Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: TASAVVUFGA OID TAASSUROTLAR

5.04.2020   5623   19 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: TASAVVUFGA OID TAASSUROTLAR

TASAVVUFGA OID TAASSUROTLAR

Tasavvufga bo‘lgan dastlabki aloqani kamina xodimingiz xotirasidagi ba’zi chiziqlar orqali anglashga harakat qilib ko‘raylik.

Oq-qorani ajrata boshlaganimizda, masjid muazzinini «so‘fi» deyishlarini angladik. Ammo hali muazzin haqiqiy ma’nodagi so‘fiy emasligini anglay olmas edik. Keyinroq, yangi joyga ko‘chib o‘tganimizda, qo‘shnilarimizdan birlarini kishilar «so‘fiy» deb atashlaridan, masjidning muazzinidan boshqa odam ham so‘fiy bo‘lishini tushundik.

Qiblagohimizning Buxorodagi «Hasti Bahouddin Naqshband» majmualarida mas’ul bo‘lib ishlaganlari haqidagi esdaliklaridan so‘fiy va tasavvuf haqida dastlabki tushunchalarni ola boshladik. Ammo bu tushunchalar Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayhining ziyoratlari, ziyoratchilari, tug‘bardor va u yerga shifo umidida keltirilgan majnunlar hamda ularning o‘sha yerda ishlashlariyu shifo topishlari haqida edi.

Gohida qiblagohimiz Bahouddin Naqshband turbatlari atrofida ishlab turganlarida o‘zlariga alohida iltifotni anglatuvchi tushlar ko‘rganlarini ham aytib berar edilar.

Asta-sekin hali u qishloqda, hali bu qishloqda bo‘lgan zikr to‘planishlari, undagi hodisalar haqida ham ma’lumotlarni anglay boshladik. Zokirlarni mirshablar quvgani, ularni ushlay olmagani haqidagi xabarlar ham tez-tez tarqalib turar edi. O‘sha vaqtlarda bu mavzu haqida yaroqli savol berish ham, berilgan savolga qoniqarli javob olish ham qiyin edi.

Buxoroi sharifdagi «Mir Arab» diniy o‘quv yurtiga kirganimda, qiblagohimizning topshiriqlariga binoan, buzrukvorning ziyoratgohlariga yashirincha bordim. O‘sha kunlari Bahouddin Naqshband hazratlarini tush ham ko‘rdim. Bu tushni birovga aytmagan bo‘lsam ham, o‘zimcha yaxshi bashoratga yo‘ydim.

«Mir Arab»da talabalar orasida tasavvuf va uning ahli haqida bo‘lib o‘tadigan turli tortishuvlarni katta qiziqish bilan tinglar edim. Asosan ahli tariqat oilasida o‘sgan talabalar bu ishning himoyachisi bo‘lishardi. Ular mashoyixlarga til tekkizish mumkin emasligini boshqalarga anglatishga kuyib-yonib harakat qilishar, boshqalar esa bu yo‘lga kirganlarning «kirdikorlarini» aytib, tasavvufni tanqid qilishardi.

Endi o‘ylab ko‘rsak, birinchilari sof tasavvuf haqida gapirgan bo‘lsalar, ikkinchilari o‘zlari ko‘rgan buzuq tasavvuf haqida gapirgan ekanlar. O‘sha kezlari ba’zi ustoz va talabalarning so‘fiychilikka yashirin ravishda urinayotganlari ham ma’lum bo‘ldi. Agar zikr va shunga o‘xshash ishga ochiq ravishda yaqin bo‘lsalar, «fanat»likda ayblanib, jazoga tortilishlari turgan gap edi.

Ammo Dog‘istondan o‘qishga kelgan bolalar ular tarafda har juma namozidan keyin masjidlarda oshkora zikr halqalari bo‘lishi va o‘sha halqalarda nimalarni ko‘rish mumkinligi haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirishardi. Men esa kommunistlar imperiyasining bir joyida zikrga ruxsat borligi va boshqa yerida unga ruxsat yo‘qligidan ajablanar edim.

Chet eldagi oliy Islom o‘quv yurtida o‘qib yurgan kezlarimda ilk bor tasavvuf bo‘yicha ilmiy darslar tinglash nasib qildi. Lekin baribir bu soha hamma tarafdan noaniq bo‘lib turaverar edi.

O‘sha vaqtlarda alloma Abul Hasan Nadaviy rahmatullohi alayhining «Robboniylik rahboniylik emas» nomli kitoblari qo‘limga tushib qoldi. Avval men bu ulkan olimning «Musulmonlarning tanazzulga tushishidan olam nimani yo‘qotdi?» degan kitoblarini o‘qigan edim. Shuning uchun «Robboniylik rahboniylik emas» nomli kitoblarini ham katta qiziqish bilan o‘qiy boshladim. Bu kitobdan anchadan buyon javob topolmay yurgan savollarimga javob topdim. Shuningdek, kitob Islom olamida dong‘i ketgan zotning qalamiga mansubligi alohida huzur baxsh etar edi.

Yozgi ta’tilga kelganimda, yurtimizda bo‘lib o‘tgan islomiy anjumanlardan birida chet ellik qatnashchilarni Buxoroi sharif bilan tanishtirish paytida mehmonlar orasida tasavvuf haqida tortishuv kelib chiqdi. Birlari bu haqda ijobiy fikr aytsa, boshqalari salbiy fikr aytar edilar. Tortishuv asosan avtobusda bo‘lar edi. O‘shanda men tarjimon sifatida ularga biriktirilgandim. Mehmonlar orasidagi tasavvuf haqidagi tortishuvni eshitib, men ham yuqorida zikr qilingan kitobda o‘qiganlarimdan ba’zi narsalarni aytdim. Bu gaplar qaysi kitobdan olinganini ham eslatdim. Shunda mehmonlar mazkur gaplardan rozi bo‘ldilar. Keyinroq bu gaplarni qanday qilib yurak yutib aytganimni o‘zim ham tushunmay yurdim.

Asta-sekin boshqa sohalar kabi, tasavvuf sohasida ham bilimimiz orta bordi, turli kitob va maqolalarni o‘qidik, suhbatlarda qatnashdik. Ayniqsa qiblagohimizning o‘zlari qiladigan zikrlari va tungi ibodatlari bizga katta ta’sir ko‘rsatar edi. U kishining Alloh taolo ismlarining xususiyatini bilish uchun «Ruhul bayon» tafsiriga murojaat qilishlari alohida qiziqishimga sabab bo‘lar edi. Men ham o‘sha kitobni ochib, qayta-qayta o‘qir edim.

Bu orada chet eldagi tahsili ilmni tamomlab, yurtimizga qaytib keldim. O‘sha paytda tez-tez tashrif buyuradigan mehmonlarga tarjimon bo‘lib yurish ham nasib etib turardi. Mehmonlarning ichida eng ko‘p keladigani Suriyaning bosh muftiysi Ahmad Kuftoru hazratlari edi. U kishi Naqshbandiya tariqati shayxlaridan bo‘lib, ko‘plab muridlari bor edi. Ahmad Kuftoru hazratlari o‘sha vaqtda majlislari takror-takror chaqirilib turadigan «Diniy arboblar tinchlik uchun kurashda» tashkiloti rahbarlaridan biri edilar. Ushbu tashkilot tez-tez majlislar, turli yig‘ilishlar o‘tkazardi. Sovet hukumati G‘arbga qarshi olib borayotgan sovuq urush taqozosi bilan ana shu tashkilotni va boshqa bir nechta muassasalarni tuzgan edi. Ahmad Kuftoru hazratlari o‘zaro suhbatlarda doimo tasavvuf haqida so‘z yuritar edilar.

Deyarli har safar Ahmad Kuftoru hazratlariga men tarjimonlik qilar edim. Bir safar u kishi menga Ibn Qudoma Maqdisiyning «Muxtasari Minhojil Qosidin» nomli kitobini sovg‘a qildilar. Shu bilan birga, bu kitob ruhiy tarbiya borasida o‘ta muhim ekanligini, har bir islomiy o‘quv yurtda darslik sifatida o‘qitilishi lozimligini qayta-qayta ta’kidladilar. Kitobni ehtimom bilan o‘qiy boshladim. Bu asar Hujjatul Islom imom G‘azzoliyning «Ihyau ulumid-din» kitobining muxtasarining muxtasari edi. Mazkur kitobni Moskvadan Toshkentgacha poyezdda o‘qib keldim va undan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim.

Gohida Ahmad Kuftoru hazratlari bilan birga yoki alohida u kishining yaqin odamlari ham kelib qolishar va tasavvuf haqida qiziqarli suhbatlar qurishar edi. Ba’zida ular «naqshbandiya xatmi» deya zikr majlislari ham o‘tkazar edilar. Moskvadagi mashhur – «Sovetskaya» mehmonxonasida o‘tkazilgan bunday zikrlarda men ham qatnashardim.

Ahmad Kuftoru hazratlari bizdagi zokirlarning ahvoli haqida ma’lumotga ega edilar. Ba’zi vaqtda sulukdagi shayxlar haqida savollar ham berib qolar edilar. U kishining hamrohlari ichida g‘oyat bilimli Muhammad Bashir Baniy ismli shayx menga ham ko‘p narsalarni o‘rgatgan edi.

Toshkent Islom institutida mudir noibi bo‘lib ishlab yurgan paytimda idoradagi kitoblar ichida Al-Azhar dorilfununining shayxi, asrimizdagi ko‘zga ko‘ringan ahli tasavvuflardan birlari Abdul Halim Mahmud rahmatullohi alayhining bir necha kitoblarini o‘qib, ko‘pgina foyda oldim. Mazkur kitobdagi ba’zi fikrlarni aytib ham yurdim. O‘shanda ko‘zga ko‘ringan sharqshunoslardan biri «Bu ish shirk emasmi?» degan fikrni ham aytgan edi.

Shu bilan birga, tasavvufga qarshi bo‘lgan tomonlarning fikrlari bilan ham tanishib bordim, gohida qizg‘in tortishuvlarning tirik guvohi bo‘ldim. O‘sha paytlarda Jazoirda har yili bo‘ladigan «Islom fikri» ilmiy anjumanlaridan birida insoniy ilmlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ayniqsa shiddatli tortishuvlarni ko‘rdik, eshitdik. O‘sha tortishuvlarda ko‘pchilik: «Musulmonlarning sakson foizidan ortig‘i so‘fiydir», desa, ba’zilar: «Alloh meni so‘fiy qilmaganiga shukr», der edi. Har ikki taraf o‘zining dalil va hujjatlarini keltirardi.

Keyinchalik katta o‘zgarishlar bo‘lib, diniy idoraga rais etib saylanganimda, hamma qatori, ahli tasavvuf ham yuzaga chiqa boshladi. Ba’zilar o‘z shogirdlari bilan kelib, «Tilla shayx» masjidida zikr ham o‘tkazishdi. O‘shanda bu ishlardan uncha xabarim bo‘lmasa ham, ko‘pgina kishilarda kechgan holatlar haqida menda yaxshi taassurot qolmagan, bu mavzu o‘ta hassos bo‘lgani uchun, hozircha uning qo‘zg‘almay turgani ma’qul, degan fikrda edim. Shu bois bu mavzu qo‘zg‘almay qoldi ham.

Alloh taolo nasib qilib, Makkai Mukarramada «Majallatul Buhusil Islamiya» degan jurnalda Saudiya Arabistonining ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan birining tasavvuf haqidagi maqolasini o‘qib qoldim. Unda tasavvufning hamma tanqid qiladigan taraflari tanqid qilingan edi. To‘g‘rirog‘i, tasavvufga begona bo‘lishiga qaramay, unga nisbat beriladigan narsalar tanqid qilingan edi. Boshqa tomonlariga nisbatan yaxshi fikrlar bildirilgan edi. Ancha vaqtgacha, nima uchun bu yerning odamlari ham, boshqalar ham ushbu maqoladagi fikrlarni esga olmay, doimo bir-birlari bilan tortishib yuradilar, degan xayolda yurdim.

Keyin Turkiyada bo‘lib, so‘fiylarning turli toifalarini ko‘rdik. Bu yurtda ko‘p narsa tasavvuf va shayxlar atrofida aylanishini anglab olish har bir mehmon uchun ham qiyin emas. Turli tariqatlar va turli shayxlar o‘z odamlari va muassasalariga ega. Shaxslar va tashkilotlar bilan tanishishda ham «Bu falonchi shayxning odami», «Bu falonchi shayxga qarashli muassasa», deb tanishtiriladi. Shayxlarning aksariyati Naqshbandiya tariqatiga mansub, boshqa tariqatlarning ham sanog‘iga yetish oson emas. Binobarin, har bir murid o‘z shayxidan boshqani e’tirof qilmasligi, uning uchun hamma narsa o‘z shayxi ekanligi ham sir emas. Ayni paytda tariqatlar va ularning ahllarini tanqid qiluvchilar oz bo‘lsa-da, topiladi.

Turkiyada tariqat madhi, tasavvuf va shayxlar haqidagi mubolag‘ali gaplardan tashqari ilmiy bahslar va kitoblar ham mavjud. Ana o‘sha kitoblardan o‘qish bizga ham nasib qildi. Turk tilidagi kitoblarni o‘qishni o‘rganish uncha qiyin ham bo‘lmadi. Bu yerda eski kitoblardan tashqari yangi kitoblar ham bor edi.

Mavlono Jaloluddin Rumiy va Imomi Robboniyning kitoblari bilan birga, hozirgi zamon avlodi qalamiga mansub kitoblarni o‘rganish ham juda qulay. Imomi Robboniyning mashhur «Maktubot»lari ko‘pgina joylarda dars qilib o‘tiladi ham. Men ham bu kitobning arabcha nusxasi bilan aynan Turkiyada tanishdim.

Libiyada davlat miqyosida tasavvuf bilan shug‘ullanishga harakat qilinayotgan ekan. U yerda tasavvuf tariqatlarining umumjahon birinchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyorgarlik boshlandi. Bu jarayonda men ham qatnashdim.

Anjumanda tasavvuf haqida juda ko‘p gaplar bo‘ldi. Eng muhimi, tasavvufning haqiqiy ma’nosi o‘zini namoyon qildi. Turli tariqatlarning zikrlari ham bo‘ldi. Anjuman hujjatlarini tayyorlash ishi bilan band bo‘lganim uchun u ajoyibotlarni ko‘ra olmadim. Ammo ko‘rganlardan eshitdim: zikr chog‘ida o‘zidan ketishlar, tananing tashqi ta’sirdan bexabar bo‘lib qolishi kabi holatlar ham bo‘lgan ekan.

Bu anjuman tariqatlarni birlashtirish, ularning imkoniyatlaridan musulmonlar manfaati yo‘lida foydalanishni o‘ziga maqsad qilib olgan edi. Ana shu maqsadda mazkur ishlarni muvofiqlashtirib turish uchun yetti kishilik hay’at tuzildi. Bu hay’atda Suriya bosh muftiysi, mashhur shayx Ahmad Kuftoru hazratlari, Nigeriya muftiysi, sakkiz million muridi bor shayx Ibrohim Solih, Turkiya vakili Lutfiy Dugon, Misrning shayxlaridan shayx Alouddin Abul Azoim, Shvetsiyadan Abdulhay Jiyloniy, Amerikadan shayx Harti va kamina xodimingiz bor edik. Bu hay’at o‘zining dastlabki yig‘ilishida meni kotib etib sayladi. Bunda mening Libiyada yashab turganim va ish yuritishga imkonim borligi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan edi.

Ish yuzasidan ham tasavvufga oid ma’lumotlar bilan muomalada bo‘lishga to‘g‘ri kelar edi. Turli yurtlarda o‘tayotgan so‘fiylarning anjumanlari haqidagi hisobotlar, chiqarilgan kitob va maqolalar, topilgan qo‘lyozmalar shular jumlasiga kirar edi.

Asta-sekin turli o‘lkalarga safar qilib, ahli tasavvuf ila uchrashuvlarda qatnashdik. Misrda bo‘lganimizda yaqin birodarimiz, Misrda uchinchi o‘rinda turadigan Azmiya tariqatining shayxi Muhammad Alouddin Abul Azoim janoblari ba’zi tariqatlarning shayxlari bilan shaxsan tanishtirib, suhbatlar qurishga yordam berdilar. Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, Misrda sakson bitta tariqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu tariqatlar o‘z markazlari, nashriyotlari, bosmaxonalari va boshqa muassasalariga ega.

So‘ngra boshqa yurtlarda ham shunga o‘xshash suhbatlar va ziyoratlar bo‘lib o‘tdi. Gohida ba’zi shayxlar o‘zlaricha iltifot qilib, kaminaga ijozat berib ham qolar edilar. Somalida bo‘lganimizda, ko‘pgina tariqatlar va ularning shayxlari bir joyga to‘plangan edilar. Shunda mezbonlarimiz: «Eng katta shayx kelmadilar. U kishi odatda uylaridan chiqmaydilar, vaqt topib, ziyoratlariga borib qo‘ysak, yaxshi bo‘lar edi», deyishdi. Ziyoratlariga bordik. U kishi «uy» deb ataladigan xarobada ekanlar. Salom-alikdan so‘ng shayx o‘z tillarida bir narsalar dedilar. Ikki-uch kishi tezlab bir tomon yurib ketdi. Birozdan so‘ng dumaloq qilib to‘qilgan yangi bo‘yra, odam bo‘yining yarmicha keladigan tasbeh va tariqat shajarasi yozilgan eski qog‘oz ko‘tarib qaytib kelishdi. Shayx mening qo‘limdan ushlab, bo‘yraning o‘rtasiga o‘tirg‘izdi va ijozat bera boshladi...

Bu orada yurtimizda ham tasavvuf bobida turli gap-so‘zlar tarqala boshlagan edi. Turkiyadan kelgan so‘fiylarning vakillari o‘z shayxlariga bay’at berishga da’vat qilishga kirishishgan edi. O‘zimizdan ham so‘fiylar chiqib, muridlariga va’z-irshod qilishni boshlagan edilar. Bu ishlarni tushunganlar ham, tushunmaganlar ham bor edi. Natijada turli savollar paydo bo‘ldi.

Jumladan, «Ozodlik» radiosi orqali menga Andijondan Muhyiddin ibn Arabiy va uning ta’limotlari haqida savol bordi. Men bahs qilish vaqti hali kelmagani uchun bu mavzudagi gaplarni qo‘zg‘amay yurganimizni aytib, savolga javob berdim. Keyin ichki vaziyatni hisobga olib, «Tasavvuf haqida tasavvur» nomli bir maqolani ovoz orqali yubordim.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha maqola yozilgan magnit tasmasini juda ko‘pchilik tinglabdi. Menga undan foyda olganlar haqida ko‘p gaplar aytildi.

Ammo aks natija bo‘lgani haqida ham bir xabar bor. Uni menga imom domlalarimizdan birlari aytib berdilar. Ibratli bo‘lgani uchun, o‘sha xabarni eslab qo‘ysak, yaxshi bo‘ladi. Bir kishi menga qarshi bo‘lib yurar ekan. Kitoblarimni o‘qib, va’zlarimni eshitib, avvalgi munosabati o‘zgaribdi. Ammo mazkur tasmani eshitganidan keyin yana eski holiga, dushmanlik mavqifiga qaytibdi. Ma’lumki, o‘sha kimsa va unga o‘xshagan odamlar oddiy musulmonlardan. Kimdandir eshitib, bir narsani o‘rganganlar. Ular o‘zlariga aytilgan narsalardan boshqa haqiqatlar ham borligini bilishmaydi. Agar borligi bilinsa ham, uni qabul qilishmaydi. Chunki birinchi ta’lim bergan taraf buni aytmagan. Bechoralar o‘zlari bilgan narsalardan ko‘ra bilmagan narsalari ko‘pligini bilishmaydi. Oz narsani bilganlar o‘shani «bor narsa shu», deb o‘ylaydilar va undan o‘zgacha gaplarni inkor qiladilar. Ilmlari yo‘qligi tufayli o‘zlari bilgan narsada yurmagan kishini odam o‘rnida ko‘rmaydilar. Barcha muammo shunda. Nima uchun hamma faqat sen kabi o‘ylab, sen kabi bilishi kerak? Nima uchun sen o‘zing bilgandan boshqa narsani bilgan odamni yomon ko‘rasan? Nima uchun senga yoqmagan narsani boshqalar ham yoqtirmasligini talab qilasan?

Yurtimizga qaytib kelib, vaziyat bilan tanishgandan keyin tasavvuf bobida anchagina ko‘ngilsiz holga duch keldik. Ko‘pchilik bu bobda ayni nomarg‘ub yo‘lga tushib qolgan ekan. Ana o‘sha noqulay holat odamlar ichida turli savollarni paydo qilgan edi.

Tasavvuf nima o‘zi?

Muridchilik dinimizda bormi o‘zi?

«So‘fiyman», deganlarni ko‘rib, hayron bo‘lib qoldik-ku?

Shayxga bay’at qilmasa, falon bo‘lar emish, shu to‘g‘rimi?

Shayxga qo‘l berganlar bizni odam o‘rnida ko‘rishmayapti, bunga nima desa bo‘ladi?

Shayxga qo‘l bergandan keyin uning shariatdan ilmi yo‘qligi ma’lum bo‘lsa, bay’atni buzsa bo‘ladimi?

Tasavvufda «robita» degan narsa bor emish, u nima o‘zi?

Shayxga qo‘l berib, tavba qilgan odam qazo namozlarni o‘qimasa ham bo‘laverar emish, shu rostmi?

Shayxga qo‘l bergan odam uchun tahajjud namozini o‘qish vojib bo‘lar emish, bu qanday gap?!

Falon shayx: «Ilm o‘qigan gumroh bo‘ladi», debdi, bunga nima deysiz?

Shayxga qo‘l berganlarga: «Nima uchun falon vojib amalni qilmaysizlar?» desak, «Shayximiz aytmagan narsani qilmaymiz», deyishmoqda, bu qanaqasi bo‘ldi?

So‘fiylar «Choyni quyishda choynakni ham, piyolani ham o‘ng qo‘l bilan ushlamasa, makruh bo‘ladi» deb, biz quygan choyni ichishmayapti, shu to‘g‘rimi?

Falonchi namoz o‘qib, duo qilsa, vafot etgan shayxi kelib, qo‘lidan ushlab, shaharni aylantirib chiqar emish, shunday bo‘lishi mumkinmi?

Bitta murid: «Bizning shayximiz o‘zlarining nechta muridi bo‘lsa, hammasining qayerda turgani va hatto qaysi yonboshi bilan yotganini bilib turadilar. Kim bunga ishonmasa, falon bo‘ladi», debdi, bunga nima deyish mumkin?

Falonchi shayxning odamlari: «Bizning shayximizga bay’at qilmaganlar johiliyat o‘limi bilan o‘ladi», deyishmoqda, shayxga bay’at qilmasa bo‘lmaydimi?

«Shu ketishda davom etaversa, ertaga nima bo‘ladi?» deydiganlar ham ko‘p edi.

«Bu tarzda ixtiloflar kuchayib boraversa, bugungi holimiz holva bo‘lib qoladi-ku», deydiganlar oz emas edi.

Kim bilan uchrashmaylik, qayerga bormaylik, shu va shunga o‘xshash savollar qayta-qayta beriladigan bo‘lib qoldi.

Ayni paytda bir necha kitoblar turk tilidan tarjima qilinib, nashr ham etildi. Tasavvufda yurganlarning o‘zlari orasida ham ixtiloflar chiqa boshladi. Mana shu omillarni e’tiborga olib, biror narsa yozish kerakligi zarurati tug‘ildi.

«Hadis va Hayot»ning bir necha juzi aynan shu mavzuga oid masalalarga bag‘ishlandi. Uchinchi juz «Niyat, ixlos va ilm kitobi», o‘ttiz to‘rtinchi juz «Yaxshiliklar va axloq kitobi», o‘ttiz beshinchi juz «Zikrlar, duolar, istig‘for va tavba kitobi», o‘ttiz oltinchi juz «Zuhd va raqoiqlar kitobi», o‘ttiz yettinchi juz «Odob kitobi» bo‘ldi.

Kitobni mazkur savollarning har biriga alohida javob berish shaklida qilish ham mumkin edi. Ammo yangi savollar ham chiqishi mumkin va ularga yana javob berish kerak bo‘ladi. Eng asosiysi shuki, ba’zi savollarga javob berish bilan bir ilmni kishilarga mukammal anglatib bo‘lmasligi ma’lum. Shuning uchun kitobni savollarga javob tarzida emas, tasavvuf haqidagi asosiy qoidalarning bugungi kunimizga tegishlisini bayon qilish niyatida yozdik. Bunda hozirgi kundagi holatni iloji boricha hisobga olishga harakat qildik. Shuning uchun ham uni «Tasavvuf haqida tasavvur» deb nomladik.

Allohim! Bu ojizona urinishimizni O‘zingning roziligingga yetish uchun vasila qilgin. Ushbu kitobning barcha mo‘min-musulmonlar uchun foydali bo‘lishini nasib etgin.

Hammamizni iymonda, Islomda sobitqadam qilgin. Aslo hidoyatingdan ayirmagin. Omin!

 

KЕYINGI MAVZU:

Tasavvufning ma’nosi;

Tasavvufning ta’rifi;

Tasavvufning manbai;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   5475   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati