Bismillahir rohmanir rohim.
Bugun Koronavirus kasalligining shiddat bilan Yer yuziga tarqalayotgani butun insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Har bir davlat ushbu ofat ta’sirini yumshatish, keng tarqalishining oldini olishga jiddiy harakat qilmoqda.
Har bir ibtidoning intihosi bo‘lganidek, bunday sinovli kunlar ham tez fursatda Alloh taoloning irodasi ila tarixga aylanishiga ishonamiz. Bugun har birimiz davlatimiz tomonidan o‘rnatilgan talablarga rioya etsak, muhtaram Yurtboshimizning ko‘rsatayotgan jonkuyarligini qalban his etib, itoat qilsak, mashaqqatlarni, albatta, yengib o‘tamiz, insho Alloh.
Davlatimiz rahbari ushbu kasallik keng tarqalib ketmasligining oldini olish borasidagi murojaatlari xalqimizga ruhiy madad, samimiy dalda bo‘ldi. Har birimizga kuch-quvvat berib, inon-ishonchimizni mustahkamladi. Yurtboshimiz tadbirkorlarga, yordamga muhtoj aholiga, yakka-yolg‘izlarga, nogironlarga moddiy ko‘mak va yordamlarni oshiramiz, deganlari insonparvarlikning oliy namunasi bo‘ldi.
Karantinning dastlabki kunlaridanoq yuksak safarbarlik choralari ko‘rilgani xalqimiz uchun, oilalar uchun, shu yurt fuqarosi sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Taassufki, pandemiya tufayli o‘rnatilgan tartib-qoidalarni mensimaslik holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. “Birniki mingga, mingniki – tumanga”, degan gap bor xalqimizda. Arzimas bahona bilan ko‘chaga oshiqayotgan, karantin qoidalarini pisand qilmay, vaj-karsonlar to‘qiyotgan, qochib-pusib shaxsiy transport vositalari bilan ko‘chaga chiqishga urinayotgan kimsalarning maqsadi nima? Axir, ular ham vaziyatni yaqqol ko‘rib, sezib turishibdi-ku.
O‘tgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni to‘plab, ziyofat va marosimlar o‘tkazilgani aniqlanganini qanday tushunish mumkin. Ularning bu xatti-harakatlari, avvalo, o‘zini, oilasini, bola-chaqasini og‘ir dardga giriftor qilib qo‘yishi mumkin-ku. Alloh taolo bundayga insofi tavfiq bersin.
Islom dinida insonning vaboga sabr qilishiga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Agar biror joyda vabo yoki halok qiluvchi biror yuqumli kasallik tarqalsa, u yerdagi kishi o‘ziga Allohning hukmidan boshqa hech narsa yetmasligini ishongan holda sabr qilib o‘tirsa, unga shahidlik savobi beriladi. Agar biror kimsa besabrlik qilib, u yerdan qochib ketsa, u bu ajrdan bebahra qoladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Vabodan qochuvchi kimsa (gunohda) jang maydonidan qochuvchi kimsa kabidir” deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Buning ma’nosi shuki, qaysi joyda vabo tarqalsa, u yerdan qochmasdan, sobit turish lozim. U yerdan qochish esa besabrlik va Alloh taologa tavakkal qilmaslik belgisi bo‘lgani uchun gunohdir. Shunday ekan, har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining hayotiga katta xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.
Ba’zan kasallikdan ko‘ra vahima va sarosimalar insonni hushidan ayirayozadi. Tib ilmining sultoni, bobokalonimiz Ibn Sino aytganidek: “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”.
Bemor har qanday og‘ir dardni bandalikka xos sifatlar ila qabul qilib, ajrini Allohdan umid qilsa, uning ortidan o‘zi bilmagan yaxshiliklarga erishadi. Zero, har bir dard va musibat behikmat emas. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Qaysi bir kishiga to’un (epidemiya) yetsa va uyida sabr ila savob umidida o‘tirsa, o‘ziga Alloh taqdir qilganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, unga shahidning ajrichalik savob beriladi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Vaboga chalingan kishi dardidan tuzalsa ham shahidlik ajri beriladi. Alhamdulillah, har kuni oynai jahon orqali koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan yurtdoshlarizning ba’zilari sog‘ayayotganini ko‘rayapmiz. Shu paytgacha 42 nafar kishi butunlay darddan forig‘ bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, tuzalib, sog‘aygan bemorning misoli xuddi osmondan yangi tushgan do‘l donasining rangiga va sofligiga o‘xshaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ta’kidlash joizki, insonlarning dardidan tuzalib, gunohlardan forig‘ bo‘lishida ulamolar va shifokorlarning xizmati beqiyos. Ulamolar ma’naviy choralarni ko‘rib, aholining ruhiyatini tarbiyalaydi. Shifokorlar esa kasallikka qarshi moddiy choralar, zohiriy sabablar ila dardlarga malham bo‘ladi. Agar ularning xizmatlari tufayli bir bemor shifo topsa, nomai a’mollariga ulkan ajru savoblar bitiladi. Alloh taolo Qur’oni aziymush sha’nda marhamat qiladi: «Kim uni (bir jonni) tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo‘ladi» (“Moida” surasi, 32-oyat).
Mufassirlar ushbu oyatdagi “tiriltirsa” so‘zini “o‘limdan saqlab qolsa” deganlar. Imom Soviy rahmatullohi alayh “yashab qolishiga sababchi bo‘lsa”, deya tafsir qilganlar.
Demak, bugun bemorlarni davolayotgan shifokorlarimiz insonlarning hayotini saqlab qolgandek ulug‘ savobga erishyapti. Sharafli kasb egalari faoliyatlari davomida bir necha insonlarni oyoqqa turg‘izib, hadsiz-hisobsiz ajrlarni qo‘lga kiritayotganlarini bir tasavvur qilib ko‘ring!
Ikki hafta davomida yaqinlarini, farzandlarini ko‘rmasdan, uyqu, halovat nimaligini bilmasdan mehnat qilayotgan zahmatkash shifokorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, shu ishga kamarbasta bo‘lgan barcha-barchani men ZAMONAMIZ QAHRAMONLARI, deb bilaman. Shu ishga hissa qo‘shayotganlarni Yaratgandan Egam yuksak mukofotlar bilan siylasin.
Ekin ekib, rizq-ro‘z talab eting!
Xabaringiz bor, shu yilning 8 va 14 aprel kunlari muhtaram Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa ekani ta’kidlandi. Albatta, bu hozir eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Zero, bugungi og‘ir damlarda aholi ro‘zg‘orining butligiga erishish, har bir oilaning tomorqasidagi mavjud imkoniyatlardan foydalanmay turib hal etish mushkul.
Shu ma’noda pandemiya tufayli yurtimizda e’lon qilingan karantin vaqtida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan birlamchi talabini qondirish ko‘p jihatdan tomorqalardan qanchalik oqilona foydalanishimizga bog‘liq. Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida: “Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak”, deb qat’iy ta’kidladilar.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan yerni boqishimiz kerak. Mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining to‘qligi, quvonchi, avvalo, yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deb mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar.
Ayni kunlarda ko‘pchiligimiz vaqtimizni oila davrasida o‘tkazyapmiz. Bu karantin qoidalariga rioya qilish bilan birga, xonadonimizdagi mavjud tomorqada ishlash uchun ham yaxshi imkoniyat. Agar har bir xonadonda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilsa, avvalo, kelgusida bu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, bozorlarda narx-navoning asossiz ravishda oshib ketishining oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Demak, bahorning har bir kunini g‘animat bilib, ekin-tikin ishlarini tezroq yakuniga yetkazaylik. Har bir qarich unumdor yerni qadriga yetaylik.
Alloh taolo yer yuzini osmondan obi-rahmat yog‘dirib, shu orqali barcha nabototlarni o‘stirib, insonlarning rizqini berib qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida Alloh taolo ekinlar va bog‘larni misol qilib keltirilgan. Qur’oni karimda shunday bayon qilinadi: «U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar har o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir» (“Nahl” surasi, 10–11-oyatlar).
Muborak dinimiz ekin-tekin ishlariga targ‘ib qiladi. Bu haqda hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan juda ko‘plab hadislar kelgan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya’ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda bunday deyilgan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Hadisdagi “Allohga lozim bo‘ldi” degan so‘z mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir.
Sahobalardan bir qanchalari ekin ekish bilan shug‘ullanganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar orasida zohidlardan bo‘lsa-da, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi. Zero, Muhammad sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Yerda ekin-tikin qilib rizq-ro‘zingizni talab qilingiz”, degan edilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda esa: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, deyilgan.
Rivoyat qilinishicha, Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: Ey Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying, dedilar. Shunda Otam: Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi, dedilar. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yo‘q, unday demang, bo‘sh turgan bu yeringizga, albatta, ko‘chat eking, deb o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar”.
Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganlarida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kasblaringizning eng yaxshisi yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi”, dedilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ummatlarini ko‘chat, ekin ekishga shu darajada targ‘ib qildilarki, hatto qiyomat qoim bo‘lish arafasida bo‘lsayam, imkon qilolsa, ko‘chatni ekib qolishga buyurdilar: “Agar qiyomat qoim bo‘lishni boshlasayu, biringizning qo‘lida nihol bo‘lsa, qiyomat qoim bo‘lishdan oldin uni ekishga qurbi yetsa, bas, shundoq qilsin”, deganlar.
Demak, har bir qarich yerdan unumli foydalansak, o‘zimizga, ro‘zg‘orimizga kerakli har xil ekinlarni eksak, astoydil mehnat qilsak, hukumatimizga kamarbasta bo‘lib, og‘ir kunlardan Qodir Egamning marhamati ila osonlik bilan o‘tib olamiz.
Yaratgan Parvardigordan ushbu kasallikni tezda bartaraf etishini so‘raymiz hamda Razzoq Alloh taolo yurtimizga qut-baraka, hosillarimizga mo‘l-ko‘llik, dasturxonimizga to‘kin-sochinlik bo‘lishini nasibu ro‘zi aylasin! Omin Yo Robbal alamiyn!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan