Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Allohning bandalaridagi eng yaqin ne’mati...

2.04.2020   2840   8 min.
Allohning bandalaridagi eng yaqin ne’mati...

Hozir paytda  ba’zan  nolish ohangidagi fikrlar yoki karantin davrini hazil-mazax tarzida qabul qilib, ijtimoiy tarmoqlarda har xil foto, vidioroliklar joylayotgan insonlar ham afsuski oramizda topiladi. Qizig‘i, bunday fikrdagi gap-so‘zlar uyda, farzandlari bag‘rida sog‘-salomat o‘tirgan kishilar tomonidan bildirilmoqda. Axir, Alloh taolo bundan ham ayanchliroq balo-ofatni yuborishga qodir edi-ku! Bunday holatda barchamiz tinch-xotirjam, qornimiz to‘q, ustimiz but ekanligining shukronasi o‘laroq karantin qiodalarining rioyasini qilib, Yaratgandan tezroq bu vaboning yurtimizdan, butun musulmonlar ustidan ko‘tarilishi so‘rab duo qilib turishimiz zimmamizdagi birlamchi vazifa emasmikin!

Alloh taolo bunday ogohlantiradi: «Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yin sundirdi. (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘yin sundirdi.

Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir» (Ibrohim surasi, 30-34 surasi).

Sharh: Aql bilan o‘ylab ko‘rilsa, insonga berilgan ne’matlar cheksiz. Osmon va yer, boringki, koinotdagi har bir narsa bo‘lsin, uning o‘z vazifasi bor. Ular bandalarning maishati, ta’minoti uchun xizmatdadir. Quyosh va oy nurining to qiyomatgacha davomiyligi, qor va yomg‘irlar sababli o‘simliklarning ildiziga quvvat yetishi va ulardan insonlar va boshqa chorva hayvonlarining foylanishlari, albatta, Buyuk zotning rahmatidir. Ayniqsa, kecha va kunduz ketma-ket, muntazamlik bilan almashib turishida ulkan hikmat bor («Fathul Qodir»).

Bandaning vazifasi, chin dildan, ey Alloh bizga ato etgan ne’matlaringning har biriga shukr etamiz, garchi ko‘plarini biz bilmaymiz, faqat O‘zing bilguvchisan. Har bir zamonda barcha shukr etuvchi insonlar ham ne’matlaringning adadini hisoblay olmaydi[1], deyishdir.

Insonlar o‘z zimmasidagi shukr qilish vazifasidan g‘aflatda bo‘lishi, faqat o‘ziga bo‘lgan zulmni oshiradi. Abu Ayyub Qurashiy movlosi Bani Hoshimdan rivoyat qiladi: Hazrat Dovud alayhissalom bunday nido qildi: «Ey Robbim, menga ato etgan ne’matlaringning eng yaqini haqida xabar ber? Shunda Alloh taolo vahiy qildi: Ey Dovud, nafas ol, Dovud alayhissalom nafas oldi. Aytdiki, bu sendagi Men ato etgan ne’matlarning eng yaqinidir[2] (Abu Dunyo va Imom Bayhaqiy rivoyati).

Rasululoh alayhissalom bir kishidan “tunni qanday o‘tkazding”, deb so‘radi. U ikki marta so‘raganlarida ham: “Yaxshi”, dedi va uchinchi martasida: “Alhamdulillah, O‘ziga ming bor shukur, yaxshi o‘tkazdim” dedi. Shunda Rasululoh (alayhissalom): “Sendan aynan shu javobni kutgan edim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati)[3].

Izoh: Lug‘atda, «minnatdorlik, rozilik» manolarini bildirib,  istilohda yaxshilik qiluvchining yaxshiligini mamnuniyat bilan etirof etishiga «shukr» deyiladi. Shukrni qalb bilan e’tirof etib, til bilan yetkaziladi va hayotga amaliy tadbiq etiladi. Ana shundagina u inson madh etilgan haqiqiy shokir bandalardan bo‘ladi. Ulamolar, inson barcha nematlarni Alloh taolodan deb bilib, unga iqror bo‘lishi qalb shukridir. Yaratgandan minnatdor bo‘lib, unga hamdu sanolar aytish til shukridir. Toat ibodatda davomli bo‘lish, solih amallar qilish, gunohlardan saqlanish  shukrning amaldagi tadbiqi bo‘ladi, deyishgan.

  Shukrning aksi esa noshukurlik, ya’ni nematlarga kufronalik bilan javob qaytarish bo‘ladi.  Noshukrlik mezoni hirs, isrof, hurmatsizlik, kibru havo, harom bilan halolni ajratmaslik kabi yot illatlarni qilish bilan belgilanadi.

Shukr – ulug‘ ibodat. Allohning nematlariga shukrona aytib, yetgan musibatu balolarga sabrlilik ila munosabatda bo‘lish, uf tortmaslik haqiqiy mo‘minlik xislatlaridan biridir. Rivoyatlarga ko‘ra, Payg‘ambarlardan biri kichik bir toshdan mo‘l-ko‘l suv oqib chiqayotganini ko‘rib hayratga tushganida, Alloh taolo u toshga til-zabon ato etadi va  so‘zlay boshlaydi: “Odamlar va toshlar o‘tin bo‘ladigan kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing” (Baqara surasi, 24-oyat) – oyatni eshitganimdan beri  yig‘layman, deydi. Payg‘ambar u toshni do‘zaxdan qutqarishi uchun Alloh taologa yolvordi. Alloh taolo ham uni do‘zaxdan qutqarganining xabarini berdi. Lekin bir muddatdan keyin yana shu yerdan o‘tgan Payg‘ambar o‘sha toshning yana yig‘layotganini ko‘rdi va: “Endi nega yig‘layapsan” deb so‘radi. Shunda toshdan: “Oldin sen ko‘rganing qo‘rquv ko‘z yoshlari edi, endi bunisi, shukr yoshlaridir”, degan ovoz eshitiladi[4]

Ne’matlarga shukr qilish, ularni qadrlay bilish ne’matlar davomiyligiga, ziyoda bo‘lishiga olib keladi. Shayx Sa’diy: “Bir nafasga ikki marta shukr aytish vojibdir”, deya nafas kirsayu qaytib chiqmasa yoki chiqsayu qaytib kirmasa, inson halok bo‘lishini ta’kidlaydi”[5].

Insoniyatga  ato etilgan narsalar hisob-kitobsiz, nihoyasizdir. A’zolarimizning har biri  o‘z vazifasini bajarish bilan mashg‘ul. Ko‘rish, sezish, ta’m bilish, eshitish, so‘zlash, hattoki tuklarning ham muayyan bir faoliyati bor. Agar ulardan birining faoliyati sustlashsa yoki to‘xtasa, boshqa a’zolarga ham nuqson yetadi. Bu Alloh taoloning inson jismini bir-biriga mutosib suvratda yaratganining belgisidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom jasadni haqiqiy mo‘minlarning xislatiga mengzashi ham bejiz emas. Ya’ni, tanadagi bir a’zoning shikoyati butun vujudni zirqiratgani kabi musulmonlar ham bir-birining holidan xabardor bo‘lib turishi, agar muammo paydo bo‘lsa, boshqasining vijdoni qiynalib, yordamga oshiqishi lozim bo‘ladi. Ayniqsa, bugungi holatimizdagidek, paytda ishsiz, mardikorlik bilan oilasiga kunlik yegulik qilib oila tebratayotgan kambag‘al kishilarning yoki boquvchisi yo‘q yolg‘iz qariyalar, ojizalar bo‘lsin, ularning ro‘zg‘origa yordam ulashishimiz haqiqiy mo‘minligimiz belgisidir.

Takror aytmoqchimiz, yegani taomi, kiygani kiyimi, yotgani boshpanasi bor, xonadoni tinch insonning tili shukr qilishdan tolmasligi lozim. Biroq negadir shukr qilishga qotib qolgan bu tillarimiz, hech bo‘lmaganda jim turishni ham qoyillatolmaydi. Aksincha, o‘zimiz sezmaganimiz holda nolinishga odatlanib qolganmiz. Mo‘minlikka da’voimiz katta, ammo bandalikning birinchi talabi bo‘lgan  shukrga kelganda, mudom sustkashmiz. Axir, shukr qilishga buyurilmaganmizmi?!  Ota-bobolarimiz shukr va sabrda hammaga o‘rnak bo‘lishmaganmi?! Dunyoni koronavirus balosi o‘rab turgan bir paytda ayrim mamlakatlardagidek, kuniga yuzlab, hatto mingga yaqin fuqarolarning halok bo‘layotgani ham ibrat nazari qarashga undamayaptimi? Axir karantin qoidalari ham sizu bizning salomatligimiz uchun ekanini nahot his etmasak! Oldiniga sababini qilib qo‘yib, so‘ng Alloh taolo tavakkal qilish e’tiqodimiz taqozasi-ku! Niqob taqib yurish, qarindosh-urug‘larnikiga bir muddatga bormay, telefonda aloqa qilib turish bir umrga emas, balki vaqtinchalik ekaniga nega o‘yimiz yetmayapti?..

Duo qilaylik, bu dard-baloni Alloh taolo boshimizdan tezda ko‘tarsin! Bemor bandalariga O‘zi shifoi tom ato etsin!

 

Abduvohid O‘ROZOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

 

 

[1]Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Shavkoniy. Fathul qodir, 3/150. Bayrut: Dorul vafo.

[2] Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Shavkoniy. Fathul qodir, 3/152. Bayrut: Dorul vafo.

[3] Usmonxon Alimov. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari, t: 1, Movarounnahr; Toshkent – 2017 yil.

[4] Abu Homid G‘azzoliy. “Mukoshafatul qulub” asari.

[5] “Guliston” asari muqaddimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   4108   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.