA, BUNING SAVOBI KATTADIR

Bismillahir rohmanir rohim.

Bugun Koronavirus kasalligining shiddat bilan Yer yuziga tarqalayotgani butun insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Har bir davlat ushbu ofat ta’sirini yumshatish, keng tarqalishining oldini olishga jiddiy harakat qilmoqda.

Har bir ibtidoning intihosi bo‘lganidek, bunday sinovli kunlar ham tez fursatda Alloh taoloning irodasi ila tarixga aylanishiga ishonamiz. Bugun har birimiz davlatimiz tomonidan o‘rnatilgan talablarga rioya etsak, muhtaram Yurtboshimizning ko‘rsatayotgan jonkuyarligini qalban his etib, itoat qilsak, mashaqqatlarni, albatta, yengib o‘tamiz, insho Alloh.

Davlatimiz rahbari ushbu kasallik keng tarqalib ketmasligining oldini olish borasidagi murojaatlari xalqimizga ruhiy madad, samimiy dalda bo‘ldi. Har birimizga kuch-quvvat berib, inon-ishonchimizni mustahkamladi. Yurtboshimiz tadbirkorlarga, yordamga muhtoj aholiga, yakka-yolg‘izlarga, nogironlarga moddiy ko‘mak va yordamlarni oshiramiz, deganlari insonparvarlikning oliy namunasi bo‘ldi.

Karantinning dastlabki kunlaridanoq yuksak safarbarlik choralari ko‘rilgani xalqimiz uchun, oilalar uchun, shu yurt fuqarosi sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Taassufki, pandemiya tufayli o‘rnatilgan tartib-qoidalarni mensimaslik holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. “Birniki mingga, mingniki – tumanga”, degan gap bor xalqimizda. Arzimas bahona bilan ko‘chaga oshiqayotgan, karantin qoidalarini pisand qilmay, vaj-karsonlar to‘qiyotgan, qochib-pusib shaxsiy transport vositalari bilan ko‘chaga chiqishga urinayotgan kimsalarning maqsadi nima? Axir, ular ham vaziyatni yaqqol ko‘rib, sezib turishibdi-ku.

O‘tgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni to‘plab, ziyofat va marosimlar o‘tkazilgani aniqlanganini qanday tushunish mumkin. Ularning bu xatti-harakatlari, avvalo, o‘zini, oilasini, bola-chaqasini og‘ir dardga giriftor qilib qo‘yishi mumkin-ku. Alloh taolo bundayga insofi tavfiq bersin.

Islom dinida insonning vaboga sabr qilishiga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Agar biror joyda vabo yoki halok qiluvchi biror yuqumli kasallik tarqalsa, u yerdagi kishi o‘ziga Allohning hukmidan boshqa hech narsa yetmasligini ishongan holda sabr qilib o‘tirsa, unga shahidlik savobi beriladi. Agar biror kimsa besabrlik qilib, u yerdan qochib ketsa, u bu ajrdan bebahra qoladi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Vabodan qochuvchi kimsa (gunohda) jang maydonidan qochuvchi kimsa kabidir” deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Buning ma’nosi shuki, qaysi joyda vabo tarqalsa, u yerdan qochmasdan, sobit turish lozim. U yerdan qochish esa besabrlik va Alloh taologa tavakkal qilmaslik belgisi bo‘lgani uchun gunohdir. Shunday ekan, har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining hayotiga katta xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.

Ba’zan kasallikdan ko‘ra vahima va sarosimalar insonni hushidan ayirayozadi. Tib ilmining sultoni, bobokalonimiz Ibn Sino aytganidek: “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”.

Bemor har qanday og‘ir dardni bandalikka xos sifatlar ila qabul qilib, ajrini Allohdan umid qilsa, uning ortidan o‘zi bilmagan yaxshiliklarga erishadi. Zero, har bir dard va musibat behikmat emas. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Qaysi bir kishiga to’un (epidemiya) yetsa va uyida sabr ila savob umidida o‘tirsa, o‘ziga Alloh taqdir qilganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, unga shahidning ajrichalik savob beriladi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Vaboga chalingan kishi dardidan tuzalsa ham shahidlik ajri beriladi. Alhamdulillah, har kuni oynai jahon orqali koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan yurtdoshlarizning ba’zilari sog‘ayayotganini ko‘rayapmiz. Shu paytgacha 42 nafar kishi butunlay darddan forig‘ bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, tuzalib, sog‘aygan bemorning misoli xuddi osmondan yangi tushgan do‘l donasining rangiga va sofligiga o‘xshaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ta’kidlash joizki, insonlarning dardidan tuzalib, gunohlardan forig‘ bo‘lishida ulamolar va shifokorlarning xizmati beqiyos. Ulamolar ma’naviy choralarni ko‘rib, aholining ruhiyatini tarbiyalaydi. Shifokorlar esa kasallikka qarshi moddiy choralar, zohiriy sabablar ila dardlarga malham bo‘ladi. Agar ularning xizmatlari tufayli bir bemor shifo topsa, nomai a’mollariga ulkan ajru savoblar bitiladi. Alloh taolo Qur’oni aziymush sha’nda marhamat qiladi: «Kim uni (bir jonni) tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo‘ladi» (“Moida” surasi, 32-oyat).

Mufassirlar ushbu oyatdagi “tiriltirsa” so‘zini “o‘limdan saqlab qolsa” deganlar. Imom Soviy rahmatullohi alayh “yashab qolishiga sababchi bo‘lsa”, deya tafsir qilganlar.

Demak, bugun bemorlarni davolayotgan shifokorlarimiz insonlarning hayotini saqlab qolgandek ulug‘ savobga erishyapti. Sharafli kasb egalari faoliyatlari davomida bir necha insonlarni oyoqqa turg‘izib, hadsiz-hisobsiz ajrlarni qo‘lga kiritayotganlarini bir tasavvur qilib ko‘ring!

Ikki hafta davomida yaqinlarini, farzandlarini ko‘rmasdan, uyqu, halovat nimaligini bilmasdan mehnat qilayotgan zahmatkash shifokorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, shu ishga kamarbasta bo‘lgan barcha-barchani men ZAMONAMIZ QAHRAMONLARI, deb bilaman. Shu ishga hissa qo‘shayotganlarni Yaratgandan Egam yuksak mukofotlar bilan siylasin.

 

Ekin ekib, rizq-ro‘z talab eting!

Xabaringiz bor, shu yilning 8 va 14 aprel kunlari muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa ekani ta’kidlandi. Albatta, bu hozir eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Zero, bugungi og‘ir damlarda aholi ro‘zg‘orining butligiga erishish, har bir oilaning tomorqasidagi mavjud imkoniyatlardan foydalanmay turib hal etish mushkul.

Shu ma’noda pandemiya tufayli yurtimizda e’lon qilingan karantin vaqtida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan birlamchi talabini qondirish ko‘p jihatdan tomorqalardan qanchalik oqilona foydalanishimizga bog‘liq. Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida: “Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak”, deb qat’iy ta’kidladilar.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan yerni boqishimiz kerak. Mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo, yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deb mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar.

Ayni kunlarda ko‘pchiligimiz vaqtimizni oila davrasida o‘tkazyapmiz. Bu karantin qoidalariga rioya qilish bilan birga, xonadonimizdagi mavjud tomorqada ishlash uchun ham yaxshi imkoniyat. Agar har bir xonadonda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilsa, avvalo, kelgusida bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, bozorlarda narx-navoning asossiz ravishda oshib ketishining oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Demak, bahorning har bir kunini g‘animat bilib, ekin-tikin ishlarini tezroq yakuniga yetkazaylik. Har bir qarich unumdor yerni qadriga yetaylik.

Alloh taolo yer yuzini osmondan obi-rahmat  yog‘dirib, shu orqali barcha nabototlarni o‘stirib, insonlarning rizqini berib qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida Alloh taolo ekinlar va bog‘larni misol qilib keltirilgan. Qur’oni karimda shunday bayon qilinadi: «U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar har o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir» (“Nahl” surasi, 10–11-oyatlar).

Muborak dinimiz ekin-tekin ishlariga targ‘ib qiladi. Bu haqda hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan juda ko‘plab hadislar kelgan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya’ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).

Yana bir hadisi sharifda bunday deyilgan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Hadisdagi “Allohga lozim bo‘ldi” degan so‘z mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir.

Sahobalardan bir qanchalari ekin ekish bilan shug‘ullanganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar orasida zohidlardan bo‘lsa-da, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi. Zero, Muhammad sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Yerda ekin-tikin qilib rizq-ro‘zingizni talab qilingiz”, degan edilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, deyilgan.

Rivoyat qilinishicha, Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: Ey Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying, dedilar. Shunda Otam: Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi, dedilar. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yo‘q, unday demang, bo‘sh turgan bu yeringizga, albatta, ko‘chat eking, deb o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar”.

Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganlarida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kasblaringizning eng yaxshisi yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi”, dedilar.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ummatlarini ko‘chat, ekin ekishga shu darajada targ‘ib qildilarki, hatto qiyomat qoim bo‘lish arafasida bo‘lsayam, imkon qilolsa, ko‘chatni ekib qolishga buyurdilar: “Agar qiyomat qoim bo‘lishni boshlasayu, biringizning qo‘lida nihol bo‘lsa, qiyomat qoim bo‘lishdan oldin uni ekishga qurbi yetsa, bas, shundoq qilsin”, deganlar.

Demak, har bir qarich yerdan unumli foydalansak, o‘zimizga, ro‘zg‘orimizga kerakli har xil ekinlarni eksak, astoydil mehnat qilsak, hukumatimizga kamarbasta bo‘lib, og‘ir kunlardan Qodir Egamning marhamati ila osonlik bilan o‘tib olamiz.

Yaratgan Parvardigordan ushbu kasallikni tezda bartaraf etishini so‘raymiz hamda Razzoq Alloh taolo yurtimizga qut-baraka, hosillarimizga mo‘l-ko‘llik, dasturxonimizga to‘kin-sochinlik bo‘lishini nasibu ro‘zi aylasin! Omin Yo Robbal alamiyn!

 

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   4011   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar