Ma’lumki, Qur’oni Karim Alloh taoloning Kalomidir! Uni o‘rganish va o‘rgatishning fazilati haqida hadislar vorid bo‘lgan. Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Xalqimizning Qur’onni o‘rganishida va boshqalarga o‘rgatishida uzoq yillardan beri har birimizga tanish bo‘lgan "Muallimi soniy" kitobi boshlang‘ich qo‘llanma bo‘lib kelgan va kelmoqda.
Yurtimiz farzandi, Misrdagi Al-Azhar universitetida tahsil olgan, o‘n qiroat bo‘yicha ijoza sohibi Shayx Alijon qori hafizahulloh tomonidan mazkur "Muallimi soniy" kitobi asosida video qo‘llanma tayyorlandi. 27 yillik mehnat va izlanishlar mahsuli bo‘lgan ushbu qo‘llanma orqali biz Qur’oni Karim harflarini talaffuz qilish, so‘zlarni bir-biriga ulash, Qur’oni Karimdan qisqa suralarning tilovati kabi ko‘plab ilmlarni, inshaa Alloh, o‘rganib olamiz.
Shu kunlarda yurtimizda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin e’lon qilingan bo‘lib, barchamiz uyda, farzandlarimiz yonidamiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining rasmiy Muslim.uz sayti orqali "Muallimi soniy" video qo‘llanmasining boshidan darslar berib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu darslik farzand tarbiyasi, Qur’on ta’limi bilan mashg‘ul bo‘lgan ota-onalar va barcha Qur’onsevar xalqimizga manfaatli bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati