Yaqinda ziyorat turizmini hamkorlikda rivojlantirish masalasida yurtimizda bo‘lib qaytgan Pokistondagi Naqshbandiya tariqati izdoshlari yetakchisi Muhammad Nakib ur-Rahmon O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Muhammad Naqib hazratlari o‘z so‘zida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy va ma’rifiy qadriyatlarini, ziyorat turizmi salohiyatini yuqori baholash bilan birga, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaqtinchalik qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tishiga ishonch bildirdi.
Pokistonlik ulamo murojaatida jumladan bunday dedi: “O‘zbekistonda Islom dini merosining ulug‘vorligi va bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, ziyorat turizmi salohiyati va yaratilayotgan qulayliklar meni hayrat va hayajonga soldi. O‘zbekiston rahbariyati va xalqini og‘ir damlarda qo‘llab-quvvtlash uchun duodaman”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati