O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
“Karantin holatida juma kuni oila a’zolari bilan peshinni jamoat bo‘lib o‘qish mumkin. Hozirda masjidlarimiz karantin sababli yopilgani uchun juma namozining o‘rniga uyda peshin namozi o‘qilmoqda.
Ammo, juma namozi masjidlarda o‘qilgan vaqtlarda uzrli va uzrsiz kishilarning uyda peshinni jamoat bo‘lib o‘qishlari makruhdir. Chunki, bunda jumaning jamoatini kamaytirish va buyruqqa qarshi yo‘l tutish bor.
Karantin holatida esa ahli ayoli va farzandlari bilan peshinni jamoat bo‘lib o‘qishda jumaning jamoatini kamaytirish ham, buyruqqa qarshi yo‘l tutish ham yuz bermaydi. Zero, mo‘min-musulmonlarning jonini omon saqlash uchun karantin e’lon qilingan va shu sabab juma namozining o‘rniga peshin namozi o‘qilmoqda.
Shu o‘rinda Taroveh namoziga ham izoh berib o‘tish joiz, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun. Taroveh namozini karantin vaqtida masjidda ado qilish imkoniyati bo‘lmagani bois, uyda yolg‘iz ado etish ham joiz. Lekin xonadon ahli bilan jamoat bo‘lib ado qilish afzaldir. Taroveh namozida ham imomdan tashqari bir kishi bo‘lsa, jamoat bilan ado qilingan bo‘ladi”.
Sayyora Shoyeva, O‘zA
Savol: Bolani ikki yil emizmasdan sutdan chiqarib yuborsa bolani haqqi ota-onada qolib ketmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda ona bolasini ikki yil to‘liq emizsin degan talab yo‘q. Agar sutdan chiqarish bolaga zarar qilmasa, ikki yil bo‘lmasdan turib ham chiqarish joiz. Ikki yilga yetmasdan chiqarsa, bolaning haqqi ota-onada qolib ketdi deyilmaydi. Alloh taolo Baqara surasida bunday marhamat qiladi:
“Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to‘liq ikki yil emizadilar...”.
Mazkur oyati karima tafsirida mufassir ulamolar: “Emizish muddatini ikki yil deb belgilanishi vojib ma’nosida emas. Bunga “Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa” so‘zi dalolat qiladi. Alloh taolo emizish muddatini oxiriga yetkazishni bandaning xohishiga bog‘lab qo‘yganidan muddatni oxiriga yetkazish vojib emasligi anglashiladi”, deyishgan.
Qolaversa, mazkur oyatning davomida “Agar o‘zaro rozi bo‘lib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh bo‘lmaydi”, deyilgan. Ya’ni ikki yildan oldin er va xotin o‘zaro kelishgan holda, bolaning holatidan kelib chiqib sutdan chiqarishlarida gunoh bo‘lmaydi.
Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh bolani ikki yildan avval sutdan chiqarishda er va xotinning o‘zaro roziligi lozim, ikki yildan keyin esa er yo xotindan birining roziligi bilan chiqarish mumkin, deganlar.
Ammo bolaga emish zarur bo‘la turib, sutdan chiqarib yuborish mumkin emas. Chunki bu unga ochiq-oydin zarar berish bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi