Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Oilada farzand tarbiyasi: SALOMLASHISH ODOBI

01.04.2020   10079   12 min.
Oilada farzand tarbiyasi: SALOMLASHISH ODOBI

«Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchi Zotdir» (Niso, 86).

Salom beruvchi “Assalomu alaykum” desa, “Va alaykumus-salomu va rahmatulloh” deb alik olinadi. Agar u “Assalomu alaykum va rahmatulloh” deb salom bersa, “Va alaykumus-salomu va rahmatullohi va barakotuh” deb alik olinadi. Salom beruvchi “Va barokatuh” qo‘shimchasini ham qo‘shsa, alik oluvchi ham faqat o‘sha qo‘shimchani qo‘shadi. Piyodaga suvoriy (ulovdagi odam), ko‘pchilikka ozchilik, o‘tirgan yoki o‘rnida turganga yurgan kishilar salom berishi joiz. Lekin kichikdan oldin katta yoshdagi odam kamtarlik bilan salom bersa, bu fazilatdir. Salom berish sunnat, alik olish esa vojib.

Salomlashish tufayli kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, samimiyat va bir-biriga nisbatan mehr-muhabbat paydo bo‘ladi. Bir-birimizning yonimizdan indamay o‘tgandan ko‘ra, musulmonning musulmon birodaridagi haqi bo‘lgan salomlashish, alik olishni odat qilsak, nur ustiga nur bo‘ladi.

“As-Salom” Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biridir. Yaxshilab salom bering, yaxshilab alik oling. Ayrimlar “assomalaykum”, “vassomalaykum” deya noto‘g‘ri talaffuz qilishganda, bu go‘zal duoning ma’nosi buziladi.

Salomlashishning yana bir fazilati, uchrashganida kim birinchi bo‘lib salom bersa, uning savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Birinchi bo‘lib salom berishni odat qilish yaxshi.

Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Alloh taolo Odamni (alayhissalom) o‘z suratida (ya’ni, unga O‘zida bor bo‘lgan “tirik, biluvchi, eshituvchi, ko‘ruvchi, so‘zlovchi” sifatlarni ato etib) yaratgach, unga: “Anavi farishtalarning oldiga bor-da, salom ber. So‘ng ularning senga oladigan aligini yaxshilab eshitib ol. Chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaringga yo‘llangan salom bo‘ladi”, dedi. Odam (alayhissalom) borib: “Assalomu alaykum”, dedilar. Farishtalar: “Assalomu alayka va rohmatullohi (Senga ham salom va Allohning rahmati bo‘lsin)” deb alik olishdi, so‘ng “Jannatga kiradigan barcha insonlarga ham Allohning rahmati bo‘lsin”, deb qo‘shib qo‘yishdi.   

Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Bir-biringiz bilan salomlashib yuringlar, shunda o‘rtalaringizda mehr-muhabbat uyg‘onadi”, deya marhamat qilganlar. Mana shu birgina salom so‘zi kishini ezgulikka, mehr-shafqat va poklikka, haqiqiy insoniylikka chorlaydi.

“Assalomu alaykum” – “Sizga tinchlik tilayman”, “Va alaykum assalom” – “Sizga ham tinchlik bo‘lsin” so‘zlarida ulkan ma’no, ezgu tilak mujassam.

Farzandlarimizga chiroyli tarbiya berib, ko‘cha-ko‘yda tanigan va tanimagan kishilarga ham salom berishni o‘rgatsak, albatta, ularning murg‘ak qalbida mehru oqibatning ilk kurtaklari uyg‘onadi. Ulug‘ yoshdagi qariya yonidan salom berib o‘tgan bola bilan salom bermasdan o‘tgan bola barobar emas.

“Sizga tinchlik tilayman” degan insonning qalbida hamisha mehr-oqibat tuyg‘usi ufurib turadi. Aksincha, bezrayib o‘tib ketadigan, kibr-havoga berilganning yuragi tosh kabi qattiqdir.

Darhaqiqat, insonlarning bunday o‘zaro samimiy bo‘lish va bir-biriga yaxshilik tilash odati dunyo xalqlarining barchasiga xosdir. Garchi ularning aytilishi, yozilishi va ijro an’anasi turlicha bo‘lsa-da, ma’no va mohiyat jihatidan ancha o‘xshashdir.

Salom berishning ham bir qancha odoblari bo‘lib, har biri haqida alohida to‘xtalib, muhim jihatlariga e’tibor qaratamiz.

 

Salom berishni o‘rgatish

Alloh taolo mo‘minlarni salom berishga buyuradi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَدۡخُلُواْ بُيُوتًا غَيۡرَ بُيُوتِكُمۡ حَتَّىٰ تَسۡتَأۡنِسُواْ وَتُسَلِّمُواْ عَلَىٰٓ أَهۡلِهَاۚ ذَٰلِكُمۡ خَيۡرٞ لَّكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَذَكَّرُونَ٢٧

«Ey imon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga s­lom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz» (Nur, 27).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ummatlariga odobli bo‘lishda salomning o‘rni o‘ta muhimligini, unda ajru savob ziyoda bo‘lishini ta’kidlaganlar. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr ibn Osdan rivoyat qiladi. «Bir kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam): “Islomning qaysi amali yaxshi?” deb so‘radi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Taom berish va tanigan-tanimagan odamga salom be­rish”, deya marhamat qildilar».

رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « لاَ تَدْخُلُوا الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا وَلاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا أَوَلاَ أَدُلُّكُمْ عَلَى شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهُ تَحَابَبْتُمْ؟ أَفْشُوا السَّلاَمَ بَيْنَكُمْ»

Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysizlar. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lolmaysizlar. Sizlarni o‘zaro muhabbatli bo‘lishga sabab bo‘ladigan amalga dalolat qilaymi? Orangizda salomni keng tarqatinglar”, dedilar.

 

Salom berish tartibi

Salom beruvchi kishi “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh” deb salom berishi afzaldir. Unga javob beruvchi ham ko‘plik shaklida “Va alaykumus-salom va rahmatullohi va barakotuh” demog‘i farzdir, garchi salom beruvchi bir kishi bo‘lsa-da, shunday salom berish lozim.

Abu Dovud va Imom Termiziy Imron ibn Hasindan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi keldi va “Assalomu alaykum”, dedi. Unga (salomiga) javob berildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O‘n”, dedilar. So‘ngra boshqa bir kishi keldi va: “Assalomu alaykum va rahmatullohi”, dedi. Unga (salomiga) javob berildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yigirma”, dedilar. So‘ngra yana boshqa kishi keldi va: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh”, dedi. Unga ham javob berildi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O‘ttiz”, dedilar». Bu yerda salomning savob darajasiga ishora qilingan.

Imom Buxoriy va Imom Muslim hazrat Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi. «Menga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu Jabroil (alayhissalom) senga salom aytdi”, dedilar. Men: “Va alayhis-salomu va rahmatullohi va barokatuh”, dedim».

 

Salom berish odobi

Salom berish odobi ulovdagi kishining piyodaga, yuruvchi o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka, kichikning kattaga salom berishidir.

رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يُسَلِّمُ الرَّاكِبُ عَلَى الْمَاشِي وَالْمَاشِي عَلَى القَاعِدِ وَالْقَلِيلُ عَلَى الْكَثِيرِ

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ulovdagi piyodaga, yuruvchi o‘tirganga va ozchilik ko‘pchilikka salom beradi”, dedilar».

 

Musulmon bo‘lmaganlarga o‘xshab salom berishdan qaytarish

رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ تَشَبَّهَ بِغَيْرِنَا وَلاَ تَشَبَّهُوا بِالْيَهُودِ وَلاَ بِالنَّصَارَى فإِنَّ تَسْلِيمَ الْيَهُودِ الْإِشَارَةُ بِالْأَصَابِعِ وَتَسْلِيمَ النَّصَارَى الْإِشَارَةُ بِالْكَفِّ

Imom Termiziy Amr ibn Shuaybdan, u kishi otasidan, u kishi bobosidan rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zini bizlardan boshqalarga o‘xshatgan (taqlid qilgan) bizdan emas. Yahudiy va nasroniyga o‘zlaringni o‘xshatmanglar. Albatta, yahudiylarning salomi barmoqlari bilan ishora qilishdir va nasroniylarning salomi kaft bilan ishora qilishdir”, dedilar.

 

Birinchi bo‘lib salom berish

Kattalarning oldin salom berishi farzandga salom berish ta’limini singdirishning yaxshi yo‘lidir. Bu borada barchamizning ilk muallim va murabbiyimiz bo‘lgan Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) ergashish lozim. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oldilaridan bolalar o‘tib qolsa, birinchi bo‘lib salom berardilar.

رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ مَرَّ عَلَى الصِّبْيَانِ فَسَلَّمَ عَلَيْهِمْ وَقَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَفْعَلُهُ

Imom Buxoriy va Imom Muslim Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. “U kishi bolalarning yonidan o‘tayotib, ularga salom berdilar va: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday qilardilar”, dedi.

وَفِي رِوَايَةِ أَبِي دَاوُدَ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ عَلَى غِلْمَانٍ يَلْعَبُونَ فَسَلَّمَ عَلَيْهِمْ

Abu Dovud rivoyatida: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘ynab turgan bolalar yonidan o‘ta turib, ularga salom berdilar”, deyilgan.

Insoniyatning eng azizi va sayyidi bo‘lgan Habibur Rahmon biz ummatlariga bu xususda juda go‘zal ta’limni bergan ekanlar. Hatto yosh bolalarga ham oldin salom berganlari barchamizga birdek ulkan ibrat va saboq bo‘lishi lozim.

 

Musulmon bo‘lmaganning salomiga ham
“va alaykum” deb javob berish

رَوَى الشَّيْخَانُ عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : إذَا سَلَّمَ عَلَيْكُمْ أَهْلُ الْكِتَابِ فَقُولُوا: وَعَلَيْكُمْ

Imom Buxoriy va Imom Muslim Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarga ahli kitoblar salom bersalar, “va alaykum” deya javob beringlar», dedilar.

 

Salom berish sunnat va unga alik olish vojib

Ibn Sunniy rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Kim salomga alik olsa – unga va kim alik olmasa, u bizdan emas”, dedilar.

Imom Termiziy Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ الرَّجُلاَنِ يَلْتَقِيَانِ أيُّهُمَا يَبْدَأُ بِالسَّلَامِ؟ قَالَ: أَوْلَاهُمَا بِاللهِ تَعَالَى

“Yo Allohning Rasuli, ikki kishi yo‘liqqanida, qay biri birinchi salom beradi?” deyildi. “Alloh taologa yaqinrog‘i”, dedilar.

Uchrashib qolgan ikki kishining qaysi biri avval salom bersa, Yaratgan Rabbimiz nazdida aziz va darajasi baland sanalar ekan. Shu bois, yoshi kattalarning yoshi kichiklar oldin salom berishini kutib turmasdan salom bermog‘i fazilat hisoblanadi. Chunki bu amali bilan katta gunohlardan bo‘lgan kibrni sindirib, ulkan ajru savoblarga ega bo‘ladi. Dinimiz amallarining tarovatini qarang, bizning nazarimizda oddiy holat bo‘lib ko‘ringan birgina salom-alik bilan necha-necha qalblar bir-biriga mehr ila bog‘lanib, o‘rtadagi ginayu adovatlar unutilib, ezguliklar ko‘payadi. Insonlar o‘rtasidagi, xususan, aka-ukalar, qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilarning o‘zaro hurmatlari, mehru oqibatlari ortadi, elu yurtning yanada obod bo‘lishi va jamiyatning ravnaq topishi yo‘lida hamjihatlik mustahkamlanadi.

 

Salom berish joiz bo‘lmagan o‘rinlar

Salom berish qanchalik fazilat bo‘lmasin, ba’zi holatlar va o‘rinlarda salom berish makruh hisoblanadi. Bu holatlar quyidagilardir:

Tahorat oluvchiga, hammomdagi kishiga, ovqatlanayotgan kishi, jang qilayotgan kishi, Qur’on o‘qiyotgan kishi, Allohni zikr qilayotgan kishi, hajda talbiya aytayotgan kishiga, jumada imom-xatib xutba qilayotganida va boshqa kunlari ham masjidda va’z qilayotganida, fiqhdan mav’iza qilayotganga, dars bilan mashg‘ul kishiga, ilmda tadqiqot qilayotganga, muazzinga, namoz o‘qiyotgan kishiga va shu kabilarga salom berish makruhdir.

Ushbu o‘rinlar va holatlardagi kishilarga salom berish makruh bo‘lsa, bu o‘rinlar va holatlardagi kishiga ham alik olish vojib bo‘lmaydi.

Demak, salom berish odobi ham murabbiylarimiz diqqat bilan e’tibor qaratadigan, farzandlarga chuqur o‘rgatadigan odoblar sirasidandir. “Bola aziz, odobi undan aziz” deganlar, farzandlarimiz odoblari hamisha havas qilsa arzigulik bo‘lsin.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

RUXSAT SO‘RASH:

Avval salom berib, so‘ng izn so‘rash;

Ismini, sifatini yoki kimligini bildirish;

Uch marta izn so‘rash;

Eshikni ohista taqillatish;

Izn so‘rash paytida eshikka ters turish;

Uy egasi “qayt” desa, qaytish.

MAJLIS ODOBI:

Uchrashganida qo‘l berib ko‘rishish;

Uy egasi ko‘rsatgan joyga o‘tirish;

O‘rtada emas, kishilar qatorida o‘tirish;

Keyin kelgan oxiriga o‘tiradi;

Boshqalar huzurida sirlashmaslik;

Kim tashqariga chiqib qaytsa, o‘z o‘rniga o‘tirishi mumkin;

Majlisdan chiqishga izn so‘rash;

Majlisning kafforat duosini o‘qish.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   5130   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV

MAQOLA