Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Sabr va shukr saodat kaliti

02.04.2020   5994   4 min.
Sabr va shukr saodat kaliti

Ayni kunlarda yurtimizdagi ba’zi bozorlar va oziq – ovqat do‘konlarida mahsulot olish uchun navbatda turgan kishilarning ko‘pligini ko‘rib hayron qolasan. Gohida achinasan. Axir, yurtimizda bo‘lib turgan ushbu karantin vaqtida aholini to‘planmaslikka, sarosima va vahimaga tushmaslikka, behudaga uydan chiqmaslikka chaqirib qancha targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Ba’zi bir soha xodimlari xalqning salomatligi va xotirjamligi uchun ushbu tahlikali vaziyatda ham o‘z mehnat faoliyatlarini to‘xtatmaslikka, balki, yanada jadallatishga harakat qilmoqdalar. Qancha – qancha imkoniyatlar, yengilliklar va sharoitlar yaratilishiga qaramasdan bunday vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmay bazorma-bozor yurgan, tiqilinchda navbatda turgan kishilarni ko‘rib essiz, shuncha harakat devorging keladi. Xo‘sh, nega ba’zi kishilar masalaning asl mohiyatini anglab yetmayaptilar? Kasallika qarshi kurashinng eng samarali yechimi faqatgina uyda o‘tirish kerakligini anglamayaptilar?

Tan olish kerakki, biz Alloh taoloning  ne’matlariga ko‘milib ketganimizdan, yaxshi kunlarni ko‘raverganimizdan, boshimizga kelgan bu musibat paytida shoshib qoldik. Aslida biz inson hayoti doim bir tekis, xursandchilik va shox-xurramlikda o‘tavermasligini, Alloh taolo vaqti-vaqti bilan bandalarini turli xil musibatlar,  imtihonlar bilan  sinab  turishligini unutmasligimiz kerak edi.  Shundagina, bizga berilgan bu sinov va imtihon ham behikmat emasligini,  Alloh taolo bandalariga hargiz zulm qilmasligini, xossatan, mo‘min va musulmonlarni hargiz azoblashni istamasligini his qilib qalbimiz taskin topardi.

Azizlar! Unutmaylik! Alloh taolo  O‘zining hikmati ilohiysi bilan ularni imtihon qilib turadi. Agar bu paytda kishi tafakkur, shukr va sabr qilsa bu imtihon ham  u uchun xayriyatli bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa mo‘min kishidan ba’zi bir amallar talab etiladi.

Avvalo, yaxshilik ham, yomonlik ham  Alloh  taoloning izni bilan bo‘lishligiga aniq ishonish kerak.  Qalbiga ushbu ishonch qat’iy o‘rnashgan kishi ortiqcha jazava va vahimaga tushmaydi. Chunki, Allohning izni bilan bo‘ladigan amalda o‘zgalarni yoki biror narsani ayblay olmaydi. Qolaversa, qalbi xotirjam bo‘ladi.

Ikkinchidan, bunday paytda musibat yoki sinovni davomiyligini qisqartirish uchun shari’at va mutaxasislar undan talab qilgan qoidalarga qat’iy amal qiladi. Chunki, musulmon kishi o‘zi va o‘zgalar boshiga tushgan sinovni tezroq daf bo‘lishligiga harakat qiladi va buning uchun o‘z hissasini qo‘shadi.

Uchinchidan, musulmon kishining tavakkul atalmish sifati aynan shu paytda ko‘zga tashlanadi. U  qo‘lidagi bor davlatiga qanoat qilish bilan birga, o‘zidan ko‘ra nochorroq bo‘lgan birodarlariga o‘z mol mulkidan, taomidan ulashadi. Ertangi  kunning rizqi uchun qayg‘urib, o‘ziga va jamiyatga noqulayliklar tug‘dirmaydi. Chunki, Alloh taoloning Razzoq ismiga shubha qilmaydi.

Azizim!  Siz o‘zingizga buyurilgan amalni qiling. Rizq uchun qayg‘urmang. Rizqingizni Alloh taolo kafilligiga olgan axir. Qolaversa, siz uzoqdan-uzoq navbat kutib, asabiylashib, baqir-chaqir qilib olayotganingiz bu kartoshka mahsuloti tiriklikning yagona vositasi emas. U bo‘lmasa och qolasiz yoki sog‘ligizga putur yetadi degani ham emas. Qolaversa, bozordagi bu mahsulot yer yuzidagi eng oxirgi mahsulot degani ham emas.  Allohga shukrlar bo‘lsinki, oziq – ovqat zahiralarimiz xavotir oladigan darajada kamayib qolgani yo‘q.

Shuning uchun, ko‘zimizni to‘q, qalbimizni xotirjam qilaylik. Ertangi kun rizqi uchun bu qadar johillikka bormaylik. Ertangi kun o‘z rizqi bilan keladi. Alloh taolo bizdan ertangi kunni ibodatini bugun talab qilmayaptiku axir. Nega biz Allohning va’dasiga ishonmasdan bunchalar toqatsizlik qilishimiz kerak. Undan ko‘ra duo qilaylik, Allohga tavba va istig‘for aytaylik. Kasallikni tezroq daf bo‘lishini istasak bugun o‘z uyimizda o‘tiraylik.

 

Toshkent shahar bosh imom xatibi: 

N. Xoliqnazarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   57497   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari