O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Haj” va “Umra” safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati vakillari Makkai mukarramadagi Harami sharifda insoniyat boshiga kelgan bu xastalikni daf bo‘lishini so‘rab, Haq taologa yolvorib quyidagi duo o‘qidilar:
– Ey Alloh, biz nuqsonga yo‘l qo‘yganlarmiz, Sen esa Karimsan. Biz gunohkorlarmiz, Sen esa Halimsan. Biz Senga muhtojmiz, Sen esa bizdan Behojat Zotsan. Sen Poksan.
Ey Alloh, afving bilan xatolarimizni kechirgin. G‘azabing ila bizni azoblamagin.
Ey Alloh, bizni rahmatingga olgin. Zero, Sen biz bandalaringa Rahmlisan. Ey olamlarning Robbi, bizni azoblamagin. Vaholanki, Sen bizni azoblashga Qodirsan.
Ey Alloh, agar ushbu vabo bizning sodir etgan gunohlarimiz, xatolarimiz yoki qilgan zulmlarimiz, ado etmagan farzlarimiz, o‘qimagan nafllarimiz, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimiz, nomahramga qarab qo‘yganimiz sababli kelgan bo‘lsa, biz hamma gunohlarimizdan Senga tavba qiluvchilarmiz, ey Robbimiz. Bizning tavbalarimizni qabul aylagin va O‘zingga go‘zal holatda qaytargin, ey Robb. Jonimizni, Sen bizdan rozi bo‘lib turganingda olgin, ey Rohman.
Ey Alloh, ey biror narsaga "Bo‘l!" deb, o‘sha ishni bo‘ldiruvchi Zot, LAA ILAAHA ILLALLOH kalimasi, Sening barcha go‘zal ismlaring va ularning azamati hurmatidan O‘zingning kuch-quvvating, qudrating ila sharafli Ka’baga, Haram Uyingga va Nabiyying sollallohu alayhi vasallamning masjidlariga ziyoratchiyu umrachilarni qaytargin!
Ey Alloh, vaboni, baloni va barcha kasalliklarni xossatan ikki pokiza, haram shahardan va ommatan barcha musulmonlarning mamlakatlaridan ko‘targin, ey olamlarning Robbi!
Ey Alloh Ikki Haram xodimi podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va u zotning ishonchli valiahdi amir Muhammad bin Salmonni o‘z panohingda asra, ularni Ikki Haram xizmatida bardavom ayla, bu xizmatlarini yaxshi amallari daftariga yozgin, ey olamlar Parvardigori!
Ey Alloh, O‘zing O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va u kishining atrofidagilarga, shuningdek, mamlakat muftiysiga, xalqiga va hoji-umrachilarga qilayotgan xizmatlariga muvaffaqiyat ato etgin!
Ey Alloh, “Hidoya” xalqaro shirkati mutasaddilariga, jumladan, maslahatchi Shayx Solih Bahvayniy va birodari Usoma Toshkandiyning O‘zingning mehmonlaring va umrachilar xizmatidagi samarali faoliyatlariga muvaffaqiyat ato etgin! Ey Alloh, ularning xayrli amallarini dargohingda qabul aylagin!
Ey Alloh, Nabiyyimiz, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dunyoyu oxiratda salavot-salom va barakotlaringni nozil qilgin!
Ey Alloh, biz ushbu duoni qildik, ijobat etish Sendandir. Biz harakat qilib, sabablarni ushlaymiz va O‘zingga tavakkul etamiz. Oxirgi duoimiz olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 4 fevral kuni Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida fevral oyida umra safariga boruvchi fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning respublikadagi bosh mutaxassisi N.Jamalov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Haj va umra masalalari bo‘yicha mutaxassis M.Abbazov va ziyoratchilar guruhi rahbari I.Jaksimuratovlar qatnashdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov ishtirokchilarga ziyorat qilish tartibi, muborak joylar odobiga rioya qilishni ta’kidlash barobarida so‘nggi yillarda yurtimizda, ayniqsa, diniy sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati