Ayni kunlarda yurtimizdagi ba’zi bozorlar va oziq – ovqat do‘konlarida mahsulot olish uchun navbatda turgan kishilarning ko‘pligini ko‘rib hayron qolasan. Gohida achinasan. Axir, yurtimizda bo‘lib turgan ushbu karantin vaqtida aholini to‘planmaslikka, sarosima va vahimaga tushmaslikka, behudaga uydan chiqmaslikka chaqirib qancha targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Ba’zi bir soha xodimlari xalqning salomatligi va xotirjamligi uchun ushbu tahlikali vaziyatda ham o‘z mehnat faoliyatlarini to‘xtatmaslikka, balki, yanada jadallatishga harakat qilmoqdalar. Qancha – qancha imkoniyatlar, yengilliklar va sharoitlar yaratilishiga qaramasdan bunday vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmay bazorma-bozor yurgan, tiqilinchda navbatda turgan kishilarni ko‘rib essiz, shuncha harakat devorging keladi. Xo‘sh, nega ba’zi kishilar masalaning asl mohiyatini anglab yetmayaptilar? Kasallika qarshi kurashinng eng samarali yechimi faqatgina uyda o‘tirish kerakligini anglamayaptilar?
Tan olish kerakki, biz Alloh taoloning ne’matlariga ko‘milib ketganimizdan, yaxshi kunlarni ko‘raverganimizdan, boshimizga kelgan bu musibat paytida shoshib qoldik. Aslida biz inson hayoti doim bir tekis, xursandchilik va shox-xurramlikda o‘tavermasligini, Alloh taolo vaqti-vaqti bilan bandalarini turli xil musibatlar, imtihonlar bilan sinab turishligini unutmasligimiz kerak edi. Shundagina, bizga berilgan bu sinov va imtihon ham behikmat emasligini, Alloh taolo bandalariga hargiz zulm qilmasligini, xossatan, mo‘min va musulmonlarni hargiz azoblashni istamasligini his qilib qalbimiz taskin topardi.
Azizlar! Unutmaylik! Alloh taolo O‘zining hikmati ilohiysi bilan ularni imtihon qilib turadi. Agar bu paytda kishi tafakkur, shukr va sabr qilsa bu imtihon ham u uchun xayriyatli bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa mo‘min kishidan ba’zi bir amallar talab etiladi.
Avvalo, yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taoloning izni bilan bo‘lishligiga aniq ishonish kerak. Qalbiga ushbu ishonch qat’iy o‘rnashgan kishi ortiqcha jazava va vahimaga tushmaydi. Chunki, Allohning izni bilan bo‘ladigan amalda o‘zgalarni yoki biror narsani ayblay olmaydi. Qolaversa, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Ikkinchidan, bunday paytda musibat yoki sinovni davomiyligini qisqartirish uchun shari’at va mutaxasislar undan talab qilgan qoidalarga qat’iy amal qiladi. Chunki, musulmon kishi o‘zi va o‘zgalar boshiga tushgan sinovni tezroq daf bo‘lishligiga harakat qiladi va buning uchun o‘z hissasini qo‘shadi.
Uchinchidan, musulmon kishining tavakkul atalmish sifati aynan shu paytda ko‘zga tashlanadi. U qo‘lidagi bor davlatiga qanoat qilish bilan birga, o‘zidan ko‘ra nochorroq bo‘lgan birodarlariga o‘z mol mulkidan, taomidan ulashadi. Ertangi kunning rizqi uchun qayg‘urib, o‘ziga va jamiyatga noqulayliklar tug‘dirmaydi. Chunki, Alloh taoloning Razzoq ismiga shubha qilmaydi.
Azizim! Siz o‘zingizga buyurilgan amalni qiling. Rizq uchun qayg‘urmang. Rizqingizni Alloh taolo kafilligiga olgan axir. Qolaversa, siz uzoqdan-uzoq navbat kutib, asabiylashib, baqir-chaqir qilib olayotganingiz bu kartoshka mahsuloti tiriklikning yagona vositasi emas. U bo‘lmasa och qolasiz yoki sog‘ligizga putur yetadi degani ham emas. Qolaversa, bozordagi bu mahsulot yer yuzidagi eng oxirgi mahsulot degani ham emas. Allohga shukrlar bo‘lsinki, oziq – ovqat zahiralarimiz xavotir oladigan darajada kamayib qolgani yo‘q.
Shuning uchun, ko‘zimizni to‘q, qalbimizni xotirjam qilaylik. Ertangi kun rizqi uchun bu qadar johillikka bormaylik. Ertangi kun o‘z rizqi bilan keladi. Alloh taolo bizdan ertangi kunni ibodatini bugun talab qilmayaptiku axir. Nega biz Allohning va’dasiga ishonmasdan bunchalar toqatsizlik qilishimiz kerak. Undan ko‘ra duo qilaylik, Allohga tavba va istig‘for aytaylik. Kasallikni tezroq daf bo‘lishini istasak bugun o‘z uyimizda o‘tiraylik.
Toshkent shahar bosh imom xatibi:
N. Xoliqnazarov
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati