Bir guruh namanganlik faol nuroniylar qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga ziyorat va sayohat safarini uyushtirdi. Ezgu maqsadda yo‘lga chiqqan otaxonlar safar davomida hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar va zamonaviy bunyodkorlik namunalari bilan yaqindan tanishdi.
Ziyorat dasturi Turkiston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan muhtasham masjid majmuasidan boshlandi. O‘zining betakror me’moriy yechimi, nafis bezaklari hamda milliy va islomiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ko‘rinishi bilan ajralib turuvchi ushbu ziyoratgoh nuroniylarda katta taassurot qoldirdi. Ziyoratchilar majmuada yaratilgan sharoitlarni alohida e’tirof etib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Safarning keyingi manzili butun islom olamida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lgan buyuk mutafakkir Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi bo‘ldi. Nuroniylar ushbu tabarruk qadamjoda Qur’on tilovat qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurt osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qildilar. Ziyorat doirasida nuroniylar tomonidan jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni ham yozildi.
Qardosh o‘lkaga uyushtirilgan ushbu ma’naviy safar tarix, madaniyat va diniy qadriyatlar mushtarakligini yana bir bor his ettirgan holda, ziyoratchilarda unutilmas xotiralar qoldirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati